O’n ikki nafar xitoylik talaba Samarqand davlat universiteti bakalavriat bosqichida tahsil oladi…
Samarqand davlat universiteti Inson resurslari va mahalla taraqqiyotini boshqarish institutining iqtisodiyot ta’lim yo’nalishiga 12 nafar xitoylik talabalikka qabul qilindi.
Xitoylik talabalar bilan SamDU xalqaro hamkorlik bo’yicha prorektor Akmal Axatov va institut direktori, dotsent Shohrux Jo’raqulovlar uchrashib, universitet haqida batafsil ma’lumot berdi.
12 nafar talaba alohida guruhda SamDU va xitoylik professor-o’qituvchilar tomonidan o’qitiladi. O’qishini muvaffaqiyatli tamomlagan talabalar Samarqand davlat universitetining diplomiga ega bo’lishadi.
Samarqand davlat universitetiga almashinuv dasturi doirasida ma’lum muddatga bir qator chet ellik talabalar kelishadi, - deydi Akmal Axatov. – Bu talabalarni shartnoma asosida qabul qildik. Samarqand davlat universitetida xorijlik yigit-qizlarning o’qishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Chet tilini biladigan mahalliy va xorijiy professor-o’qituvchilarni jalb qilganmiz. Ushbu talabalarni xalqaro dastur asosida o’qitamiz. Bugun xitoylik ota-onalar ham tashrif buyurishgan. SamDU dagi muhit bilan tanishib, yaratilgan sharoitlardan mamnunligini bildirishdi.
Samarqand davlat universiteti talabasi bo’ldim. Bu yerdagi sharoitlarlar bilan tanishganimizda xitoy tili va madaniyati markazi hamda Konfutsiy maydoning borligi meni e’tiborimni tortdi, - deydi xitoylik talaba Hou Ruifeng. – Biz o’qiydigan binoda o’zbek va xitoy madaniyatini aks ettiruvchi surat va ramziy belgilarni ko’rib quvondim. Darslarimiz ingliz tilida olib boriladi. Eng asosiysi, o’qishimiz va yashashimiz uchun barcha qulayliklar mavjud.
Samarqandga ilk bor kelishim, shahar menga juda yoqdi. Samarqand davlat universitetiga farzandlarimizni kelib joylashtirdik, - deydi talabaning onasi Yue Haiou. – Xorijiy talabalar turar joyidan yotoqxona ajratildi. Sharoitlari juda yaxshi. Bu yerda 10 dan ortiq xorijlik talabalarning tahsil olishi meni xursand qildi. Jumladan, xitoylik talaba va tadqiqotchilar ham bor. O’qituvchilar Samarqand davlat universiteti faoliyati bilan tanishtirdi. Talabalar chiroyli va zamonaviy binolarda o’qishar ekan.
Behruz Shamsiddinov,
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi,
Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.