O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali 80 yoshda…

Samarqand Yoshlar markazida O‘zbekiston xalq yozuvchisi, shoir, tarjimon va olim Muhammad Ali tavalludining 80 yillik yubileyi munosabati bilan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali, Oliy Majlis Senati a’zosi, “Zarafshon” gazetasi bosh muharriri Farmon Toshev, adabiyotshunos Suvon Meli, “Sharq yulduzi” jurnali bosh muharriri Sirojiddin Rauf hamda Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi a’zolari, yosh ijodkorlar va adabiyot ixlosmandlari ishtirok etdi. Tadbirda so‘zga chiqqanlar yozuvchi Muhammad Ali ijodi va adabiy merosi haqida fikr bildirar ekan, o‘zbek adabiyotida eng katta va mas’uliyatli mavzu – Amir Temur shaxsini gavdalantirish, temuriylar tarixi yoritilgan roman-epopeya yaratishdek ulkan va mas’uliyatli ishni g‘oyat mahorat bilan uddalaganligiga alohida to‘xtalishdi.
– Oʻzbek adabiyotida Sohibqiron Amir Temur siymosining yaratilishi, uning xalqimiz suyadigan obrazlar qatoriga koʻtarilishida Muhammad Alining xizmatlari beqiyosdir, - “Sharq yulduzi” jurnali bosh muharriri, shoir Sirojiddin Rauf. - Muhammmad Ali ijod yoʻlining boshidayoq Sohibqiron haqida she’rlar yozish bilan boshlangan ushbu ulkan va xayrli amal Amir Temur haqida butun boshli roman-epopeya yaratish bilan o‘z cho‘qqisiga yetdi. Epopeyada oʻzbek xalqining XIV asrdagi turmush-hayoti tasvirlanarkan, tarixiy hodisalar oqimida Amir Temur obrazining tadrijiy oʻsib borishi, uning xarakteridagi adolatparvarlik, halollik, mardlik va vatanparvarlik fazilatlari g‘oyatda mahorat bilan koʻrsatib berilgan. Yozuvchining adabiyotimizga qo‘shgan hissasi, tarixiy asarlar yaratish borasida erishgan yutuqlari tahsinga sazovordir.
Uchrashuv davomida ijodkorning zamondoshlari Muhammad Ali bilan bog‘liq xotiralar bilan o‘rtoqlashdi. Yozuvchining o‘zi muxlislarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati
Shavkat Akramov olgan suratlar.