“Tarixni o‘rganayotgan har bir tadqiqotchi Samarqandga albatta kelishi kerak...”
Samarqand davlat universiteti professori Youn Myung Chul bilan suhbat
Janubiy Koreyaning Dongguk universiteti professori, tarixchi olim va shoir, Samarqand davlat universiteti professori Youn Myung Chul 40 yillik tadqiqot va akademik izlanishlari davomida 160 dan ortiq maqola, 60 kitob va 10 she’riy to‘plamlar chop etgan. 2022-2023-o‘quv yilidan SamDU tarix fakulteti arxeologiya kafedrasida faoliyat yuritmoqda.
– Samarqand davlat universitetiga kelishingiz qanday bo‘lgan? Nega aynan SamDU ni tanlagansiz?
– Dastavval o‘n besh yillar oldin menda O‘rta Osiyo tarixiga qiziqish paydo bo‘lgan. Men bu hududlarning eng qadimiy markazi sifatida Samarqand shahrini bilardim. Samarqand diyoriga kelishimga eng asosiy sabab shu. Samarqand davlat universiteti mamlakatingizni yetakchi universitetlaridan biri hisoblanadi. Bu yerga kelishimning uch sababiga to‘xtalmoqchiman:
Birinchidan, tariximiz va madaniyatimizga aloqador jihatlarni o‘rganish. Koreys va o‘zbek xalqlari bundan taxminan ikki ming yil avval ham o‘zaro yaqin aloqada bo‘lib kelgan. Milodiy oltinchi asrlar atrofida so‘g‘d davlatlari va Koguryo o‘rtasida savdo-sotiq aloqalari mavjud bo‘lgan. Ikki xalq o‘rtasidagi bu kabi qadimiy aloqalar ularning milliy va amaliy san’at namunalarida, xalq og‘zaki ijodida yaqqol aks etgan. Bu to‘g‘risida Xitoy manbalarida ham ma’lumotlar mavjud. Tarixchi sifatida bu davrlar tarixini o‘rganishda Samarqand kabi ko‘hna shaharga kelmaslikning imkoni yo‘q. Nazarimda, tarixni o‘rganayotgan har bir tarixchi Samarqandga, albatta, kelishi kerak deb o‘ylayman.
Ikkinchidan, biz Buyuk Ipak yo‘li o‘tgan hududlar tarixini faqatgina Xitoy manbalari orqali bilamiz. Tarixchi olim sifatida O‘rta Osiyo o‘tmishi va madaniyatining asl tarixini o‘rganishim kerak edi. Shuning uchun bu hududlar tarixi haqidagi ma’lumotlarni o‘rganishda faqat Xitoy manbalari bilan cheklanib qolmasdan balki Markaziy Osiyo xalqlari manbalarini ham chuqur o‘rganish maqsadim bor.
Uchinchidan, Koreya va O‘zbekiston o‘rtasida tarixiy davrlardan boshlangan hamkorlik munosabatlari bugungi kunda ham davom etib kelmoqda. Bu ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik aloqalari kelgusida ham davom etishi kerak. Buning uchun ayni vaqtdan boshlab hozirlik ko‘rib borish lozim.
Ayni paytda Samarqand davlat universiteti arxeologiya kafedrasida talabalariga dars berish bilan bir qatorda, SamDU professor-o‘qituvchilari va Dongguk universiteti olimlari o‘rtasida ilmiy aloqalarni yaxshilashga ham ko‘mak berib kelmoqdaman.
