Samarqand davlat universiteti va Germaniya universitetlari hamkorligi
Samarqand davlat universitetiga Germaniya universitetlari vakillaridan iborat delegatsiya tashrif buyurdi. Mehmonlarni Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov kutib oldi.
Fridrix Shiller nomidagi Yena universiteti, Ilmenau texnika universiteti, Nordxauzen, Shmalkalden, Ernst Abbe va Erfurt amaliy fanlar universitetlari rektor va prorektorlari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda tomonlar uchun muhim bo‘lgan mavzular: ilm-fan, ta’lim va innovatsiya sohalarida istiqbolli hamkorlik doirasida talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvini kengaytirish kabi masalalarda kelishuvlar muhokama qilindi.
Germaniyaning qadimiy va yetakchi oliy ta’lim muassasalari hisoblangan mazkur universitetlar bilan professor-o‘qituvchi va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, o‘zaro hamkorlikda ilmiy loyihalarni amalga oshirish, tabiiy fanlar, menejment va muhandislik sohalarida aloqalarni yaxshilash, akademik mobillikni yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ta’lim va yozgi maktab dasturlari ishlab chiqish masalalari kelishib olindi.
– Rivojlanayotgan mamlakatlar oldidagi eng asosiy vazifa ta’limni isloh qilish va aholining intellektual salohiyatini ko‘tarishdir, - deydi SamDU rektori Rustam Xolmurodov, - Barcha bosqichlarda sifatli ta’lim tizimini shakllantirish bugungi O‘zbekston uchun eng dolzarb masala. Albatta, so‘nggi yillarda iqtisodiyot va ijtimoiy-siyosiy sohada katta islohotlar amalga oshirilmoqda. Ammo, barqaror taraqqiyot uchun buning o‘zi kamlik qiladi. Xalqaro hamkorlik bizga, eng avvalo, muhim masalalarda tajriba almashish, mutaxassis va talabalarimiz uchun jahonga chiqish imkonini beradi. O‘ylaymanki, bugungi uchrashuv Samarqand davlat universiteti va Germaniya universitetlari o‘rtasida samarali hamkorlik aloqalariga poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
–Samarqand davlat universiteti bilan hamkorlik o‘rnatishdan g‘oyatda mamnunmiz, - Nordxauzen universiteti rektori Yorg Vagner, - Nordxauzen universiteti energetika, muhandislik, axborot texnologiyalari, resurslarni qayta ishlash kabi sohalarda hamkorlik uchun tayyor. Bugun mazkur masalada malakali mutaxassislar va ilmiy tadqiqotchilar uchun manfaatli almashinuv dasturlari joriy qilish bo‘yicha kelishib oldik. Endigi vazifa amaliy dastur va rejalar ishlab chiqish bo‘ladi.
Uchrashuvdan so‘ng delegatsiya a’zolari Samarqand davlat universitetining arxeologiya va zoologiya muzeylari bilan tanishdi.
Iroda BEKMURODOVA,
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmat xodimi.
Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.