Samarqand viloyati Toyloq tumani Shopo‘lat qishlog‘i. Xurshiddin Safarov va Nilufar Mavlonovalar xonadoni. Hozirgi kunda ushbu uyda Jahon, Osiyo va O‘zbekiston chempioni Sharofiddin Amriddinov istiqomat qiladi.

    Sharofiddin Amriddinov Gretsiyada o‘tkazilgan og‘ir atletika bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi Jahon chempionatida mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

    Sharofiddin yoshligidan sportga qiziqar, barcha bolalar o‘z vaqtini multfilm ko‘rishga sarflasa, u sport musobaqalarini afzal ko‘rar edi. Oyisi Nilufar Mavlonovaning aytishicha, o‘g‘li ba’zida ushbu sport harakatlarini uyda bajarib ko‘rar, tabiiyki ona havotir olib, uni bu yo‘ldan qaytarishga urinardi. Agar uning hayotida noodatiylik bor desangiz, adashgan bo‘lasiz. U ham tengdoshlari singari qo‘y boqib, tomorqa ishlarida otasiga dastyor edi. Lekin ich-ichidan nimadir uni sport sari yetaklashda davom etdi.      

    2015-yil Sharofiddinning orzusi amalga oshdi. Dadasi uni Toyloq olimpiya zahiralari kollejiga olib kelganida u endigina 13 yoshda edi.

    Tinimsiz mehnat va harakat, o‘z oldiga qo‘yilgan maqsad sari intilish Sharofiddinni olg‘a borishga undaydi. U 15 yoshida O‘zbekiston, 17 yoshida Osiyo chempionatida faxrli o‘rinlarni egallab, Jahon chempionati sari o‘zining ilk yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi.

    - Gretsiyadagi chempionat men uchun eng esda qolarli musobaqa bo‘ldi, - deydi Sharofiddin Amriddinov. - Bu birinchi marta Jahon chempionatidagi chiqishim edi. O‘sha kuni men ikki marta chempion bo‘ldim. Birinchisi, turnirdagi yutug‘im bo‘lsa, ikkinchisi, rektorimiz Rustam Xolmurodovning shaxsan o‘zlari ota-onamga minnatdorlik xati yuborgani bo‘ldi. Men Gretsiyada paytim, oila a’zolarimga bunday e’tibor bo‘lishi ko‘nglimni yana ham yumshatib yubordi, to‘g‘risi, ko‘zimga yosh keldi.

Umuman olganda turnir yaxshi o‘tdi. 70 dan ziyod davlatlardan 300 dan ortiq sportchilar ushbu musobaqada ishtirok etdi. Quvonarlisi, biz O‘zbekistondan 6 kishi edik, beshtamiz faxrli o‘rinlarni egallab, umumjamoa hisobida 3-o‘rinni qo‘lga kiritdik. O‘zim haqimda aytsam, dastlabki chiqishlardan keyin belimdan jarohat oldim. Murabbiyim ikkilanib qoldi. Lekin o‘sha payti ko‘z oldimga oila a’zolarim, yaqinlarim kela boshladi. Biz oxirigacha kurashishga qaror qildik. So‘nggi daqiqalar juda hayajonli o‘tdi. Eng yaqin raqibim Armanistonlik Petros Petrosyan men bilan tengma-teng kurash olib borayotib, birdan og‘irlikni 10 kilogrammga oshirib yubordi. Albatta, bu bizni biroz o‘ylantirdi-yu, lekin cho‘chita olmadi. Biz ham o‘z o‘rnimizni bildira oldik va faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdik.

    - Bizda faqat kuch emas, taktika, ruhiyat va kayfiyatning yaxshi  bo‘lishi ham muhim o‘rin tutadi. Vaqtim bo‘ldi, deguncha akalarimiz, Olimpiada chempioni Ruslan Nuriddinov, Jahon chempioni Akbar Jo‘rayevlardan ana shu omillarni yaxshilash ustida ma’lumotlar olamiz.

    Ota-onam eng ko‘p qo‘llab-quvvatlovchi insonlarimdir. Men otam va onam bilan faxrlanaman. Ularning menga bildirgan ishonchi doim olg‘a borishga undaydi. Shu o‘rinda, o‘z tengdoshlarim va ukalarimga sport bilan shug‘ullanishlarini tavsiya qilgan bo‘lar edim. Balki siz chempion bo‘lmassiz, lekin sizdan ko‘rib qaysidir ukangiz yo jiyaningiz shu sohaga, albatta, keladi. Mana ko‘rasiz, u hali chempion ham bo‘ladi.

    Sharofiddin ayni vaqtda Toshkentda o‘tkaziladigan yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatiga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Undan so‘ng, qahramonimizni Turkiyaning Ko‘nya shahrida Islom birdamlik o‘yinlari kutib turibdi. Albatta, Sharofiddin ushbu musobaqalarda ham shohsupani zabt etib, oltin medallar bilan qaytishini tilab qolamiz.

Otabek Sa’dullayev,

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi.