“O‘qishga qattiq to‘ymaguncha yozishga o‘tmang...”

“Qalb va qalam” loyihasining galdagi mehmoni taniqli yozuvchi, O‘zbekiston Yozuvchilar Uyushmasi a’zosi, Samarqand davlat universiteti bitiruvchisi Do‘stbek Sulaymonov
-Nega aynan nasr yo‘lini tanlagansiz?
-Nasr - hamisha adabiyotning asosi bo‘lib kelgan. Lekin bugungi kun nasri bilan maqtana olmaymiz. Ehtimol, nazmdan ko‘ra nasrga e’tiborning kamligidami yoki boshqa sabablari ham bormi bilmadim. Nasrning yo‘li og‘ir, uni har kim ham doimiy davom ettirolmaydi. Otam adabiyot o‘qituvchisi bo‘lgani uchunmi mening shoir bo‘lishimni istardi. Yoshligimda yuzlab she’rlarni yodlatardi. Ajabki, xotiram juda kuchli bo‘lib, uzundan-uzun she’rlarni ham bir pasda yodlab tashlardim. Uch-to‘rt soatlab she’r va g‘azallar aytardimki, hamma hayron qolardi. She’r yozishga urinishlar bo‘lgan, bu mashqlarni katta ustozlarimizdan biri aytgandek “shig‘ir” ham deb bo‘lmasdi. Menga nasr sehrli va tortimli edi. Romanlar, qissalar, hikoyalar olami meni o‘ziga tobora maftun etar, kitoblarning ichida yashardim go‘yo. Talabalik davrimda maqola va xabarlar yozib yurardim. Asta-sekinlik bilan nasr o‘ziga tortaverdi, bir nimalar qoralab yurdim. Bir-ikki joylarda e’lon qilindi ham. Kam-kam bo‘lsa ham yozib yurdim. Ko‘proq mutoalaa qilishga urinardim.
-2020-yilda “Cho‘qqilarga intilib...” hikoyalar, 2021-yilda “Salom qani?” hajviyalar to‘plamlaringiz nashrdan chiqdi. Kitob chiqarish qanday jarayon, bunda muallifda tajriba bo‘lishi muhimmi?
-2003-yildan beri ijod qilaman. Yillar davomida tengqurlarim, ijodkorlar bot-bot kitob chiqarish fursati kelganini ta’kidlab kelishdi. Fursati kelgan ekan, vaqti kelib nashr ham etildi.
Ijodkor nima uchun kitob chop etadi? Birinchidan, sochilib yotgan ijodiy ishlarini yaxlit tarzda ko‘rish, ikkinchidan kitobxon e’tibori va e’tirofiga erishish uchun. Yozganlarimni kimdir o‘qisa fikr bildirsa bundan boshim ko‘kka yetadi, yana ham oldinga intilaman. Birinchi kitobim hikoyalardan iborat. U 2003-yildan buyon yozilgan ijodiy ishlardan tashkil topgan. Ikkinchi kitobim hajviyalardan iborat bo‘lib, jamiyatdagi illatlarga davo topish, yechim topish, munosabat berish tarzida dunyoga kelgan.
Iordaniyalik yozuvchi Ayman Yog‘iyning “O‘qishga qattiq to‘ymaguncha yozishga o‘tmagin. Chunki suvquvur to‘lsagina jo‘mrak ochiladi” degan gapi bor. Haqiqatan ham, yozuvchi yozayotgan narsasini mukammal bilmas ekan, o‘quvchi uni haqiqat sifatida qabul qilolmaydi. Mening tom ma’nodagi suv manbaim avval, maktabda, keyin universitetda olgan ilmim bo‘lgan. Bu borada Samarqand davlat universitetidan hamisha minnatdorman. Bu maskanda olti yil ta’lim olganman. Yoshligimning eng go‘zal damlari o‘tgan. Universitetning jonkuyar va fidoyi o‘qituvchilari sabab menda adabiyotga mehr uyg‘ongan. Ustozlarimning bergan saboq va maslahatlari hali hanuz hayot so‘qmoqlarimda asqotib turibdi. Men bu dargohga hamisha ta’zimdaman.
-Sizningcha, yozuvchilik iste’dodmi yoki qismat?
