“Mashaqqat muvaffaqiyat... ”
Samarqand davlat universiteti talabalari uchun xorijiy tillarni o‘rganishga qulay imkoniyat yaratilmoqda
Samarqand davlat universitetida “IELTS CENTER” til markazi bilan hamkorlikda xorijiy tillarni o‘qitish markazi tashkil etilmoqda. Ba’zi savollar bilan til markazi rahbari Parviz Ismatilloyevga murojaat qildik.
– Samarqand davlat universiteti qoshida tashkil etilayotgan xorijiy tillar markazini tashkil qilish jarayoni haqida to‘xtalsangiz, bu borada ilk tashabbus qaysi tomondan chiqqan?
–Magistratura ta’limiga qabul jarayonida belgilangan xorijiy til sertifikati talabi so‘nggi vaqtlarda yoshlar o‘rtasida xorijiy tillarni o‘rganish zaruratini yuqori o‘ringa qo‘ydi. Shu munosabat bilan Samarqand davlat universiteti xorijiy tillarni o‘rganishga qiziqadigan talabalarning qulay narx va sharoitda til o‘rganishlarini ta’minlash maqsadida “IELTS CENTER” til markazi bilan hamkorlikda xorijiy tillarni o‘rgatish markazi tashkil etish tashabbusi bilan chiqdi. O‘zaro kelishuvlardan so‘ng, xorijiy til, xususan ingliz tilini o‘rgatishga ixtisoslashgan til markazi tashkil etildi. SamDU tomonidan universitet 2-son talabalar turar joyi binosidan markaz uchun hech qanday ijara to‘lovlarisiz joy ajratib berildi. Hozirda o‘quv xonalari jihozlanib, dars jarayonlarini boshlashga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
– Markazda qaysi darajadagi til o‘rganuvchilar o‘qishlari mumkin?
– Mart oyining birinchi o‘n kunligi ichida dars jarayonlari boshlanadi. Xorijiy tilni o‘rganish, til sertifikati olish istagida bo‘lgan Samarqand davlat universiteti talabalari bemalol murojaat qilishlari mumkin. Dastlab markazda o‘qish uchun talabalar muayyan darajadagi test sinovlari topshiradi. Shundan so‘ng ko‘rsatgan natijalariga qarab, guruhlarga taqsimlab chiqiladi. O‘quvchilarning bilim va saviyasiga qarab guruhlar shakllantiriladi. Markaz potensiali barcha darajadagi o‘quvchilarni o‘qitish va xorijiy til ko‘nikmalarini oshirish uchun yetarli. Bu borada a’lo natija ko‘rsatish talabaning o‘ziga bog‘liq.
Markaz Samarqand davlat universiteti tashabbusi bilan tashkil etilmoqda. Shu boisdan, SamDU talabalari uchun arzonlashtirilgan narxlar taklif qilinadi. An’anaviy tartibda kurs narxlari darajaga qarab farqlansa, yangi tashkil etilayotgan markazimizda barcha darajalar uchun bir xil, o‘rtacha 300-330 ming so‘m atrofida etib belgilash rejalashtirilmoqda. Markaz faoliyati to‘liq yo‘lga qo‘yilib bo‘lganidan keyin, talabalar soni oshib borishi bilan narxlarni yanada arzonlashtirish rejamizda bor. Hozirda yangi tashkil etilayotgan markaz uchun chuqur bilim va yuqori salohiyatli 8 nafar o‘qituvchi ajratilgan.
Shuningdek, universitet ma’muriyati bilan kelishuvlarimizga ko‘ra, ayni paytda Samarqand davlat universiteti ingliz tili kafedrasi o‘qituvchilari orasida til sertifikatiga ega bo‘lmagan o‘qituvchilar “IELTS CENTER” markazida bepul tahsil olishlari mumkin. Ularni shaxsan o‘zim C1 darajaga tayyorlash uchun harakat qilmoqdaman.
Agar o‘qituvchining o‘zi tilni yuqori darajada bilsa, uning o‘quvchilari ham albatta yuqori natijalarni ko‘rsatadi. Bu borada dars beradigan o‘qituvchilarning kuchli salohiyatli bo‘lishi muhim omil hisoblanadi.
– O‘quv yili yakuniga ham oz qolmoqda. Tez orada magistraturaga qabul jarayonlari boshlanadi. Markaz faoliyatini mart oyidan boshlasa, qabul boshlangunicha bo‘lgan vaqt yuqori natija olish uchun yetarli bo‘ladimi?
– 12 yildan beri shu sohada faoliyat olib boraman. O‘qituvchilik faoliyatimni 2011 yildan boshlaganman. Avvaliga uyda, keyinchalik turli o‘quv markazlarda o‘quvchilarga ingliz tilini o‘rgatib keldim. Ochig‘ini aytishim kerak, faoliyatim davomida juda ko‘p qiyinchiliklarga duch keldim. Ammo, har bir mashaqqat muvaffaqiyat darakchisi bo‘lishi rost ekan, bir o‘quvchim IELTS dan 8.0 natijani qo‘lga kiritganidan keyin o‘quvchilarim soni keskin oshdi. 2015 yilga kelib “IELTS CENTER” til markazi tashkil etildi. 2018 yildan beri markaz rahbari sifatida faoliyat yuritib kelaman. Hozirgi vaqtda markazda 2 mingga yaqin o‘quvchilar ingliz tilini o‘rganib keladi. 2 ta filialimiz mavjud.
Shaxsiy tajribamdan kelib chiqib shuni aytishim mumkinki, til o‘rganish har tomonlama insonning o‘ziga bog‘liq. Kuchli va astoydil mehnat qilinsa, 3 oyda ham kerakli natijaga erishish mumkin. Yuqorida ta’kidlaganimday, asosiy mas’uliyat hamisha o‘quvchining gardanida bo‘lishi lozim.
– Shaxsiy tajribangizdan kelib chiqib, xorijiy tilni qisqa fursatda tez va samarali o‘rganish bo‘yicha tavsiyalar bera olasizmi?
– Xorijiy tilni tez fursatda samarali o‘rganish uchun birinchi navbatda ko‘p so‘z yodlash kerak bo‘ladi. Ko‘p miqdordagi so‘zlarni yod olishning qulay usuli bu – o‘rganayotgan xorijiy tilingizni sevimli mashg‘ulotingizga ko‘chirish. Masalan, agar siz qo‘shiq aytishni yaxshi ko‘rsangiz, har kuni belgilangan me’yordagi so‘zni yodlab bo‘lganingizdan so‘ng, o‘sha so‘zlar ishtirokida qo‘shiq aytishingiz mumkin. Bu o‘rgangan so‘zingizni tez yodlash bilan bir qatorda, xotirangizdan mustahkam o‘rin olishiga sababchi bo‘ladi.
Yana bir usul til o‘rganayotgan boshqa tengdoshlaringiz bilan tez-tez muloqotda bo‘lib turish. Bu kabi muloqotlarda xato bo‘lsa ham gapirishga harakat qilish kerak.
Shuningdek, 30-40 so‘zdan iborat qisqa matnlarni yodlab borish ham foydadan holi bo‘lmaydi. Qanday vaziyat va usulda bo‘lishdan qat’i nazar, til o‘rganish uchun ko‘p vaqt ajratishga harakat qilish kerak. O‘z ustingizda qancha ko‘p ishlasangiz, natijasi shuncha tez bilinadi. Eng muhimi, qattiq mehnat, sabr va ishtiyoq...
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi
Iroda BEKMURODOVA suhbatlashdi.
Shavkat AKRAMOV olgan suratlar