Samarqand davlat universitetida “Saljuqiylar tarixiy geografiyasi – Turkiston” III xalqaro simpoziumi o’z ishini boshladi…
Nufuzli anjumanda Turkiya, Eron, Belgiya, Ruminiya, Ozarbayjon, Iroq, Falastin kabi davlatlardan 40 ga yaqin olimlar va yurtimizdagi oliy ta’lim muassasalaridan 50 dan ziyod professor-o’qituvchi va tadqiqotchilar ishtirok etmoqda.
Xalqaro simpozium Samarqand davlat universiteti va Turkiyaning Nejmettin Erbakan universiteti hamkorligida tashkil etilgan.
Marosim dastlab O’zbekiston va Turkiya davlatlarining madhiyalari bilan boshlandi.
Anjumanning yalpi majlisida Samarqand davlat universiteti rektori, O’zbekiston Respublikasi fan arbobi Rustam Xolmurodov, Turkiyaning Nejmettin Erbakan universiteti rektori, professor Jem Zorlu, Turkiyaning Samarqanddagi Bosh konsuli Salih Janer, Samarqand viloyati hokimining turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Rustam Qobilov, SamDU filologiya fakulteti dekani, taniqli turkolog Jo’liboy Eltazarov ma’ruzalari bilan qatnashdi.
Simpozium Saljuqiylar tarixi va geografiyasini belgilash, O‘rta Osiyodan O‘rta yer dengizigacha bo‘lgan chegaralari va hukmronlik qilgan davri, Turkiston tuproqlarida Saljuqiylar davlatining tashkil qilinishi, Saljuqiylar davrining xronologiyasini aniqlash va bugungi kungacha meros bo‘lib kelgan jihatlarini ochib berish maqsadida tashkil qilingan. Shuningdek, Saljuqiylar davridan hozirgi kungacha saqlanib qolgan moddiy madaniy yodgorliklarni ilmiy jihatdan tadqiq etish, Saljuqiylarning siyosiy kurashining barcha jihatlarini muhokama qilish ko’zda tutilgan.
Uch kun davom etadigan simpoziumda Saljuqiylar davrida Turkiston o‘lkasining geografiyasi, tarixiy jarayonlari, siyosiy harakatlar, ijtimoiy hayot, iqtisodiy ahvol, ilm-fan va tafakkur, madaniyat va san’at asarlari, shaharlar va shahar hayoti kabi mavzular muhokama qilinishi rejalashtirilgan.
Turkiyaning Nejmettin Erbakan universiteti rektori, professor Jem Zorlu:
- Ota makonda ekanligim menga faxr-iftixor bag’ishlaydi. Tarixdan biz bir xalq bo’lganmiz, dinimiz, tilimiz, madaniyatlarimiz bir. Men Samarqand davlat universiteti faoliyati bilan yaqindan tanishdim. Turkologiya ilmiy tadqiqot institutida bo’ldim. Bu yerda turk tilining o’rgatilishi meni quvontirdi. Kecha Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodov bilan uchrashdik. Ilm-fan, madaniyat, siyosat va bir qator sohalar bo’yicha gaplashdik. Talaba va professor-o’qituvchilar alamashinuvi yo’lga qo’yish, ilmiy tadqiqot markazlarini tashkil etishga kelishdik. Universitetlarimiz o’rtasida hamkorlik memorandumini imozladik. Bugungi simpozium hamkorligimizning dastlabki amaliy natijasidir.
Mustafo Kuchuko’ner, Nejmettin Erbakan universiteti professori:
- Mazkur anjumanda “Turkistondan Anadolugacha bo‘lgan me’moriy meros” nomli san’at ko’rgazmam bilan ishtirok etmoqdaman. Turkiyadan Samarqandga 30 ta chizgilarimni olib kelganman. Bularning 15 tasi Samarqandga oid bo’lsa, qolgan 15 tasida Turkiya tarixiy obidalari aks ettirilgan. Asarimda Samarqand va Turkiya turli xil davrlarda aks etgan. Simpozium doirasida ushbu ko’rgazmaning ochilishi bo’lib o’tdi. Mening ijodim, anjuman qatnashchilarida katta qiziqish uyg’otdi. Bundan xursandman. Ushbu asarlar 2 kun davomida ochiq holda turadi. Qiziquvchilar kelib bahra olishlari mumkin…
Emrah Yilmaz, Samarqand davlat universiteti Turkologiya ilmiy tadqiqot instituti dotsenti, PhD:
- Biz Turkiyada yashovchi turklar, o’zimizning asoslarimizni aynan saljuqiylar, o’g’uzlar bilan bog’laymiz. Ulardan oldin hunlar, ko’kturklar, avarlar, xazarlar, uyg’urlar, qoraxoniylar va g’aznaviylar hukmronlik qilgan bo’lsalar ham, Anado’lining eshigi biz turklarga saljuqiylar bilan ochilgan. Ayniqsa, Turkiya Respublikasining tarixiy 1040-yilda bo’lib o’tgan Dandanakan jangida saljuqiylarning g’aznaviylar ustidan g’alaba qozonishi bilan boshlanadi. Keyinchalik Sulton Alparslon boshchiligida Manzikertning g’alabasi bilan turklar Anadoliga joylashadilar… Mazkur xalqaro simpoziumning Samarqand davlat universitetida o’tkazilishi bejiz emas. Samarqand 3-saljuqiylar sultoni Malikshoh davrida davlatning asosiy shaharlaridan biri bo’lgan. Saljuqiylar Sharq va G’arbni birlashtirgan davlat sifatida mavjud bo’lgan. Ilm-fanga bergan ahamiyati tufayli Nishopur, Marv, Isfaxon va Bag’dod kabi shaharlarda Nizomiya madrasalari bilan ta’lim tizimini joriy qilgan va rasdaxonalar tashkil etilgan…
Xalqaro simpozium sho’balarga bo’lingan holda o’z ishini davom ettirmoqda…
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati,
Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.