Aroniya mevasi haqida eshitganmisiz?
Samarqand davlat universiteti biologiya fakulteti magistri Maftuna Qayumova “Samarqand viloyati sharoitida aroniya o‘simligining biologik xususiyatlari” mavzusida ilmiy tadqiqot olib boradi. Tadqiqotchi mazkur mavzu bo‘yicha 10 ga yaqin maqolalar muallifi.lmiy rahbari SamDU botanika kafedrasi mudiri, professor Xislat Haydarov.
– Ilmiy adabiyotlarda aroniya mevasi dorivor o‘simlik sifatida qayd etiladi, - deydi Maftuna Qayumova. - Aroniyaning 10% miqdorini shakar, ya’ni glyukoza va fruktoza, spirt sorbit tashkil etadi. Oziq-ovqatga shirin ta’m beradi va insonlarda qandli diabet kasalliklarida qand miqdorini sezilarli kamaytirish xususiyatiga ega. O‘simlik mevalari P vitaminlarga boy. Mevasi tarkibida o‘rtacha antatsion pigmentlarning miqdori 6,4% ni tashkil etadi. Aroniya mevasi tarkibi mikroelementlarga boy bo‘lganligi sababli, boshqa o‘simliklardan tubdan ajralib turadi. Uning mevasi tarkibida bor, ftor, yodli birikma, temir, mis, marganes, molibden birikmalari mavjud. Mevasining umumiy ishqorlik darajasi olma mevasidan 1,3% ga kam. Bundan tashqari aroniya mevasida nordon ta’m beruvchi pektin va oshlovchi moddalar bilan birga, glikozid amegdalinlari ham mavjud. Aroniya mevasi shifobaxsh o‘simliklar ichida eng ko‘p antioksidant saqlovchi meva hisoblanadi. Bu xususiyat bilan u qarish jarayonining oldini oluvchi mahsulotlar safiga kiradi. Aroniya mevasi tarkibida mineral moddalar, vitaminlar va biologik aktiv moddalarning ko‘pligi uning biokimyoviy tarkibini o‘rganishda katta qiziqishlarga sabab bo‘lmoqda.
Tabobatda aroniya mevasi yurak-qon tomir, jigar, qalqonsimon bez, metabolik sindromlar, diabet, gipertoniya, oshqozon-ichak kasalliklarini oldini olish va davolashda ishlatiladi. Madaniylashtirilgan turlari oziq-ovqat, manzarali va dorivor o‘simlik sifatida ekiladi. Shu sababli ham bu o‘simlikni O‘zbekistonda madaniylashtirish hamda ko‘paytirish usullarini o‘rganish muhim ahamiyatga ega. Qora mevali aroniya tarkibida biologik aktiv moddalardan yod va vitaminlar ko‘pligi sababli undan olingan sharbatlar yod tanqisligi va qon-tomir kasalliklarini oldini olish va davolashda foydalanish mumkin. Qora mevali aroniya biologik aktiv moddalarga boyligi sababli quruq mevalari biologik aktiv qo‘shimcha sifatida, non sanoatida va qandolatchilik sohasida foydalansa bo‘ladi. Shuningdek, farmasevtika sanoatida aroniya plantatsiyalarini barpo etishda qalamcha usulida ko‘paytirish va bunda ikki yillik novdalardan foydalanish tavsiya etiladi.
Iroda Bekmurodova
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat Akramov olgan suratlar.