Samarqand davlat universiteti talabalaridan imtihon uchun tamagirlik qilishayotganligi to‘g‘risida eʼlon qilingan xabar yuzasidan munosabat

Facebook ijtimoiy tarmog‘ida Islom Ibodulla nomli sahifa egasi tomonidan Samarqand davlat universiteti tarix fakulteti talabalaridan tamagirlik qilishayotganligi haqida eʼlon qilingan xabar yuzasidan quyidagilarni maʼlum qilamiz.
Tarix fakulteti talabalari uchun fors va rus tili fanlaridan fakultet professor-o‘qituvchilari emas, balki universitet fakultetlararo kafedra o‘qituvchilari tomonidan dars mashg‘ulotlari olib boriladi.
Shuningdek, Samarqand davlat universitetida barcha imtihonlar SamDU talabalar nazoratlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘limi tomonidan o‘tkazilib, imtihon jarayonlarida fakultetlar, boshqa biror xodim yoki professor-o‘qituvchilar ishtirok eta olmaydi.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda ushbu tarqatilgan xabar asossiz va yolg‘on ekanligini maʼlum qilamiz.
Shu o‘rinda Samarqand davlat universiteti Axborot xizmati barcha OAV uchun hamisha ochiq va hamkorlikka tayyorligini yana bir bor eslatib o‘tamiz. Xabarni eʼlon qilishdan avval tekshirib ko‘rish va uning rost ekanligiga aniqlik kiritish esa maqsadga muvofiqdir.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.