“Samarqand davlat universiteti fan olimpiadasi” g‘oliblari universitetga o‘qishga qabul qilinadi

Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetida umumta’lim maktablari bitiruvchi sinf o‘quvchilari uchun fizika, informatika va matematika fanlaridan “Samarqand davlat universiteti fan olimpiadasi” o‘tkazildi.
Mazkur bilimlar sinovida viloyatimizdan jami 3774 nafar bitiruvchi yoshlar ishtirok etdi. Universitetda o‘tkazilgan so‘nggi bosqichda jami 48 nafar o‘quvchi o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazdi. Quvonarli tomoni ushbu olimpiadada g‘olib bo‘lgan ishtirokchilar Samarqand davlat universitetiga o‘qishga qabul qilinadi.
Olimpiadani Samarqand davlat universiteti ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Hakim Hushvaqtov kirish so‘z bilan ochib, barcha qatnashchilarga omad tiladi.
- Olimpiadaning hududiy va tuman bosqichlarida muvaffaqiyatli ishtirok etdim, - deydi Kattaqo‘rg‘on shahri 11-IDUM o‘quvchisi E’zoza Elmonova. – Universitet bosqichi juda ham qizg‘in ruhda o‘tmoqda. Savollar yaxshi tuzilgan. Ilmiy jumboqlar bilan birgalikda odamni o‘ylashga, fikrlashga undaydigan mantiqiylari ham bisyor. Ushbu olimpiadada g‘olib bo‘lgan ishtirokchilar Samarqand davlat universitetiga imtihonsiz o‘qishga qabul qilinishi biz yoshlar uchun yaratilgan katta imkoniyatlardan biri. Buning uchun SamDU rahbariyatiga o‘z minnatdorligimizni bildiramiz.
- Prezidentimiz tomonidan ilgari surilayotgan tashabbuslarning eng ilg‘or ijrochilaridan biri bu Samarqand davlat universiteti, - deydi Qo‘shrabot tumani 35-maktab direktori Bahrom Bobonazarov. – Oldin yoshlarimiz uchun bunday imkoniyat qayda edi. Bugungi olimpiada bolalarimizni o‘qishga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirishga, ularni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi. Men o‘quvchilarimning ko‘zida o‘zlariga bo‘lgan ishonchning yanada ortayotganini ko‘rib, rosa ham quvondim.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.
Shavkat Akramov olgan suratlar.