Jahonning mashhur fizik, matematik va astronom olimlari Samarqand davlat universitetida jamlandi…
Samarqand davlat universitetida Ali Qushchi tavalludining 620 yilligi hamda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tashkil topganligining 80 yilligiga bagʻishlangan «Ali Qushchi – Mirzo Ulugʻbek ilmiy maktabining buyuk elchisi» mavzusida xalqaro konferensiya o’z ishini boshladi. Samarqand viloyat hokimligi tashabbusi bilan o’tkazilgan ikki kunlik anjumanda AQSH, Xitoy, Rossiya, Hindiston, Janubiy Koreya, Ozarbayjon, Turkiya kabi davlatlardan 30 dan ziyod olimlar ishtirok etdi.
Xalqaro anjuman viloyat hokimligi, Samarqand davlat universiteti, O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Matematika, Astronomiya instituti hamkorligida tashkil etildi.
Samarqand davlat universitetida ushbu konferensiyani 21-sentabr kuni o’tkazilayotgani ham bejizga emas. 1420-yil mazkur tarixiy sanada Mirzo Ulug’bek madrasasida ilk bor Ali Qushchi talabalarga ma’ruza o’qigan...
Nufuzli anjumanni Samarqand davlat universiteti rektori, O’zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov kirish so’z bilan ochdi:
- Ilm-fanning rivojlanishida buyuk ajdodlarimizning ilmiy ishlari katta hissa bo‘lib qo‘shilganligi tarixiy haqiqat. Ularning ilmiy merosini asrab-avvaylash va kelajak avlodlarga yetkazish yo‘lida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, buyuk o‘zbek olimi, matematik va astronom Alouddin Ali ibn Muhammad al-Qushchi nomini faxr bilan e’tirof etamiz. 2023 - yilda Ali Qushchi tavalludiga 620 yil to‘ldi. Shu bilan birga bu yil mamlakatimiz ilm-fan taraqqiyotida katta hissa qo‘shib kelayotgan O‘zbekiston Fanlar Akademiyasining ham tashkil topganiga 80 yil to‘ldi… Albatta, ushbu konferensiya uchun aynan Samarqand tanlangani bejiz emas. Qariyb uch ming yillik tarix va madaniyatga ega bo‘lgan bu ko‘hna shahar asrlar davomida Buyuk ipak yo‘lidagi muhim chorraha bo‘lib kelgan... Konferensiyaning maqsadi Mirzo Ulug‘bek maktabi va Ali Qushchi ilmiy merosini chuqur o‘rganish, matematika va astronomiyaning turli yo‘nalishlarining bugungi holati hamda rivojlanish istiqbollarini muhokama qilish, yoshlarni ilmiy tadqiqot sohasiga keng jalb qilish, fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasi samaradorligini oshirish bo‘yicha tegishli tavsiyalar ishlab chiqish hamda xalqaro ilmiy hamkorlikni kuchaytirishdan iboratdir...
Shundan so’ng Samarqand viloyat hokimi, Senator Erkinjon Turdimov so’zga chiqib, Samarqand davlat universiteti kuni munosabati bilan bilan universitetdagi barcha professor-o’qituvchilarni tabrikladi. Ali Qushchining ilm-fan rivojidagi hissasi va o’rni, uning asarlari hamda hayot yo’liga to’xtaldi:
- Bugun biz Ali Qushchi kabi betakror va ulug alloma merosiga murojaat qilyapmiz. Zero, bu matematik va astronom olim faoliyatiga bag’ishlangan anjumanning Samarqandda o’tkazilishiga ramziy ma’no bor. Chunki, Ali Qushchi XV asrda Samarqandda tug’ilib, voyaga yetdi, kamol topdi hamda ilmiy asarlarini arab va fors tillarida yozib qoldirdi. Binobarin, Ali Qushchi o’z asarlarida Samarqand ilmiy adabiy muhitining qudrati va salohiyatiga yuksak baho bergan. Bu haqda bir nechta risolalarini yozgan…
Xalqaro anjumanning yalpi majlisida O‘zbekiston Qahramoni, O‘zRFA V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika instituti direktori, akademik Shavkat Ayupov, AQSH ning Dallasdagi Texas universiteti Nanotexnologiya instituti direktori o‘rinbosari, ITMO universiteti gibrid nano fotonika hamda optoyelektronika laboratoriyasi mudiri, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi Anvar Zohidov, Astronomiya instituti direktori, akademik Shuhrat Egamberdiyev, Boku davlat universiteti rektori, professor Elchin Babayev, Xitoy fan va texnologiya universiteti professori Shi Yunli, Janubiy Koryeaning Yonsey universiteti professori Eun Hee Lee kabi mashhur olimlar ma’ruza bilan ishtirok etdi.
Anjuman “Matematik analiz”, “Algebra va geometriya”, “Differensial tenglamalar va matematik fizika”, “Ehtimollar nazariyasi va matematik statistika”, “Hisoblash matematikasi va matematik modellashtirish”, “Mirzo Ulug‘bek maktabi va Ali Qushchi ilmiy merosi va ularning astronomiya fanining rivojlanishidagi o‘rni” kabi sho‘balarga bo’lingan holda davom etmoqda…
- Bugun Samarqand davlat universiteti kunini nishonlash menga ham nasib qildi, - deydi Anvar Zohidov. - Tarixiy kun munosabati bilan SamDU da jahonning eng mashhur fizik, matematik va astronom olimlari jamlangan. Anjumanda matematika, fizika va astronomiya sohalaridagi ilmiy tadqiqotlarning natijalari fan va ta’lim uyg‘unlashishining ustuvor tomonlari muhokama qilindi. Bugun menga Rustam Xolmurodov Samarqand davlat universitetining “Faxriy professori” unvonini topshirdi. Bu men uchun sharaf. Joriy yil hisobidan Samarqand davlat universitetiga uchinchi bor tashrif buyurishim. Mazkur konferensiya doirasida SamDUdagi Markaziy Osiyoda yagona bo’lgan “Samarqand kvant markazi” ochildi.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati,
Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.