Samarqand davlat universiteti noorganik kimyo va materialshunoslik kafedrasi assistenti Gulnoza Abulqosimova kimyo fanida virtual laboratoriya mashg‘ulotlarini tashkil etish bo‘yicha ilmiy tadqiqot olib boradi. Mazkur yo‘nalishda Gulnoza Abulqosimovaning 10 dan ortiq maqola va tezislari respublika va xalqaro jurnallarda nashr etilgan. Shuningdek, u “Noorganik kimyodan laboratoriya mashg‘ulotlari”, “Kimyoning yaratilish tarixi” kabi o‘quv va uslubiy qo‘llanmalar muallifi.

    – Ta’limda jarayonida laboratoriya mashg‘ulotlarini virtuallashtirish zarurati kundan-kunga muhim masalaga aylanmoqda, - deydi Gulnoza Abulqosimova. -  Sodda tarzda aytganda, virtual laboratoriya hech qanday uskunalarsiz tajriba o‘tkazishdir.  Bu jarayon masofadan turib, maxsus pult orqali boshqariladi. Barcha ishlar kompyuter orqali nazorat qilinadi. Virtual laboratoriyaning afzalligi shundaki, laboratoriya uchun qimmatbaho uskunalar va reaktivlar sotib olishga hojat bo‘lmaydi. Qolaversa, ko‘plab laboratoriya xonalari yetarlicha jihozlanmagan. Eski uskunalardan foydalanish o‘quvchilar uchun xavfli hisoblanadi. Bundan tashqari, kimyoviy laboratoriyalarda uskunalardan tashqari sarflanadigan kimyoviy elementlar va reaktiv moddalar ham zarur bo‘ladi. Ularning narxi  ancha qimmat. Jarayon virtuallashtirilganda bunday moddalarga ehtiyoj bo‘lmaydi. Shu jihatdan virtual laboratoriya mashg‘ulotlari kam xarajat sarflab, yuqori aniqlikdagi natijalar olish imkonini beradi. 

    Kimyoviy tajribalarni virtuallashtirish orqali laboratoriya sharoitlari mavjud bo‘lmagan maktablarda ham laboratoriya mashg‘ulotlarini tashkil etish imkoni yaratiladi. Shu bilan birga virtual laboratoriyalar orqali real sharoitlarda amalga oshirish qiyin bo‘lgan jarayonlarni zamonaviy kompyuter texnologiyalari orqali kuzatish mumkin bo‘ladi. Shuningdek, har bir o‘tkazilgan jarayon va reaksiyani kompyuter xotirasiga saqlab qo‘yish ham mumkin. Eng asosiysi, bunday mashg‘ulotlar masofaviy ta’lim jarayonida juda qo‘l keladi.

 

Iroda Bekmurodova

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi.

Shavkat Akramov olgan suratlar.