Sharqona oila odobini shakllantirishda buyuk mutafakkir olimlar qarashlari

O‘zbek xalqida azal-azaldan oila, ota-ona va farzand, er va xotin munosabatlari o‘zgach qadrlanib kelgan. Bu borada buyuk mutafakkirlarimiz ham o‘z asarlarida qimmatli fikrlarini bildirib o‘tganlar. Jumladan, Abu Ali ibn Sinoning oilaviy munosabatlar haqida aytgan fikrlari bag‘oyat qimmatlidir. Olim “Tadbir-al-manozil” asarida oilada er va xotinning yaxshi sifatlarini sanab o‘tadi. Ularning shaxsiy namunalari bola uchun o‘rnak bo‘lib uning kelajak taqdirini belgilashda muhimligini alohida ta’kidlaydi. Ibn Sinoning fikricha, tarbiyachi faqat so‘zdagina nasihatgo‘ylik bilan tarbiyalamasdan, balki amalda ham bolalarga o‘z xulqi bilan ta’sir qilishi kerak. U ota-onaning bolalar bilan olib boriladigan suhbatining sharti to‘g‘risida mulohaza yuritib: “Siz gaplashish, fikr olishda xayrixohlik talablariga rioya qilgan holda ish ko’rsangiz, yo’ldan adashmaysiz va to’siqlarga duch kelmaysiz”. “Bolada yaxshi xarakter va xulq-atvor tarbiyalash uchun uning shaxsini hurmat qilish kerak, uni sevish va e’zozlash lozim. Uning oldida yomon gapirmaslik, ortiqcha harakatlar qilmaslik kerak, lekin tarbiyada talabchanlik bo‘lishi lozim”, degan g‘oyani ilgari suradi.
Alisher Navoiy “Mahbub ul-qulub” asarida ayolning oila turmushdagi hissasiga va shaxsiy namunasiga quyidagicha to’xtaladi: “Yaxshi rafiqa – oilaning davlati va baxti. Uyning ozodaligi undan, uy egasining xotirjam va osoyishtaligi undan. Husnli bo‘lsa – ko‘ngul yozig‘i, xushmuomala bo‘lsa – jon ozig‘idir. Oqila bo‘lsa, ro‘zg‘orda tartib-intizom bo‘ladi, asbob-anjomlar pokiza va saranjom turadi.
Yuqorida bildirilgan fikrlardan ma’lumki, ayol oila turmushida erning haqiqiy sodiq yo‘ldoshi, bola tarbiyasida yaxshi va yomon sifatlarining tarbiyaviy ta’siri beqiyosligi o‘ziga xos tarzda ifodalangan. Ayniqsa qizlar tarbiyasidan onalar yaxshi sifatlarining namunasi va yomon sifatlarning natijalari oilaga musibat keltirishi pedagogik asoslangan. Abdulla Avloniy “Turkiy guliston yoxud axloq” asarida “...Tarbiyani kimlar qilur? Qayda qilinur? Degan savol keladur. Bu savolga, birinchi uy tarbiyasi. Bu ona vazifasidir. Bir kishi deyurki, qaysi onalarni aytursuz, bilimsiz boshi paqmoq, qo‘li to‘qmoq onalarnimi? O‘zlarida yo‘q tarbiyani qaydan olib berurlar” der. Mana bu so‘z kishini yuragini ezar, bag‘rini yondurar. Otasiga nima dersiz, desak, “Qaysi ota? To‘ychi, uloqchi, bazmchi, do‘mbirachi, karnaychi, surnaychi, ilm qadrini bilmagan, ilm uchun bir pulni ko‘zlari qiymagan, zamondan xabarsiz otalarni aytursizmi? Avval o‘zlarini o‘qitmoq, tarbiya qilmoq lozimdur”, - der. Mana bu so‘zni eshitgach umid qo‘llari qo‘ltiqqa urilur.
Abdurauf Fitrat aytganidek, avlodni tarbiyalash insoniyatning xizmatidir. Qachonki biz yaxshi axloq egasi bo‘lgan farzandlarni tarbiyalasak, shundagina bo‘ynimizdagi bu xizmat majburiyati soqit bo‘ladi. Kimki, badaxloq bolalarni tarbiya etsa, insoniyatga xizmat emas, balki dushmanlik qilgan bo‘ladi. Jamiyat ularning farzandlaridan bezor bo‘ladi. Xush va yaxshi axloqqa ega bo‘lgan farzand, xushaxloq iymon sohibi bo‘lgan ota-onalardan bo‘ladi, agarda ota-ona axloqsiz bo‘lsalar, ularning tarbiyalari soyasida o‘sgan farzand ham badaxloq bo‘ladi”, – deya bola tarbiyasida ota-onalarning namuna bo’lishi haqida qimmatli fikrni ilgari surgan.
Jumladan, Abu Nasr Forobiy mavjudotni bilishda ilm-fanning rolini hal etuvchi omil deb biladi, uningcha inson tanasi, miyasi, sezgi organlari tug‘ilishda mavjud, lekin aqliy bilimi, ma’naviyligi, ruhi, intellektual va axloqiy xislatlari, xarakteri, dini, urf-odatlari, ma’lumoti tashqi muhit, boshqa insonlar va shu kabilar bilan muloqotda vujudga keladi, inson o‘z faoliyati yordamida ularni egallaydi, ularga erishadi. Uning aqli, fikri, ruhiy yuksalishining eng yetuk mahsuli bo‘ladi, deb ta’kidlaydi.
Abu Rayhon Beruniy ta’lim va tarbiyaning maqsadi, vazifalari va mavqeyi, inson, yosh avlodning rivojlanishi haqidagi fikrlari chin ma’noda insonparvarlik va insonshunoslik zamirida yaratilgan. Bilim va tarbiyaning tabiatga uyg’unlik tamoyillarini mutafakkirning barcha asarlarida kuzatish mumkin. U insonni tabiatning bir qismi deb ta’kidlaydi.
Kibriyo Hasanova
Samarqand davlat universiteti
Fakultetlararo pedagogika kafedrasi mudiri, professor
Shavkat Akramov olgan suratlar.