Bugun yurtimizdagi oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada yaxshilash va ularni TOP-1000 talik universitetlar qatoriga qo‘shish borasida samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Samarqand davlat universitetida ham bu borada maqsadli islohotlar va bir qator loyihalar olib borilmoqda.

    Ayniqsa, ushbu loyihalarni amaliyotga tatbiq etish jarayoniga xorijlik mutaxassislarning jalb etilishi universitet faoliyatini jahon standartlari darajasiga olib chiqishda muhim hisoblanadi.

    Samarqand davlat universiteti transformatsiya markazi direktori, professor Mohd Nazish Xon universitetni yanada rivojlantirish, xalqaro reytinglarda o‘rin olishda ilmiy tadqiqotlar, zamonaviy o‘quv xonalari, yangi metodologiya bilan birgalikda o‘qituvchi va talabalarning chet tillarini bilish ko‘nikmasini oshirishni ham muhim deb hisoblaydi.

    - Men bu yerga 2022 yil bahorida SamDU xalqaro hamkorlik bo‘limi koordinatori, professor Muxtor Nosirovning taklifi bilan bir oylik akademik safarga kelgan edim, - deydi Mohd Nazish Xon. - Professorlar va yosh o‘qituvchilarning ilmiy izlanishlari va tadqiqotlar uchun yaratilgan ajoyib muhit menda bu yerda uzoq muddat ishlash fikri paydo bo‘lishiga xizmat qildi. Men bu yerga kelishimdan avval Hindistonning Aligarx Muslim universitetida faoliyat olib borganman.

    Hozirgi vaqtda Samarqand davlat universiteti jamoasi uning xalqaro reytingini ko‘tarish uchun hamjihatlikda harakat qilmoqda. Yangi o‘quv yilidan universitetda ikki institut va bir filial ham o‘z ishini boshlaydi. Bu esa jamoaga yana bir mas’uliyat yuklaydi.

    Ayni paytda biz mavjud akademik muammolarni, tadqiqot nashri masalalari, o‘qitish usullari, metodologiyasi, kutubxona faoliyati va boshqa ko‘plab masalalarni tahlil qilish va ular uchun aniq, jiddiy yechimlarni taklif etish uchun o‘rganish olib bormoqdamiz. Universitet juda katta salohiyatga ega. Biz ushbu potensialdan to‘g‘ri va oqilona foydalanib, o‘z bilimimizni samarali yo‘naltirishimiz lozim.

    Doimiy ravishda universitetning o‘quv, xalqaro hamkorlik, ilmiy ishlar va innovatsiyalar, ta’lim sifatini nazorat qilish kabi bo‘limlari mas’ullari bilan birgalikda mavjud muammolarni tahlil qilmoqdamiz. O‘ylaymanki, yangi o‘quv yilidan boshlab universitet mutlaqo yangicha tizimda o‘z faoliyatini boshlaydi. Bu oliy ta’lim muassasasiga berilgan akademik va moliyaviy mustaqillik bilan ham bog‘liq, albatta.

    Samarqand davlat universiteti o‘quv jarayonlarida zamonaviy texnologiyalardan keng foydalanilmoqda. Biroq mening fikrimcha, zamonaviy tadqiqotlar uchun ko‘proq texnik va ilmiy laboratoriyalar kerak. Biz o‘qituvchilarimiz uchun ingliz tilini ko‘proq o‘z ichiga olgan fakultetlarni rivojlantirishning zamonaviy dasturlarini joriy qilishni rejalashtirmoqdamiz. Shuningdek, talabalar bilan birgalikda yanada jiddiyroq harakat qilib, ingliz tilini o‘rganish uchun qulay muhit yaratishni o‘z oldimizga maqsad qilib olganmiz. Hozir universitetda ko‘plab talabalar chet tillarini o‘rganishga harakat qilmoqda. Chunki bu mukammal tadqiqot va manbalar uchun butun dunyoda qo‘llaniladigan zamonaviy vosita hisoblanadi.

    Albatta, Samarqand shahrida bo‘lishning o‘zi bir afsona. Bu azim shahar qadimdan ilm-ma’rifat va ziyo maskani bo‘lib kelgan. Jahonga mashhur Registon maydonidagi uch majmua ham oliy ta’lim muassasasi ekanligi esa buning yorqin dalili. Mening fikrimcha, Samarqand davlat universiteti hozir ilm-fanning rivojlanishi uchun yangi Renessans poydevorlarini yaratmoqda. Uning tarkibida ikki institut va ikki filialning tashkil etilishi esa shahar aholisining yanada ilmli bo‘lishiga, ularni fan, adabiyot va rivojlanish bilan doimo hamnafas bo‘lishiga o‘zining munosib hissasini qo‘shishiga ishonaman.

Otabek Sa’dullayev,

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi.

Shavkat Akramov olgan suratlar.