Maxtumqulining fikr dunyosi

Samarqand davlat universiteti tadqiqotchisi Emrah Yilmazning shu "Maxtumquli Firog'iyning fikr dunyosi" nomli monografiyasi nashr etildi.
Ushbu asarda, taniqli turkman shoiri va mutafakkiri Maxtumquli Firogʻiyning (1724-1807) hayoti, oila a’zolari, ta’lim olgan muassasalari, qoʻlyozmalari, adabiy taxalluslari, adabiy shaxsiyati va san’ati haqida atroflicha ma’lumot berilgan. Adib asarlaridagi lisoniy-badiiy vositalar, semantik unsurlarning tushuncha va timsollarni jonlantirishdagi oʻrni muhokama qilingan. Shu bilan birga, O‘zbekiston, Turkmaniston, Rossiya va Turkiyada Maxtumquli ijodi boʻyicha olib borilgan tadqiqotlar tarixi umumiy ma’noda tilga olingan.
Jahon adabiyotida Maxtumquli ijodini oʻrganish qariyb ikki asrlik tarixga ega boʻlib, o’sha davrdan hozirgi kungacha uning san’atkorlik mahorati, mafkura nuqtai nazaridan dunyo madaniyatiga qo‘shgan hissasi haqida turli mamlakatlarda ko‘plab asarlar yozilgan. Bu tadqiqotda Firogʻiyning ijodiy merosi misolida XVIII asrni yoritib turadigan klassik mentalitetni va mumtoz tafakkur strukturasini aniqlash, idrokiy qudratini ochib berish, she’rlarning va iboralarining ifodaviy unsurlarini koʻrsatish asosiy maqsad qilib olingan.
Shu bilan birga, Maxtumqulining iboralar olamiga e’tibor qaratilib, mumtoz adabiyotda tutgan o‘rni ochib berilgan. O‘zbekiston, Turkmaniston, Turkiya turkologiyasi yutuqlarini ilmiy izlanishlarga qo‘shib olib borish Maxtumqulishunoslikka bir butunlik sifatida yondashishda foydali bo‘lishi dalillangan. Klassik davr iboralarining semantik tahlili, til tarixi nuqtayi nazaridan muhim ma’lumotlar berishda, Maxtumqulishunoslik bo‘yicha tadqiqotlar yaratishda manba bo‘lib xizmat qilishi asoslangan. Shoirning asarlaridagi frazeologizmlar leksikologik va semantik jihatdan tahlil qilingan.
Tadqiqot materiallaridan tilshunos va adabiyotshunoslar amaliy va ilmiy izlanishlarida manba sifatida foydalanishlari mumkin. Asarda keltirilgan fikr-mulohaza va takliflar Maxtumquli Firogʻiy asarlari borasida olib boriladigan tadqiqotlar uchun, ayniqsa, shoirning ijodini oʻrganish, mumtoz davr turkman adabiyotini tadqiq qilish, oʻzbek olimlari tomonidan amalga oshirilayotgan ilmiy asarlar ahamiyatini belgilashda manba boʻlib xizmat qiladi.
Kitob, mumtoz davr o‘zbek adabiyoti fani oʻqituvchilari, oliy oʻquv yurtiga kirish uchun mustaqil tayyorlanuvchilar, keng kitobhonlar hamda barcha qiziquvchilar uchun moʻljallangan.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.