Qirg’iziston talabalari Samarqand davlat universitetida tahsil olishdi…
O’sh davlat universiteti talabalari O'razbu Ergashova, Aygerim Jo'rayeva va Meerin Minzamidinovalar talabalar almashinuvi dasturi doirasida Samarqand davlat universitetida tahsil olishdi. Bir oylik o’quv kursini yakunlagan ushbu talabalarga Samarqand davlat universiteti xalqaro hamkorlik bo’yicha prorektor, professor Akmal Axatov sertifikatlarni topshirdi.
O'razbu Ergashova, O’sh davlat universiteti talabasi:
- Bir oy davomida Samarqand davlat universiteti intellektual tizimlar va kompyuter texnologiyalari fakultetida tahsil oldik. SamDU talabalariga havas qildim, universitet menga juda yoqdi. Yaxshi ilmiy muhit shakllangan. Malakali professor-o’qituvchilar dars bermoqda. Zamonaviy o’quv binolarida tahsil olishmoqda. O’zbekistonning eng ilg’or universitetida malaka oshirganligimdan xursandman. Ayniqsa, zamonaviy IT markaziga egaligi meni quvontirdi. Turli xil loyiha va grantlar olib borish uchun barcha imkoniyatlar mavjud.
Aygerim Jo'rayeva, O’sh davlat universiteti talabasi:
- Samarqand davlat universitetiga kelganimga bir oy bo’ldi. Shu vaqt mobaynida “O’zbekiston-Osiyo” talabalar forumi, Osiyo universitetlarining rektorlar Kengashi va xalqaro konferensiyalarga guvoh bo’ldim. O’ndan ortiq davlat vakillari ishtirok etgan talabalar forumida O’sh davlat universiteti talabalari ham ishtirok etdi. Men bundan faxrlandim. Universitet rahbariyati bizning yashashimiz uchun xorijiy talabalar turar joyidan yotoqxona ajratgan. Bu yerda Germaniya, Hindiston, Rossiya, Qozog’iston, Tojikiston, Koreya, Xitoy, Yaponiyadan tashrif buyurgan professor-o’qituvchi, tadqiqotchi va talabalar bilan tanishib, o’zaro fikr almashdim. Samarqand davlat universitetida o’qiganligimdan xursandman.
Meerin Minzamidinova, O’sh davlat universiteti talabasi:
- Samarqand menga juda yoqdi. Xalqlarimizning tili, urf-odatlari, madaniyatlari bir-biriga yaqinroq. O’zimni shahrimda yurgandek his qildim. Bizga 21-sentabr kuni Samarqand davlat universiteti kunini nishonlash nasib qildi. Bayram a’lo kayfiyatda o’tdi. Samarqand davlat universitetidagi kampuslar faoliyati bilan tanishdim. Ayniqsa, zoologiya, arxeologiya hamda geologiya va paleontologiya muzeyi menda katta taassurot qoldirdi.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.