Qandli diabet kasalligining darajalari va davolash choralari

Samarqand davlat universiteti biologiya fakulteti talabasi Marjona Rajabboyeva “Qandli diabet kasalligini o‘z vaqtida aniqlash va davolash chora-tadbirlari” mavzusida ilmiy tadqiqot olib boradi. Ushbu mavzuga doir bir qator maqolalari respublika va xalqaro nashrlarda chop etilgan. Ilmiy rahbari genetika va biotexnologiya kafedrasi mudiri, dotsent Gavhar Dushanova.
– Hozirgi kunda qandli diabet kasalligini ko‘plab insonlarda kechayotganini ko‘rib kelmoqdamiz, - deydi Marjona Rajabboyeva. - Biz bu kasallikni davolash, oldini olish, kasallik darajalarini bilish va tekshiruv jarayonlarini yanada osonlashtirishimiz kerak. Qandli diabet kasalligi asoratlari oqibatida ichki organlar yetishmovchiligi kelib chiqadi.
Qandli diabet glyukozaning o‘zlashtirilishi buzilishi bilan bog‘liq bo‘lgan va insulin gormonining nisbiy yoki mutlaq yetishmovchiligi yuzaga keladigan endokrin kasalliklar guruhidir. Buning oqibatida qonda qand miqdorining turg‘un oshishi kuzatiladi. Kasallik surunkali kechishi, shuningdek uglevod, yog‘, oqsil, mineral va suv-tuz metabolizmi buzilishi bilan xarakterlanadi. Kasallik jiddiylik darajasiga qarab tasniflanadi.
Kasallikning birinchi darajasida qon tarkibidagi qand miqdori insulin bilan butunlay qoplanadi, boshqa ko‘rsatkichlar ham me’yorda boladi. Kasallik fonida rivojlangan patologiyalar uchramaydi, asoratlar kuzatilmaydi. Bunday natijaga davolash kursiga to‘liq amal qilish va parhez tutish yordamida erishiladi.
Kasallikning ikkinchi darajasida ko‘rish faoliyati, buyrak, yurak-qon tomir va nerv tolalarida shikastlanishlar mavjud bo‘ladi.
Uchinchi darajada kasallik faol rivojlanishi kuzatiladi. Qondagi glyukoza miqdor 3-14 mmol/l atrofida bo‘ladi, yuqori proteinuriya kuzatiladi, shikastlangan organlar asta-sekin belgi berishni boshlaydi. Ko‘rish o‘tkirligi pasayadi, gipertoniya kuzatiladi, oyoqlarda va barmoq uchlarida sezuvchanlik kamayadi.
Qandli diabetning 4-darajasida mutlaq dekompensatsiya kuzatiladi. Glyukoza miqdori jiddiy darajada ko‘tariladi, qand miqdorini tushirishga urinish samara bermaydi. Peshob orqali oqsil ajralishi yanada faollashadi. Buyraklar yetishmovchiligi yuzaga keladi, terida yaralar va gangrena uchrashi mumkin. Komaga tushish xavfi o‘ta yuqori bo‘ladi.
Tahlil natijalariga ko‘ra, insonlarda yosh o‘tgan sari qondagi glyukoza miqdori oshib borar ekan. Bundan tashqari ayollarda, erkaklarga nisbatan qandli diabet kasalligiga moyillik kuchliroq bo‘lishi aniqlandi. Kasallik qancha erta aniqlansa uni davolash yo‘llari ham shuncha oson bo‘ladi. Shu sababli, katta yoshdagi insonlarga qondagi glyukoza miqdorini nazoratda ushlab turish bo‘yicha tez-tez tibbiy ko‘rikdan o‘tib turish tavsiya etiladi.
Iroda Bekmurodova
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat Akramov olgan suratlar.