Olimlarning e’tirof etishicha, tabiatda barcha narsalar shunchaki yaratilmaydi va ular bemavrid, izsiz holda bo‘lmasdan, balki inson va boshqa barcha tirik jonzotlar bilan chambarchas bog‘langandir. Shu nuqtai nazaridan razm soladigan bo‘lsak, tabiat, uning nodir va mo‘jizakor hosilalari bo‘lmish flora, uning faunasi, inson, jamiyatning faoliyati bilan uyg‘unlashib, singib ketganki, ularni bir-birisiz tasavvur etish qiyin, albatta. Garchand shunday bo‘lsa-da, aynan insoniyatning tabiatga bo‘lgan bemisl tazyiqi oqibatida joylarda ekologik vaziyat izdan chiqib, atrof-muhitning ifloslanishi yanada jiddiy tus olmoqda.

    Yaqinda atrof-muhit muhofazasi kuni munosabati bilan tabiatning noyob go‘shasi bo‘lmish Zarafshon milliy tabiat bog‘ida Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti ekologiya va hayot faoliyati xavfsizligi kafedrasi professor-o‘qituvchilari tashabbusi bilan viloyat tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi, tabiat milliy bog‘i rahbar – mutaxassislari, ommaviy axborot vositalari, magistr va talabalar ishtirokida tadbir bo‘lib o‘tdi.

    SamDU ekologiya kafedrasi mudiri, professor Ergash Qobilov 5-iyun –Butunjahon atrof-muhit muhofazasi kuni munosabati bilan uning mazmun-mohiyati, mintaqadagi ekologik vaziyatni sog‘lomlashtirish, bu boradagi izlanishlar, amalga oshirilayotgan chora – tadbirlar haqida fikr yuritdi.

    - Ona tabiatimizni asrash, yo‘qolib borayotgan noyob turli o‘simlik va hayvonot olamini ko‘paytirish oldimizdagi eng muhim va dolzarb masalalardan biri, - deydi biologiya fanlari doktori, professor Zubaydullo Izzatullayev. – Bugungi tadbirda har bir talaba, magistr va ishtirokchilar bu narsani o‘z tengdoshlari, kursdoshlari va do‘stlari orasida targ‘ib qilib, uni asrashna hissa qo‘shishi bizning oldimizga qo‘ygan eng katta maqsadimiz.

    Ma’lumot uchun, Zarafshon milliy tabiat bog‘i o‘tgan asrning 70 yillarida tashkil etilgan bo‘lib, jami 2426 gektarni egallagan. Unda “Qizil kitob” ga kiritilgan hayvonot va o‘simlik dunyosi, jumladan hozirda 10 dan ortiq xongulidan tashqari  (tulki, chiya bo‘ri, jayra, bo‘rsiq, tipratikan, qum sichqoni, sudralib yuruvchilar va boshq.) 30 turdan iborat sut emizuvchilar, 200 turga yaqin qushlar, 300 ga yaqin o‘simlik (chakanda, majnuntol, yulg‘un, qizil do‘lana va boshq.) turlari, shulardan 59 turdagi dorivor va 20 dan ortiq texnik o‘simliklar hamda manzarali daraxtlar o‘stirilmoqda.

    Darvoqe, milliy tabiat bog‘iga tashrif etuvchilar soni tobora ortib bormoqda va muhimi - ilmiy izlanishlarni yanada chuqurlashtirish maqsadida xorij davlatlari  va kompaniyalar bilan o‘zaro memorandum hamda shartnomalar ham imzolanganligini alohida qayd etish o‘rinlidir.

    E’tiborga molik tomoni, ushbu go‘sha tashqi va ichki ekoturizmni  rivojlantirish maqsadida yanada obodonlashtirilib, tadbirkorlikka ham keng imkoniyatlar eshigini ochmoqda.

 

Xidirali Botirov,

Samarqand davlat universiteti o‘qituvchisi;

Dildora Olimova,

SamDU doktoranti.

Shavkat Akramov olgan suratlar.