Fevral oyida Amerika Qo‘shma Shtatlarining Yel universitetida Samarqand davlat universiteti nomidan ma’ruza o‘qidim. O‘sha yeragi ma’ruzalardan birida bir olim nima uchun aynan O‘zbekistonni tanlaganim bilan qiziqdi. U yerda yashashda hech qanday noqulayliklar yo‘qmi, deb so‘radi. Bu savolga men: “O‘zbekiston yashash uchun eng yaxshi o‘lkalardan biri. O‘zbek xalqi juda olijanob, mehmondo‘st va bag‘rikeng xalq. O‘zbekona oilalar chinakam mehr-sadoqat va oilaga hurmatning eng go‘zal namunasi bo‘la oladi. Men Samarqandga pul topish uchun bormaganman. Men u yerga insoniyat sivilizasiyasi uchun yangi model namunasi axtarib, bu bo‘yicha mavjud imkoniyatlarni batafsil tekshirish uchun borganman” deb javob berdim.
– Nega aynan tarix sohasini tanlagansiz?
– Har bir inson dunyoda yashab o‘tish jarayonida tarix fani muhim ahamiyat kasb etadi deb hisoblayman. Tarix faniga yoshligimdan qiziqqanman. Mutaxassisligim Sharqiy Osiyo tarixi bo‘yicha bo‘lsa ham, Yevrosiyo tarixiga qiziqishim kattaligi bois, bu mavzu bo‘yicha ham izlanishlar olib boryapman. Shu maqsad yo‘lida jahon kezib, ko‘hna tariximizni o‘rganmoqchiman.
–Dongguk universiteti va SamDU o‘qitish tizimida qanday farqlar bor?
–Koreya va O‘zbekiston ta’lim tizimi o‘rtasida unchalik katta tafovut yo‘q. Ammo, Dongguk va Samarqand davlat universitetlari o‘qish jarayonlarida ma’lum ma’noda farqlar mavjud ekan. SamDU talabalari koreys talabalariga qaraganda tirishqoq va intiluvchan. Shu jihatdan ham O‘zbekiston kelajagini istiqbolli deb bilaman.
– Samarqand davlat universiteti bugun dunyoning Top-1000 talik universitetlari qatoriga kirish uchun harakat qilmoqda. Sizningcha bunda ko‘proq nimalarga ahamiyat berish kerak?
– Eng birinchi o‘rinda professor-o‘qituvchilarning ilmiy salohiyatini oshirish kerak. Buning uchun xalqaro tajribalardan andoza olish, dunyoning nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik o‘rnatish muhim ahamiyat kasb etadi. Talabalarni ilmiy faoliyatga qiziqtirish, xorijdan o‘qituvchi va talabalarni ko‘proq jalb qilish, yosh tadqiqotchi va talabalarni stajirovkalarga yuborish kerak.
–Izlanishlarini xorijda davom ettirmoqchi bo‘lgan yosh tadqiqotchilarga qanday maslahat va tavsiyalar bergan bo‘lardingiz?
–Koreya universitetlarida o‘qishni va ilmiy tadqiqotlarini davom ettirmoqchi bo‘lgan talabalar uchun turli dastur va loyihalar nihoyatda ko‘p. Albatta, munosib nomzod bo‘lishsa, to‘liq qoplanadigan grantlar ham ajratiladi. Talabgorlardan talab qilinadigan birinchi narsa til bilish ko‘nikmasi bo‘lsa, undan keyin, universitetdagi baholar va ilmiy faoliyatiga e’tibor qaratiladi. Agar talaba koreys tilini bilsa imtiyozlar yanada oshadi.
–Kelgusidagi rejalaringiz...
–Tarixchi sifatida ko‘proq Koreya va unga aloqador tarixni o‘rganish, dunyoga tanitish va yuqorida aytganimday, insoniyat sivilizasiyasi uchun yangi model namunasini topish. Shuni aytishim mumkinki, o‘zbek xalqining mehmondo‘stligi, insoniyligi, mehr-saxovati meni o‘ziga maftun etdi. Bu yerda ko‘rganlarimni, o‘rganganlarimni bir nechta she’rlarimda ham aks ettirganman. Samarqand ko‘hna tarixi, samimiy odamlari, go‘zal ko‘rinishi bilan yuragimdan chuqur joy oldi...
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi
Iroda Bekmurodova suhbatlashdi.