Shirach o‘simligining bioekologik xususiyatlari

Samarqand davlat universiteti biologiya fakulteti magistri Zulxumor Bekqulova “Samarqand viloyatida tarqalgan shirach o‘simligining bioekologik xususiyatlari” mavzusida ilmiy tadqiqot olib boradi. Mazkur mavzuga oid 10 ga yaqin maqolalari respublika va xalqaro nashrlarda chop etilgan. Ilmiy rahbari botanika kafedrasi dotsenti Murtazo Hasanov.
– Samarqand viloyati tabiatining bebaho go‘zal nabobotlari orasida shirach alohida o‘rinni egallaydi, - deydi Zulxumor Bekqulova. - Shirach xushmanzara, dorivor, bahorda ko‘kat sifatida iste'mol qilinadigan qimmatli yemish olinadigan yovvoyi o‘simlikdir. Shu xislatlari sabab bo‘lsa kerak uning tabiatdagi zaxiralari juda tez kamayib bormoqda. Mavjud 21 turdan 12 tasi O‘zbekiston “Qizil kitob”iga kiritilgan. Shirach yer shari florasi ayniqsa, Markaziy Osiyoning o‘ziga xos qimmatli o‘simliklar turkumidir. Uning tasmasimon tojbarglari, jozibador sulton (shingil) tarzidagi to‘pguli, yulduzsimon shaklli va sariq sutsimon suyuqlikka boy ildiz sistemasi kishining e’tiborini jalb etadi. Shirachlarning guli asalshira (nektar) ga boy, qurigan poyalari asalari qutilari uchun ishlatiladi, yosh barglari va ildizlari qaynatib yeyiladi, barglari С darmondorisiga boy. Ildizlaridan qadim zamonlardanoq yelim olinadi va shu sababdan shirach deb atalgan bo‘lishi mumkin. Barcha qismlaridan ipak, jun, paxtadan qilingan matolarni sariq rangga bo‘yaydigan bo‘yoq olinadi.
So‘nggi yillarda shirach o‘simligini o‘rganish va ularda foydalanishga katta e’tibor berilmoqda. Chunki shirach ildizida “eremuran” deb nomlangan polisaxarid topilgan va u tibbiyotda ko‘plab dorilarning organizmga singishini tezlashtiradigan emulgator sifatida ishlatiladi.
Shirach fanda manzarali, ozuqabop, uchuvchan va biologik faol moddalar saqlovchi o‘simlik sifatida o‘rganilgan. Yozning o‘rtalarigacha gullab turishi va chiroyliligi bilan kishilarning diqqatini tez tortadi. Shu sababdan yozda tog‘ va adirlarda yozgi oromgohlarda dam oluvchilar, ekskursiyaga boruvchilar va hatto oddiy yo‘lovchilar quchoq-quchoq qilib shirach terib yurganiga ko‘p guvoh bo‘lamiz. Buning natijasida o‘simlikning urug‘dan ko‘payish ehtimoli juda pasayib ketadi.
Iroda Bekmurodova
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat Akramov olgan suratlar.