Joriy yilning 1-5 avgust sanasida Oila va xotin-qizlar ilmiy-tadqiqot institutining tashabbusi bilan BMTning Aholishunoslik jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi, Amerika Qo‘shma Shtatlari Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) O‘zbekistondagi huquqiy islohotlar bo‘yicha yo‘nalishi saʼy-harakati bilan besh kun davomida “Ilmiy tadqiqotlarni o‘tkazishdagi zamonaviy tendensiyalar: metodologiya va vositalar” mavzusida sayyor yozgi maktab o‘tkazildi. Yozgi maktabda respublikaning turli hududlaridan tashrif buyurgan 20 nafar tinglovchi ishtirok etdi. Qatnashuvchilarning 50 foizini ilmiy darajali tinglovchilar tashkil etib, ular orasida Samarqand davlat universiteti ijtimoiy-iqtisodiy geografiya kafedrasi dotsenti Lutfullo Ibragimov ham bor.

    Mazkur yozgi maktabda BMT Aholishunoslik jamg‘armasining xalqaro ekspertlari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy markazi, Davlat statistika qo‘mitasi, Oila va xotin-qizlar ilmiy-tadqiqot instituti, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti milliy tadqiqot universiteti olimlari, amaliyotchi mutaxassislari tomonidan ilmiy tadqiqotlarni olib borish, demografiya va gender masalalari bo‘yicha ilmiy maʼruzalar va mahorat darslari o‘tkazildi.

    - Yozgi maktabda o‘quvchilarimizning olgan bilimlari ilmiy muammoni to‘g‘ri tadqiq etishga, ilmiy tadqiqotlarni to‘g‘ri o‘lchash, maʼlumotlarni qayta ishlash va tahlil qilish, maʼlumotlarni vizuallashtirishga yordam beradi, - deydi dotsent Lutfullo Ibragimov. - O‘tkazilgan yozgi maktab yosh olimlar o‘rtasida bilim va tajriba almashish, “Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot institutining ekspert va yosh olimlari bazasini yanada kengaytirish, respublikamiz oliy o‘quv yurtlarida demografiya sohasida faoliyat olib boradigan tadqiqotchilar bilan doimiy hamkorlik qilish imkonini beradi.

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati.

Shavkat Akramov olgan surat.