SONI ORTMASLIGI UCHUN MUTLAQO ARZON, ZARARSIZ DORIVOR O‘SIMLIKLARGA QAYTISHIMIZ KERAK...

    Mutaxassislar bong uradi


    Bugun dori-darmonlar biznesi avjiga chiqqan zamonda insonlar o‘rtasida xalq tabobati usullaridan, dorivor o‘simliklardan foydalanish ham tobora kamayib bormoqda. Bugun shunchaki bosh og‘rig‘i bezovta qilgan odam ham birdaniga dori ichishga tushadi. Holbuki, organizmga qabul qilingan har bir dori vositasi u yoki bu kasallikka davo bo‘lish bilan bir qatorda, biror zararli ta’sirini o‘tkazmasdan qolmaydi.

    Xo‘sh, bu borada insonlarni xalq tabobatiga qaytarish uchun qanday choralar ko‘rish kerak, aholi orasida ko‘p tarqaladigan kasalliklarga shifo bo‘ladigan dorivor o‘simliklardan foydalanish usullari qanday? Samarqand davlat universiteti botanika kafedrasi olimlari bu boradagi savollarga javob berdi:

    Bo‘ston Islomov, Samarqand davlat universiteti botanika kafedrasi dotsenti, biologiya fanlari nomzodi:

    -Samarqand viloyatining asosiy dorivor o‘simliklari Urgut tumanida joylashgan Omonqo‘ton darasi hududlarida o‘sadi. Afsuski, keyingi paytlarda aholi o‘rtasida tabiatga bo‘lgan noto‘g‘ri munosabat tufayli dorivor o‘simliklarga jiddiy zarar yetmoqda. Buning natijasida ko‘p turdagi dorivor o‘simliklar kamayib ketyapti, ba’zilari yo‘qolib bormoqda. Tashviqot ishlarini kuchaytirishimizga qaramasdan mahalliy aholining tabiat ne’matlaridan to‘g‘ri foydalanmasligi, dorivor o‘simliklarni qo‘llash madaniyatining susayib ketganligi oqibatida ushbu hududdagi ko‘p o‘simlik turlari yo‘qolib ketish arafasida turibdi.

    ​Prezidentimiz tomonidan 2022 yilda Urgut tumanining Omonqo‘ton hududida 1,5 ming gektar yer maydonida Milliy bog‘ tashkil etildi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad tog‘ va tog‘oldi hududlaridagi noyob Qizil kitobga kiritilgan, yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan o‘simliklar va hayvonot dunyosini, o‘rmon resurslarini muhofaza qilish, ko‘paytirish va qayta tiklashdir. Hozirda Omonqo‘ton hududining mahalliy aholi tomonidan o‘zboshimchalik bilan o‘zlashtirib olingan hududlarini milliy bog‘ tarkibiga qaytarish bo‘yicha sa’y-harakatlar olib borilmoqda.

    Tadqiqot natijalariga ko‘ra, Omonqo‘ton hududida jami 1600 dan ortiq turdagi o‘simliklar mavjud bo‘lib, shundan 800 ga yaqini dorivor o‘simlik sifatida xalq tabobatida foydalaniladi.
    

Zizifora – kiyiko‘t o‘simligi xalq tabobatida nihoyatda shifobaxsh hisoblanadi. Aholi orasida asosan qon bosimini tushirishda ishlatiladigan mazkur dorivor giyoh oshqozon-ichak, yurak xastaliklarida ham foydali. Kiyik o‘ti qo‘shilgan choy ovqatni yaxshi hazm qiladi, qon bosimi va yurak faoliyatini moʻtadillashtiradi. Xalq tabobati usulida davolanganda tomoq og‘rig‘ida, me’da faoliyati buzilishi, ko‘ngil aynishi, yurak sanchig‘i va shu bilan birga asab kasalliklarida ham tavsiya etiladi. Bunday fitochoylar ishtahani ochib, ovqat hazmini tezlashtirish, peshob haydash xususiyatlariga ega. Bundan tashqari buyrak, yurak, jigar va oshqozon-ichak xastaliklarini davolashda ham ishlatiladi.

