Mamlakatimizni ishlab chiqarishda innovatsiya va intellektual hissaning yuqori ulushi bo‘lgan barqaror bozor iqtisodiyotiga, zamonaviy bozorda raqobatbardosh sanoatga, shuningdek, qulay investitsiyaviy va ishchanlik muhitiga ega bo‘lgan jadal rivojlanayotgan mamlakatga aylantirish zamonamizning ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.

    Jahonda globallashuv jarayonining chuqurlashuvi va chuqur bilim talab qiluvchi texnologiyalarga asoslangan ishlab chiqarishning ustuvor rivojlanishi har qanday mamlakatning iqtisodiy o‘sishi va turmush sifati oshishining zaruriy sharti innovatsion faollik bilan belgilanadi. Innovatsion faollik, o‘z navbatida, davlatning iqtisodiy va ilmiy-texnik imkoniyatlari, uning innovatsiyaga oid siyosati va salohiyati, shuningdek, jamiyatning ma’naviy holatiga bog‘liq. Innovatsion faollik bo‘y ko‘rsata boshlagan joyda o‘z-o‘zidan boshqaruv tizimiga ham innovatsion yondashishga ehtiyoj seziladi. Bu ehtiyoj yurtimizda innovatsion faoliyatni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning hamda davlat boshqaruvi, iqtisodiyot ustuvor tarmoqlari va ijtimoiy sohaga innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni amalda joriy qilishni rag‘batlantirish ham kadrlarni innovatsion boshqarishning samarali tizimini yaratish zaruratini taqozo etadi. Ushbu vaziyatga ilm ahllarining munosib hissasi sifatida Samarqand davlat universiteti bir guruh professor-o‘qituvchilarining “Kadrlarni innovatsion boshqarish” nomli darsligi chop etildi.

    Ushbu darslikda “Kadrlarni innovatsion boshqarish” tushunchasining mazmun-mohiyati, asosiy qonuniyatlari va vazifalari keng yoritilgan. Innovatsion jarayon va faoliyatlarning subyektlari, tashkiliy tuzilmalari, inson resurslarida innovatsiyalarni rivojlantirish va ishlab chiqarish, korxonalar va tashkilotlardagi innovatsiya jarayonlarni boshqarish, xodimlarning kompetensiyasi hamda tashkilotlarning strategik innovatsion rivojlanishi, innovatsiya tashkilotlarida xodimlarning ijodiy faoliyati haqida atroflicha ma’lumot beriladi. Innovatsiyalarning dasturlari va loyihalarini rivojlantirish, bu  jarayonda ilmiy tashkilotlar ishtirokchilari, innovatsion siyosat konsepsiyasining asosiy prinsiplari va yo‘nalishi, innovatsion biznes inkubatsiyasi hamda innovatsion g‘oyalarni tijoratlashtirish bo‘yicha muhim tushuntirish va takliflar berilgan.

    Kadrlarni innovatsion boshqarish innovatsion menejment va kadrlarni boshqarish o‘rtasidagi chegarada yuzaga chiqadigan sohasidir. Kadrlar ishida innovatsion boshqaruv obyekti bo‘lib, yangilanish va rivojlanish jarayonlari, korxonalar va boshqa ijtimoiy-iqtisodiy tuzilmalarning kadrlar hamda kadrlar tizimlariga bo‘lgan ehtiyoj hisoblanadi.

    Yuqori sifatli insoniy salohiyatini shakllantirish uchun sharoit yarata oladigan xalqlar va mamlakatlar dunyoda har doim yetakchi mavqeni egallashiga hech qanday shubha yo‘q. Mazkur darslik bu kabi rivojlanish va iqtisodiy o‘sishga o‘ziga xos tarzda hissa qo‘shishi shubhasiz.

 

Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati