Samarqand davlat universiteti qattiq jismlar fizikasi kafedrasi assistenti To‘lg‘anoy Sharofova “Yarimo‘tkazgichli birikmalarda amorflashuvning kritik dozasini hisoblash” mavzusida ilmiy tadqiqot olib boradi. Mazkur mavzu bo‘yicha 15 dan ortiq ilmiy maqolalar muallifi. Rossiya, Hindiston, Latviya kabi davlatlarning nufuzli ilmiy nashrlarida maqolalari chop etilgan. Bir necha yillardan beri fizika fakulteti talabalariga “Qattiq jismlar fizikasi”, “Yarimo‘tkazgichlar fizikasi”, “Elektronika va signallarni qayta ishlash” kabi fanlardan dars berib keladi.

    – Yurtimiz azal-azaldan dunyo tamaddunining beshigi bo‘lib kelgan, - deydi To‘lg‘anoy Sharofova. - O‘tmish davrlaridan boshlab mamlakatimiz hududida aniq va tabiiy fanlar rivojlanib borgan. Xorazmiy, Farg‘oniy, Beruniy, Ibn Sino, Nasriddin Tusiy kabi allomalarimiz jahon ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shdi. Ular asos solgan ilmiy an’analar XX asrning 40-yillaridan boshlab O‘zbekistonda fizika fanini rivojlantirish jarayonida nufuzli ilmiy maktablar tashkil etish bilan davom ettirildi. Mamlakatimiz fizik olimlari qattiq jismlar fizikasi, atom yadrosi fizikasi, yarim o‘tkazgichlar fizikasi, lazer fizikasi va issiqlik fizikasi sohalarida juda katta ilmiy natijalarga, muvaffaqiyatlarga erishmoqda.

    Bugun fizika fanida ilmiy tadqiqot bilan shug‘ullanib kelayotgan fiziklar orasida ayol olimalarning ham borligi quvonarli hol. Bugungi kunda fizika fakultetida mavjud 5 ta kafedrada 10 dan ortiq olima faoliyat yuritadi. Ularning har biri o‘z ilmiy tadqiqoti bilan fanning ertangi ravnaqiga munosib tarzda o‘z hissalarini qo‘shib kelmoqda.

 

Iroda Bekmurodova

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi.

Shavkat Akramov olgan suratlar