Tabiat ilmi olamida o‘simliklarni biologik himoya qilish yo‘llarini aniqlash, bu borada foydali  va samarali bo‘lgan hayvonot va nobotot olamini o‘rganish muhim masaladir. O‘simliklarni biologik himoya qilish deganda ular uchun xavfli bo‘lgan ba’zi parazitlarga qarshi kurashish, turli kasalliklarini davolash tushuniladi. Tabiatda bunday xususiyatga ega bo‘lgan hasharotlar bisyor. Vizildoq qo‘ng‘izlar shulardan biridir. Vizildoq qo‘ng‘izlar qattiqqanotlilarning barcha turkumlari orasida turi soni jihatidan oldingi o‘rinlardan birini egallaydi va ekosistemalarda zararli hasharotlarni yo‘qotishda katta ahamiyat kasb etadi.

    Samarqand davlat universiteti biologiya fakulteti magistri Dilnoza Zokirova “Carabidae oilasi qo‘ng‘izlari (Vizildoq qo‘ng‘izlar) da ayrim morfologik belgilar variatsiyasining qiyosiy tahlili” mavzusida ilmiy tadqiqot olib boradi. Ilmiy rahbari zoologiya kafedrasi dotsenti Erkin Abdullayev.

    -Vizildoq qo‘ng‘izlar qattiqqanotli hasharotlarning eng yaxshi o‘rganilgan guruhlaridan biridir, - deydi tadqiqotchi  Dilnoza Zokirova, - Turlarning xilma-xilligi bo‘yicha ushbu oila qo‘ng‘izlarning eng katta oilalardan hisoblanadi. Lekin vizildoq qo‘ng‘izlarning xilma-xilligi turli hududlarda ancha keng o‘rganilganligiga qaramasdan, ularning turli hududlarda va turli taksonlarida sistematik ahamiyatga ega bo‘lgan morfologik belgilari variasiyasini o‘rganishga bag‘ishlangan ishlar juda kam. Ularning ko‘pchilik turlarida, ayniqsa, O‘zbekistonning yoki Markaziy Osiyoning endemik turlari uchun morfologik tavsif berilmagan va tur va avlodlar aniqlagichlari ishlab chiqilmagan.

    Vizildoq qo‘ng‘izlar turli zararkunanda hasharot va parazitlarni yo‘qotishda, umuman olganda o‘simliklarni biologik himoyalashda nihoyatda katta ahamiyat kasb etadi. Shu sababli, uning tabiyatdagi ahamiyatini o‘rganish muhimdir.

    Tadqiqotimizning asosiy maqsadi vizildoq qo‘ng‘izlarning eng muhim morfologik belgilarini aniqlash, ularning hududlar va sistematik guruhlar bo‘yicha variatsiyasini o‘rganish va ushbu belgilarning sistematik ahamiyatini ochib berishdan iborat.

 

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati