- Qovun pashshasi haqida mavjud adabiyotlar va manbalar yetarli emas. Mazkur zararkunandalarning bioekologik xususiyatlari va keltirilgan zarari to‘liq o‘rganilmagan ekan, unga qarshi samarali kurash charalari ishlab chiqish qiyinchilik tug‘dirishi tabiiy, - deydi SamDU ekologiya va hayot faoliyati xavfsizligi kafedrasi dotsenti Burxon Fayzullayev. - 2017-2018 yillar davomida poliz agrosenozida qovun pashshasining tarqalishi va bioekologik xususiyatlarini o‘rganish bo’yicha Samarqand viloyat Urgut tumani polizchilik xo‘jaliklarida tadqiqot olib bordik. Qovun pashshasi yer yuzida poliz ekinlarini ashaddiy zararkunandasi bo‘lib, zoogeografik tarqalishi jihatidan ham boshqa hayvonlarga nisbatan ustun hisoblanadi.

    Voyaga yetgan pashsha sariq yoki och zarg‘aldoq tusli, ko‘kragi bo‘ylab ikkita ravshan yo‘l o‘tgan. Yelkasida yettita har xil figurali qoramtir nuqtalari bor. Qanotlarida uchtadan sariq ko‘ndalang yo‘li bo‘lib, u harfi ko‘rinishdagi shaklga ega. Aslida qovun pashasining lotincha nomi Myiopardalis pardalina  uning tanasidagi yo‘l - yo‘l sariq chiziqlar leopardnikiga o‘xshaganligi uchun berilgan. Orqa oyoq sonlari bir muncha yo‘g‘on. Erkagining kattaligi 5-6 mm. keladi. Urg‘ochisining qorni uchida xitinlashgan tuxum qo‘ygichlari bilan yosh qovun mevasini bemalol teshib, tuxumlarini joylaydigan, tuxum qo‘ygichi bor.

    Olib borilgan kuzatuvlardan ma’lum bo‘lishicha, bitta pashsha 110- 153 tagacha tuxum qo‘yadi. Qovun kattalashib, po‘chog‘i qalinlashgan sari pashsha unga tuxum qo‘ymaydi, chunki tuxumdan chiqqan lichinkalar qalin po‘stni teshib ichiga kira olmaydi.

    Pashsha tuxumlari binokulyar ostida ko‘rilganda duksimon shaklida cho‘zinchoq oq, uzunligi 1 mm. keladi. Tuxumida maxsus qovurg‘alar aniq ko‘rinmaydi, tuxumlarida ma’lum darajada yopishqoqlik mavjud. Qo‘yilgan tuxumlaridan 2-5 kundan so‘ng lichinkalar chiqib qovun mag‘zi bilan oziqlanib, urug‘iga qarab harakatlanadi.

    Qurti - oq, tanasining oldingi uchidan orqa uchiga qarab sekin-asta yo‘g‘onlashib boradi. Qornining orqa uchi tikka kesilib tushgan. So‘nggi segmentining uchida ikkita do‘mboqchasi bor. Qurtining uzunligi 1 sm. keladi.

    Soxta pillasi - xitinlashgan, cho‘zinchoq, oval shaklda, sariq - qo‘ng‘ir tusda, uzunligi 0,7 - 0,8 mm. keladi. Kuzda hasharot ana shu pillalarda qishlovchi bosqichini tuproqning 10-15 sm. chuqurligida o‘taydi. Asosan, pashshaning 2-3 nasli qurtlari soxta pilla o‘rab, qishlovga ko‘proq ketishi kuzatiladi. Bahorda shu g‘umbaklarning 30 foizdan pashshalar uchib chiqadi.

        

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati