Samarqand davlat universitetiga Italiyaning Insubriya universiteti xalqaro-aloqalar bo’yicha prorektori Barbara Pozzo boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi. Delegatsiya a’zolarini SamDU xalqaro aloqalar bo’yicha prorektori Akmal Axatov qabul qildi.

    Tashrifdan asosiy maqsad xalqaro hamkorlik aloqalarini yo’lga qo‘yish, magistratura bosqichida tahsil olayotgan talabalarni 1+1 dasturi asosida o’qitish hamda SamDU tadqiqotchilari bilan kadrlar almashinuvini yo’lga qo’yishdir.

    - Samarqand davlat universitetiga ilk marotaba tashrif buyurishim. Bundan ko’zlangan asosiy maqsad hamkorlik aloqalarini yo’lga qo’yish va mustahkamlashdir, - deydi Insubriya universiteti xalqaro-aloqalar bo’yicha prorektori, professor Barbara Pozzo. – Ikkita loyiha bo’yicha hamkorlik qilish masalasini ilgari surmoqchiman. Birinchisi, SamDU, Insurbiya, “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti bilan turizm sohasida ilmiy loyihalar amalga oshirish. Ushbu loyihaning mazmuni turizmni rivojlantirish va uning oqimini kengaytirish. Ikkinchi loyiha esa, ishlab chiqarish va oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog’liq. Ya’ni sifatli ishlab chiqarishda foydalaniladigan daraxt turlarini ekish va ko’paytirish. Bu loyihamiz Yevropaning 7 universiteti bilan tashkil qilingan va samarali natija bermoqda. 

    Bundan tashqari delegatsiya a’zolari 2024-yildan SamDU bilan hamkorlikda mehmonxona menejmenti va arxeologiya yo’nalishida ko’chma magistratura o’qitish tizimini joriy etish taklifini bildirdilar.  Shuningdek, Samarqand davlat universitetining ma’lum yo’nalishdagi doktorantlarini Insubriya universitetida o’qishini davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. 

    Tashrif davomida mehmonlar SamDU arxeologiya va zoologiya muzeylari bilan tanishdilar. 

Behruz Shamsiddinov

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi,

Shavkat Akramov olgan suratlar.