Samarqandda Xitoyning g’o’za navlari yetishtiriladi…
Samarqand davlat universitetiga Xitoyning Shinjon qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasi vitse-prezidenti Alifu Aershi boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.
Martabali mehmon bilan Samarqand davlat universiteti rektori, O’zbekiston Respublikasi fan arbobi Rustam Xolmurodov uchrashdi.
Muloqotda Samarqand davlat universiteti tashkil etiladigan O‘zbekiston-Xitoy qishloq xo‘jaligi ekinlari seleksiya va urug‘chiligi markazining asosiy maqsad va vazifalari belgilab olindi.
Bunda birinchi bosqichda Xitoyda yaratilgan g‘o‘za navlarini Samarqand sharoitida o‘sib rivojlanishi va hosildorlik ko‘rsatkichlarini sinab ko‘rish hamda g‘o‘za yetishtirishda Xitoyning ilg‘or agrotexnikasini qo‘llashga kelishildi.
Keyingi bosqichlarda g‘o‘za va g‘allaning qurg‘oqchilik, kasallik va sho‘rlanishga chidamli, yuqori hosildor navlarini zamonaviy gen muhandisligi usullari yordamida yaratish ishlarini boshlash rejalashtirildi. Tomonlarning moliyaviy ko‘magi va hamkorlikda olinadigan xalqaro grantlar hisobiga zamonaviy gen muhandisligi laboratoriyasini tashkil etishga kelishildi.Xitoy g‘o‘za navlarini Samarqand sharoitida sinash ishlari 2025-yilning mart-aprel oylarida boshlanadigan bo’ldi.
Ma’lumot uchun, Samarqand davlat universiteti olimlari 2024-yilning iyun va sentabr oylarida Xitoyning Shinjon qishloq xo‘jaligi fanlar akademiyasi va Shimoli-g‘arbiy qishloq xo‘jaligi va o‘rmonchilik universitetiga 3 marotaba ilmiy safar uyushtirgan edi. Mazkur ta’lim muassasalari olimlari bilan g‘o‘za va bug‘doyning hosildorligini oshirish hamda ekstremal sharoitlarga moslashgan yangi navlarini yaratish bo‘yicha hamkorlik shartnomalari imzolangan edi.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.