Cho’l-yaylov chorvachiligi mamlakatimiz qishloq xo’jaligi va ishlab chiqarishida salmoqli o’rinni egallaydi. Bir necha asrlar davomida cho’l yaylovlari an’anaviy chorva mollarini boqish uchun yuqori sifatli yem-xashak yetkazib beruvchi ekotizim bo’lib, xizmat qildi. Uning barqaror rivojlanishini ta’minlash oziq-ovqat xavfsizligi va xalqimiz turmush farovonligini ta’minlash omillaridan biri hisoblanadi.

    Cho’l-yaylov chorvachiligida tabiiy yaylovlar asosiy ozuqa manbai hisoblanadi va ulardan yilning barcha fasllarida foydalanib kelinadi. Mamlakatimizda mavjud cho’l yaylovlarining bugungi holatini, afsuski, yaxshi deb bo’lmaydi. Tizimsiz va tartibga solinmagan boqish natijasida vujudga kelgan hozirgi vaziyatni hisobga olgan holda ushbu muammo bugungi kunda eng dolzarb muammolardan biri hisoblanadi. Shu sababli, hozirgi paytda chorva mollarini boqish va uning oqibatlari bilan bog'liq tadqiqotlarga katta e'tibor berilmoqda. Yaylovlardan tartibsiz foydalanish, chorva mollarini muntazam boqilishi oqibatida inqirozga uchragan. Cho’l yaylovlarida o’simliklar qoplamining keskin o’zgarish holatlarini ushbu hudularda kam iste’mol qilinadigan, zararli va zaharli turlarning ko’payib borayotganligi misolida ko’rish mumkin. Bu esa yaylovlarning hosildorligini pasaytirish bilan birgalikda chorva mollari yaxshi yeydigan tabiiy o’simliklarning keskin kamayib borishiga va suv rejimi xususiyatlari buzilishi oqibatida cho’llanish jarayonlarining kuchayishiga olib kelmoqda.  Cho’llangan yaylov tiplarida barqaror va rang-barang turlar yо‘qolishi chorva mollarini boqish uchun yaroqsiz bо‘lgan ochiq yalangliklar paydo bо‘ladi. Tahlillarga ko‘ra, hozirgi kunga kelib mamlakatdagi yaylov maydonlaridan 16,4 million gektari (78 %) inqirozga  uchragan, 20 % dan ortiq maydondagi yaylov va pichanzorda o‘simliklar turlari soni kamayib, mahsuldorlik  2 barobarga qisqargan.   Yaylovlardan tartibsiz foydalanish nafaqat o‘simliklar qoplamining siyraklashishiga sabab bo‘lmoqda, balki floramiz xilma-xilligiga ham jiddiy xavf solmoqda. O‘zbekiston Respublikasi «Qizil kitobi»ga kiritilgan jami o‘simlik turlarining qariyb 40% bevosita chorva mollarining tartibsiz hamda haddan ziyod boqilishi oqibatida floramiz tarkibidan yo‘qolib borayotganligi achinarli holdir.

    O'simliklar jamoalarining barqarorligi va mahsuldorligining pasayishi tobora dolzarb bo'lib bormoqda. Bu kabi hydudlaraga Qarnobcho’l tabiiy yaylovlarini kiritish mumkin.

    So’nggi yillarda, mamlakatimiz hududida keskin tus olib borayotgan yaylov  inqirozi va cho’llanish muammolarini oldini olish va uni bartaraf qilish masalalari hukumatimiz agrar sohasi oldida turgan muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Inqiroz darajasi tobora ortib borayotgan bir sharoitda respublika yaylovlarining hozirgi holatini aniqlash va shu asosda ulardan oqilona foydalanish yo‘llarini ishlab chiqish eng dolzarb va murakkab masalalardan biri sanaladi. Yaylov fitosenozlarining ekologik va fiziologik jihatdan o’rganish yaylovlar holatini boholashda muhim hisoblanadi. Chunki ham ekologik, ham fiziologik o‘zgarishlar o‘simliklarning yashovchanligiga, yaylov biomassasining miqdori va sifatiga ta’sir qiladi. O'simliklarning atrof-muhitga ekologik, ham fiziologik ta'sirini bilish o'simliklarning antropogen omillarga qanday munosabatda bo'lishini tushunish uchun asos bo'ladi.


Shuhrat Valiyev, 
Samarqand davlat universiteti doktoranti.

Ilmiy rahbari - biologiya fanlari nomzodi, dotsent Toshpo'lot Rajabov.