1944-yildan buyon faoliyat ko‘rsatib kelayotgan mazkur arxeologik ekspeditsiyaning Respublikamiz mustaqilligi yillarida amalga oshirgan tadqiqotining ob’yekti Zarafshon, xususan O‘rta Zarafshon vohasi Qoratepa tog‘ tizmasi shimoliy yonbag‘rida joylashgan tosh davri yodgorliklari hisoblanadi. Ayni kunda  30 dan ortiq yodgorliklar aniqlanib, arxeologik xaritaga olingan va ulardan 10 ga yaqinida arxeologik qazishma ishlari olib borilgan. Xususan, 2017-yildan Sazog‘on 3 neolit yodgorligi tadqiqoti davom ettirilmoqda.  Ushbu tadqiqotlar marhum professor. Mavlon Jo‘raqulov ilmiy rahbarligida va bevosita Normuhammad Xolmatov ijrochiligida xorij mutaxassislari (M.Tosi, A.V,Vinogradov, V.A.Ranov, K.Shimchak, F.Brunet, S. Mantelini) hamda kafedra o‘qituvchilari, tayanch doktorantlari, magistrlari va bakalavrlar ishtirokida amalga oshirilgan. Qo‘lga kiritilgan katta hajmdagi arxeologik ashyolar kafedra qoshidagi arxeologiya muzey laboratoriyasi ko‘rgazmalarida o‘rin olgan.

    Mazkur yodgorliklar tadqiqoti natijalari va ilmiy yangiligini O‘zbekiston tosh asri arxeologiyasi fani ravnaqiga qo‘shilgan  hissa sifatida quyidagicha keltirish mumkin:   

    1.O‘rta Zarafshon vohasida o‘rta paleolit davriga oid yodgorliklar (Olmabuloq) tadqiqoti manbalari asosida voha miqyosida antropogenez masalasiga oydinlik kiritildi.     

    2. Vohaning tosh davri yodgorliklari tadqiqotida paleogeografik, paleogeologik, gidro-morfologik hamda zamonaviy fiziko-geografik sohalar borasida qimmatli ma’lumotlar qo‘lga kiritilishiga erishildi.              

    3.  Respublikamiz mustaqilligi yillarida Sazog‘on 1 mezolit makoni tosh qurollari tipologik tahliliga nisbatan yangicha yondoshuv, yangi Qorakamar, Ochilg‘or makoni kashf etilib, qo‘lga kiritilgan manbalar vohaning mezolit davri jamoalari moddiy madaniyati to‘g‘risida muhim ma’lumotlar berdi. Shu asosda Zarafshon vohasi tosh asri jamoalari madaniyati tizimida yaqin yillargacha noma’lum bo‘lib turgan mezolit davri madaniy bo‘g‘ini aniqlanib (Chorbaqti mezolit yodgorliklari, Sazog‘on 1, Qorakamar, Ochilg‘or makoni pastki mezolit madaniy qatlami-mil.avv. XI-IX- ming yilliklar), ilmiy asoslanishiga erishildi.    

    4. O‘rta Zarafshon vohasi Qoratepa tog‘ massivi shimoliy yon bag‘ri tosh davri yodgorliklarining tadqiqoti asosida mazkur hudud tosh davri jamoalari moddiy madaniyatini o‘rganishda o‘ziga xos “mikro-madaniy voha” bo‘lganligi aniqlandi. Buni tadqiq etilgan Olmabuloq mustye davri yodgorligi, Ochilg‘or makoni pastki madaniy qatlami (mil.avv. XI-IX ming yilliklar; Qorakamar, Sazog‘on 1- mezolit davri so‘nggi bosqichi (mil.avv. 8-7 ming yillik), Ochilg‘or makoni ustki madaniy qatlami, Sazog‘on 2 - neolit (mil.avv. 7-5 ming yillik), Tepaqul 4- neolit (mil.avv. 6-4 ming yillik), Jangal 1, Tepaqul 3 – neolit (mil.avv. 5-3 ming yillik) kabi yodgorliklar tarixiy taraqqiyot bosqichlari ketma ketligida ko‘rsatib turibdi. Shu asosda tosh asri jamoalari madaniyati uzviyligi, uning avtoxtonligi (joyli, tagli-tugli, mahalliy) masalasi ham o‘z yechimini topdi.             