-Yozuvchilik – bu qismat. Agar qismatligiga ishonmasangiz, daho adiblar – Xeminguey, Mark Tven, Tagor, Tolstoy, Chexov, Dostoyevskiy, Aytmatov, o‘zimizda Abdulla Qodiriy, Oybek, Abdulla Qahhor, Odil Yoqubov, Shukur Xolmirzayev kabilarning hayotini bir eslang. Ular har biri shu adabiyot deb umrini tikmadimi?! Shu adabiyot deb yashab o‘tmadimi?! Agar qismat bo‘lmasa graf va behad boy bo‘lgan Tolstoy, hatto bugungi kunda bir million dollardan ziyod mukofoti bor Nobel sovrinini olishni istamagan Xeminguey, dunyoning eng martabali yozuvchisi Chingiz Aytmatov ham yozuvchilikni tashlab boshqa kasbni tanlab ketmagan bo‘larmidi?!
-2020-yilda “Nasr.uz” cayti va telegram kanali (@Nasr_uz)ni tashkil etdingiz. Unda ko‘plab yosh iste’dod egalarining qator hikoyalari berib boriladi. Ularni doimiy kuzatuvchi ijodkor sifatida bugungi yosh nosirlar ijodini qanday baholaysiz? Kelajak nasrida ulardan kimlarni ko‘ra olasiz?
- Kichik jilg‘alar katta irmoqlarga, irmoqlar esa daryolarga boshlab borishini inobatga olganda, har birimiz adabiyot uchun kichkina bo‘lsa-da hissamizni qo‘shib boraversak maqsadga muvofiq bo‘ladi. Yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash borasida imkoniyatlarimizni qo‘ldan kelgancha ishga solyapmiz. Bugungi yosh yozuvchilar orasida ijodda dadil qadam qo‘yayotganlar ko‘p. Bu borada ertaning umidlari darajasida ijod qilayotganlar borligi bizni quvontiradi.
-“Har bir asar o‘z umrini yashaydi” degan fikr mavjud. Asarlaringizning ertangi kundagi o‘rni va ahamiyatini qanday tasavvur qilasiz?
-Asarning umri haqida yozuvchi hech qanday fikr berolmaydi. Shunday holatlar bo‘ladiki, umuman siz kutmagan asar mashhur bo‘lishi yoki siz haddan ziyod mehr bergan, qalbingizda asragan asar boshqalarga manzur bo‘lmasligi mumkin. Yozuvchining ishi asarining taqdiri uchun qayg‘urish emas, balki umid bilan yozishdan iborat. Ba’zan yozuvchilar bilan suhbatlashganda, o‘qimaydigan avlod uchun kitob yozayotganligini afsus bilan aytishadi. Lekin bu vaqtincha deb o‘ylayman. Bizning xalqimiz azaldan ma’rifatli bo‘lib kelgan va albatta kitobga qaytadi.
-Bugungi zamonda yaratilgan yangi asarga reklama kerakmi?
-Reklama deyish sal noto‘g‘riroq chamamda, yangi asar targ‘iboti desak to‘g‘ri bo‘ladi. Targ‘ibot zarur deb o‘ylayman. Rivojlangan davlatlarda asar targ‘iboti bilan ishlaydigan maxsus adabiy agentlar faoliyat yuritadi. Ular yozuvchining yangi asarini muntazam targ‘ib qiladi. Natijada asar ko‘p ming nusxada o‘quvchilar qo‘liga yetib boradi. Shuningdek, og‘zaki targ‘ibotning ham o‘rni katta. O‘qituvchilar, talabalar, o‘quvchilar va boshqa soha xodimlari orasida qaysi kitobni o‘qigani, yaxshi tomonlari haqida muntazam gapirib turilsa, albatta atrofdagilarga ta’sir qiladi.
Hayotda nimadan qo‘rqasiz?
-Befarqlikdan.
-Kelgusida nasrning qanday janrlarida qalam tebratish niyatingiz bor?
-Ayni paytda nasrning kichik janrlarida ozmi-ko‘pmi yozib turibmiz. Albatta vaqti kelsa, qissaga, keyinroq roman janriga qo‘l urishni niyatim bor.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi
Iroda Bekmurodova suhbatlashdi