Samarqand davlat universiteti umumiy fizika kafedrasi dotsenti Maysara Salohiddinova “Magnit hodisalari fizikasi” yo‘nalishida ilmiy tadqiqot olib boradi. Olima magnit hodisalarining fizik xossalarini o‘rganish bo‘yicha 5 ga yaqin o‘quv va uslubiy qo‘llanmalar muallifi. Mazkur mavzuda 2 ta grant loyihasiga rahbarlik qilgan. 150 dan ortiq maqolalari respublika va xalqaro nashrlarda chop etilgan. Shundan 15 dan ortig‘i Scopus bazasida indekslanadigan nashrlardir. Qariyb 40 yildan beri talabalarga “Elektrmagnitizm”, “Magnitizm va magnit materiallari”, “Fizika o‘qitish uslubiyati” kabi fanlardan dars berib keladi. Angliya, Fransiya, Koreya kabi davlatlarda o‘tkazilgan xalqaro konferensiyalarda ishtirok etgan.

    –  Har bir jism maʼlum miqdorda magnit xususiyatiga ega, - deydi Maysara Salohiddinova. - Shuning uchun jismlarning magnit xususiyatlarini o‘rganishda elektrmagnitizmni boshqa fizikaga oid fanlar bilan integratsiyalashtirish asosida yondashish muhim ahamiyat kasb etadi. Aslini olganda, Yer, Quyosh va yulduzlar ham magnit xususiyatiga ega. Magnit maydon kosmik fazoda ham mavjudligini kosmik zaryadli zarralarning harakatida koʻrish mumkin. Magnit hodisalarining kosmik fazodan mikrozarralargacha taalluqli boʻlishi ularning fan va mexnikadagi ahamiyatining nihoyatda kattaligini bildiradi. Jism magnitizmi uning tarkibidagi mikrozarralarning oʻzaro taʼsir xarakteriga bogʻliq. Magnitizm hodisasi elektronikada, asbobsozlikda, elektronhisoblash mashinalari, dengiz va kosmik kemalarni kuzatish qurilmalarida, foydali qazilmalarni geofizik usullar bilan qidirish ishlarida, avtomatika, kinotexnika, telemexanika va boshqa sohalarda keng qoʻllaniladi.

 

Iroda Bekmurodova

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi.

Shavkat Akramov olgan suratlar.