    Ilmiy tabobatda o‘simlikning damlamasi va preparatlari yurak-qon tomirlari tizimi ish faoliyatini yaxshilashda, arterial qon bosimini pasaytirishda hamda peshob haydovchi dori vositasi sifatida keng qo‘llaniladi. Tomoq og‘rig‘ida, balg‘am ko‘chishi qiyin bo‘lganda o‘simlik barglari ozgina asal bilan damlab ichilsa, nihoyatda foydali bo‘ladi.
    Shuningdek, viloyatimiz sharoitida o‘sadigan Kuhiston ferulasi, tog‘rayhon, efedra, aronnik (it kuchala), astragal, bessmertnik (o‘lmaso‘t) kabi o‘simliklar ham shifobaxsh o‘simlik sifatida xalq tabobatida keng qo‘llaniladi. Bessmertnik choyini ichib yurish har kuni bitta limon yeyish bilan barobar. Mazkur o‘simlikdan xalq tabobatida jigar, buyrak va o‘t yo‘llari kasalliklari hamda revmatizm va podagrani davolashda samarali foydalaniladi. Dorivor o‘simlik hazm qilish tizimini yaxshilaydi.
    ​-Yo‘q bo‘lib ketish arafasida turgan, lekin inson salomatligi uchun foydali bo‘lgan qaysi o‘simliklarni ayta olasiz?
    -Hozirgi sharoitda Qizil kitobga kiritilgan ferula sumbul, ya’ni sumbul kavragi o‘simligi o‘tgan asrning 50-60 yillarida Omonqo‘ton tog‘larida nihoyatda ko‘p uchragan. Ota-bobolarimiz bu o‘simlikdan talqon tayyorlab xalq tabobatida keng foydalangan. Sumbul kavragi immunitetni mustahkamlovchi, organizmni erta qarishdan saqlovchi, tetiklikni oshiruvchi foydali xususiyatlarga ega. Bir kunda 2 mg ferula sumbul talqonini yegan odamni hech qanday kasallik bezovta qilmaydi.
    Afsuski, keyingi davrlarda xalq tabobati tijoratga aylandi. Odamlar sumbul kavragini terib olib, sota boshladi. Natijada, hozirgi kunda Omonqo‘ton tog‘larida bu o‘simlik butkul yo‘qolib ketdi.
    Shuningdek, halvoyi beh, ya’ni yetmak o‘simligi ham Omonqo‘ton tog‘larida yo‘qolib ketgan. Ushbu o‘simlik ildizidan aholi nisholda tayyorlashda foydalanadi. Yetmak bu bilan bir qatorda ko‘plab kasalliklarga shifo bo‘luvchi xususiyatga ega. Ilgarilari Omonqo‘ton hududlarida bu o‘simlik ko‘p uchragan. Ammo hozirda butkul yo‘qolib ketgan. Hozir viloyatimizga bu o‘simlik, asosan, Tojikiston tog‘laridan keltiriladi.

    Xislat Haydarov, Samarqand davlat universiteti botanika kafedrasi mudiri, biologiya fanlari doktori, professor:

    -Haqiqatan ham, bugun odamlarni biror kasallik bezovta qilsa, o‘sha zahoti farmasevtik dorilardan fodalanishga tushadilar. Aslida, ko‘plab kasalliklarga xalq tabobati orqali, dorivor o‘simliklar vositasida tez va oson, eng muhimi, zararsiz tarzda davo topish mumkin.
    
    -Bugun dori-darmonlar biznesi avjiga chiqqan zamonda odamlarni xalq tabobatiga, shifobaxsh o‘simliklarga qanday qaytarish mumkin deb o‘ylaysiz?

    Xalq tabobati – vaqt sinovidan o‘tgan tabobat. U orqali inson foyda topsa topadiki, aslo zarar ko‘rmaydi. Xalqimizni dori-darmonlar, farmasevtik preparatlardan ham arzon, ham xavfsiz, xalq tabobati vositalariga qaytarish uchun, eng avvalo, aholini dorivor o‘simliklar, ularning foydali jihatlaridan xabardorligini oshirish zarur. Bu borada targ‘ibot-tashviqot ishlari ham muhim o‘rin tutadi.

    -Dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash bo‘yicha Samarqand davlat universiteti botanika kafedrasida qanday tadqiqotlar olib borilmoqda?!

    -Bugungi kunda Samarqand davlat universiteti issiqxonasida bir qator dorivor o‘simliklar o‘stirilib, ularning biologik xususiyatlari o‘rganilmoqda. Bu borada tadqiqotchi olimlarimiz tomonidan birinchi navbatda yo‘qolib ketish arafasida turgan dorivor o‘simliklarning introduksiyasi, ko‘paytirish usullari va biologik xususiyatlarini o‘rganish, ularning urug‘larini o‘simliklar yo‘q bo‘lib ketgan hududlarga ekish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.

    Samarqand davlat universiteti botanika kafedrasi qoshida “Ibn Sino” ilmiy tadqiqot markazi tashkil etilgan. Ushbu markazning maqsadi Ibn Sino tomonidan tabobatda foydalanilgan o‘simliklarni aniqlash, hozirgi nomlarini topish, ularning biologik xususiyatlarini o‘rganish, ko‘paytirish, xalq tabobatiga tatbiq qilish bo‘yicha tadqiqotlar olib borishga yo‘naltirilgan. Bugungi kunga qadar Ibn Sino tomonidan qo‘llangan dorivor o‘simliklarning qariyb 30 foizini aniqlashga erishdik. Shuningdek, botanika kafedrasida professor va olimlar tomonidan dorivor o‘simliklarning biologik xususiyatlarini o‘rganish bo‘yicha 10 dan ortiq tadqiqotlar olib borilmoqda.

 

Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi
Iroda BEKMURODOVA
suhbatlashdi.
Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.