Kimyoning oxiri bormi?

Samarqand davlat universiteti fizikaviy va kolloid kimyo kafedrasi dotsenti, kimyo fanlari nomzodi Rahima Toshmatova uzoq yillardan buyon talabalarga fizikaviy va kolloid kimyo fanidan dars berib keladi. Respublika va xalqaro nashrlarda 200 dan ziyod maqolalari nashr etilgan. Kimyo texnologiya yo‘nalishi talabalari uchun “Kimyoviy texnologiyadan laboratoriya ishlari”, “ChemCad dasturida kimyoviy-texnologik jarayonlar tahlili”, “Analitik kimyo”, “Kimyodan masala va mashqlar” kabi darslik va o‘quv qo‘llanmalar muallifi.
– Ko‘pchilikka kimyo fani o‘ta murakkab bo‘lib tuyiladi, - deydi Rahima Toshmatova. - Ammo kimyo juda qiziqarli fan. Astoydil o‘rganishga bel bog‘lagan har bir odamga hali ochilmagan bir qirrasini namoyon qilaveradi. Shu kunga qadar ilmiy-pedagogik faoliyatim davomida fizikaviy va kolloid kimyoning sir-asrorlarini talabalarga o‘rgatib kelayotgan bo‘lsam ham, hali-hanuz kimyo ilmining tubiga yetganim yo‘q. Bu ilm nuri hech qachon tugamaydi, ziyo taratishda davom etaveradi.
Samarqand davlat universiteti kimyo fakultetida 20 dan ortiq olima faoliyat yuritadi. Ularning har biri kimyo ilmining hali ochilmagan, o‘rganilmagan qirralarini o‘rganishga astoydil bel bog‘lab, ilmiy tadqiqot olib borishmoqda. Kimyo ilmi nihoyatda chegarasiz sir-sinoatlarga boy. Universitetdagi har bir kimyoviy tadqiqot bu sir-sinoatlarni yechishda o‘ziga xos qadam bo‘lishi shubhasiz.
Iroda Bekmurodova
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat Akramov olgan suratlar.