    5. Sazog‘on madaniyati O‘rta Osiyo hududi neolit davri madaniyatlari tizimida mustaqil madaniyat sifatida ilmiy asoslanib, madaniyatning kelib chiqishi tarixiy ildizi aniqlandi. Bu ildiz  Samarqand makoni, Chorbaqti mezolit yodgorliklari, Sazog‘on 1, Qorakamar, Ochilg‘or makoni pastki mezolit davri madaniy qatlami moddiy madaniyati  negizida shakllanganligi isbotlandi.  Shu o‘rinda, aytish joizki, hozirgi kunda mavjud arxeologik manbalar tahliliga yangicha yondoshuv, yangi arxeologik manbalarning qo‘lga kiritilishi Qizilqum, Quyi Zarafshon vohasi mezolit (Chorbaqti yodgorliklari), neolit jamoalari (Echkiliksay, Ayakagitma, Daryosoy, Chorbakti. Mahandaryo, Ho‘jayli yodgorliklari) madaniyatining kelib chiqishi ildizlari masalasini qayta ko‘rib chiqish zaruriyatini kun tartibiga qo‘ydi. Shu nuqtai nazardan, manbalar tahlili asosida ayni kunda mazkur madaniyatlar (bu yodgorliklar tosh industriyasida O‘rta Osiyo tog‘ va tog‘ yon bag‘ri paleolit, mezolit jamoalariga xos bo‘lgan xususiyatlar mavjud) Samarqand makoni jamoalari madaniyati negizida, avtoxton tarzda shakllanganligi haqidagi xulosani bildirish o‘rinli.    

    6. Sazog‘on 1,2, Jangal 1, Tepaqul 3,4, Ochilg‘or makonlari topilmalariga tayanib (qadama qurollar, mikrolitlar, yorg‘uchoqlar hamda donni ezish bilan bog‘liq bo‘lgan tosh buyumlar), O‘rta Zarafshon vohasi  Qoratepa tog‘ tizmasi shimoliy yon bag‘ri yirik soylarining  yon qayirlarida (quyosh tik tushadigan, sozlov tuproqli qatlamga ega bo‘lgan) ilk dehqonchilik xo‘jaligi   shakllana boshlaganligi to‘g‘risida ma’lumot berish mumkin.     

    7. Sazog‘on madaniyatiga oid makonlar tadqiqotida  Sazog‘on neolit jamoalarining qo‘shni Kaltaminor (Quyi Amu va Zarafshon, Qizilqum), Markaziy Farg‘ona hamda Hisor (Tojikiston hududi) jamoalari bilan o‘zaro madaniy aloqada bo‘lishganligini bildiruvchi ma’lumotlar (tosh industriyasi, sopol buyumlar, tosh qurollari xom ashyosida) kuzatildi.

    8. Sazog‘on madaniyati yodgorliklari tizimida Ochilg‘or makonidan  aylana holatda yonma-yon joylashgan o‘choq qoldiqlari, hayvon suyagi qoldiqlari uyumlari,  shuningdek ular bilan bog‘liq holda aylana shakldagi tosh qurilmalari va bu qurilmalar oralig‘idan uloqchaning butun holatdagi gavdasi topildi  va ular birgalikda diniy e’tiqod kompleksi sifatida tahlil etilib, O‘zbekiston arxeologiyasi faniga kiritildi.  

    9. Ma’lumki, soha tadqiqotchilari etnik  jarayon, «etnos»ning  shakllanishi boshlanishini  so‘nggi paleolit  davri bilan  bog‘lashgan va bu jarayonni «arxeologik madaniyatlar» misolida mezolit, neolit davrida  yanada  ravshanroq  namoyon bo‘lganligi, ya’ni ular tom ma’noda  mustaqil etnik  jamoa  birlashmalari bo‘lishganligini izlanishlarida e’tirof etishgan.  O‘rta Osiyo miqyosida bu haqda  V.M.Masson, S.P.Tolstov,  A.V.Vinogradov, U.Islomov, V.A.Ranov, Mavlon Jo‘raqulov, Normahammad Xolmatov kabi  mutaxassislar  tadqiqotlarida ma’lumotlar  mavjud. Shu o‘rinda, Sazog‘on neolit jamoalarini ham ma’lum hududda  yashab, qo‘shni o‘ziga xronologik jihatdan tengdosh bo‘lgan jamoalar tizimida moddiy madaniyatining  o‘ziga xosligi bilan ajralib turuvchi etnik birikma deb hisoblash mumkin.

 

Normahamad Xolmatov

Samarqand davlat universiteti

arxeologiya kafedrasi mudiri, professor