Samarqand davlat universiteti Turkologiya ilmiy-tadqiqot instituti ochilish marosimi ishtirokchilariga!
Assalomu alaykum!
Aziz do‘stlar!
Muhtaram Turkiyalik hamkorlarimiz!
Qadrli hamkasblar!
Bugun biz tarixiy voqeaga guvoh bo‘lib turibmiz. Turkiyalik qardoshlarimiz bilan birgalikda O‘zbekistonda birinchi bo‘lib, Samarqand davlat universitetida Turkologiya ilmiy-tadqiqot institutiga asos solinmoqda.
Samarqand davlat universitetining Turkologiya ilmiy-tadqiqot instituti O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an tiklagan azaliy qardoshligimizning ramzi bo‘lib qolishiga ishonaman.
Samarqand bugun, nafaqat ilm-fan markazi, balki turk dunyosining ham poytaxtiga aylanmoqda. Samarqand davlat universitetida turkologiya fanining o‘ziga xos maktabi mavjudligini ham alohida e’tirof etish menga mamnuniyat bag‘ishlaydi.
Men ishonaman, bugun ochilayotgan institut zamonaviy turkologiya fanini tadqiq etadigan muhim dargohga aylanadi.
2016 yildan boshlab, Samarqand davlat universiteti Turkiyaning 20 ga yaqin nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan aloqa o‘rnatib, amaliy ishlar olib bormoqda. Bugun SamDU da Turkiyalik doktorantlarning ilmiy izlanishlar olib borayotgani, Turkiyalik professor-o‘qituvchilar filologiya fakulteti talabalariga dars o‘tayotgani ham fikrimiz dalili bo‘la oladi.
Turkologiya ilmiy-tadqiqot institutini ochilishini muqaddas Ramazon oyiga to‘g‘ri kelganida ham hikmat bor, albatta.
Turkologiya ilmiy-tadqiqot institutining ochilishi o‘zbek tilshunosligining Samarqand maktabi asoschilari, O‘zbekiston Respublikasi fan arboblari Ulug‘ Tursunov, Rahmatulla Qo‘ng‘urov, professorlar Hamdam Berdiyorov, Xudoyberdi Doniyorov, Bozorboy O‘rinboev, Abdujabbor Muxtorov, Vahob Egamov, Nazar Rajabov, Nosir Abdurahmonov, Bekmurod Yo‘ldoshevlarning ruhini shod etishiga ishonaman.
Bugun Samarqand turkologiya maktabiga filologiya fanlari doktori, professor, Turk tilshunoslik jamiyati muxbir a’zosi Jo‘liboy Eltazarov rahbarlik qilmoqda.
Men Turkiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekar, Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov, Istanbul hamda Marmara universitetlari rektorlari, TIKA agentligi rahbariyatiga o‘z minnatdorligimni bildiraman.
Samarqand davlat universitetining Turkologiya ilmiy-tadqiqot instituti eshiklari mazkur soha bilan shug‘ullanuvchi barcha do‘stlarimiz, hamkorlarimiz uchun ochiq.
Men yangidan tashkil etilgan institut faoliyatiga muvaffaqiyatlar tilayman!
Rustam Xolmurodov,
Sharof Rashidov nomidagi
Samarqand davlat universiteti rektori,
professor, Oliy Majlis Senati a’zosi.