Kichik hikoyalar muallifining katta yutuqlari, ulkan orzulari...

Adabiyot olamiga qisqa hikoyalari bilan kirib kelgan, bir qator tarjima asarlari bilan kitobxonlar qalbidan joy olishga ulgurgan Nodirabegim Ibrohimova nomi ko‘pchilikka tanish. Yozuvchi, tarjimon, “Nodirabegim.uz” sayti asoschisi, “Yoningdagi baxt”, “Men, dadam va Alsgeymer”, “Jodugar yoxud ming yillik hayot”, “Zulm va muhabbat” kabi asarlar muallifi Nodirabegim Ibrohimova “Qalb va qalam” loyihasining mehmoni...
-Ijodingizda yangiliklar bormi, adabiyot ixlosmandlariga qanday asarlar tuhfa qilish niyatidasiz?
-Ayni paytda tarjimalar bilan bandman. Nasib bo‘lsa yil oxirigacha bir nechta tarjima kitoblarim nashr qilinadi. Shuningdek, roman yozish uchun izlanyapman, g‘oya va mavzu o‘ylayapman. Ijod ahli hech qachon izlanishdan to‘xtamaydi. Chunki ijod to‘xtashlarni, sokinlikni yoqtirmaydi. Tinmay o‘qib, izlangan odam topadi, yaratadi.
-Har bir ijodkorning o‘z qalam charxi bo‘ladi...
-Mening qalamim charxi – tabiat. Qachonki tabiat bag‘riga chiqsam, o‘zimda yozish uchun kuch topaman. Tabiat go‘zalliklari men uchun hamisha ilhom manbai bo‘lib xizmat qiladi.
-O‘zbek yozuvchilaridan kimlarning ijodini kuzatib borasiz?
-Erkin A’zam, Abduqayum Yo‘ldosh, Nazar Eshonqul, Zulfiya Qurolboy qizi kabi adiblar ijodini kuzatib boraman. Ustozim Abduqayum Yo‘ldoshevning “Puankare” hikoyasidan ta’sirlanib, “Adibning vafoti” nomli hikoyamni yozganman. Qolaversa Jasur Kengboyev, Sherzod Ortiqov hikoyalarini o‘qib turaman.
-Yaxshi yozuvchi bo‘lish uchun nima qilish kerak?
-Yozuvchi bo‘lish uchun 99 foiz mehnat, 1 foiz iqtidor kerak degan gap yuradi. Albatta, bu to‘g‘ri. Xudo tomonidan berilgan iste’dodni mehnat orqali rivojlantirish kerak. Dangasalik – yozuvchining dushmani. Ijodkor ko‘nglida dard, iztirob bo‘lmas ekan, uning yozganlari o‘quvchilar ko‘ngliga kirib borolmaydi. Yozuvchining asosiy yutug‘i til bilishi. U o‘z asarini boshqa tillarga o‘zi tarjima qilsa tarjima asl chiqadi. Shuning uchun o‘z asarlarimni o‘zim ingliz tiliga tarjima qilaman. Yaqinda ingliz tilidagi hikoyalar to‘plamim Amerikada nashrdan chiqdi.
-Birinchi hikoyangizning yozilish tarixi haqida ayta olasizmi?
-Ilk hikoyam “Azon” nomli hikoya edi. O‘shanda 17 yoshda bo‘lganman. Tomga chiqib azon ovozini eshitib o‘tirganimda yozilgan.
-Badiiy asar yaratish chog‘ida ko‘proq hayotiy voqealarga tayanasizmi yoki bu borada fantaziyaning o‘zi yetarli bo‘ladimi?
-Ikkisi ham muhim. Shunchaki hayotdan ko‘chirib olishning o‘zi yetmaydi. To‘qimasiz tasvir oddiy bayon bo‘lib qoladi. Faqat badiiy to‘qimaning o‘zi esa asarni hayotdan uzib qo‘yishi mumkin. Men hamisha real hayotda uchraydigan voqealarga badiiy to‘qima uyg‘unlashtirgan holda obrazlar yaratishga harakat qilaman.
-Nasr bilan birgalikda tarjima sohasida ham bir talay asarlarni o‘zbek tiliga o‘girgansiz. Tarjimalaringiz 2018 yilda “Amarantus” adabiy agentligi tomonidan o‘tkazilgan tanlovda o‘zbek tilidan ingliz tiliga o‘girilgan “Eng yaxshi tarjima” nominatsiyasida 1-o‘ringa loyiq ko‘rilgan ekan. O‘zi umuman tarjima uchun asar tanlashda qanday omillarga tayanasiz? Siz uchun qaysi tildan tarjima qilish qulay?
-Garchi jurnalistika sohasida o‘qigan bo‘sam ham, universitetimizda bizga dars bergan o‘qituvchilar ijodga begona emasdilar. Tarjima sohasiga kirib kelishim ana shu talabalik yillarimda sodir bo‘lgan. Tarjima jarayonida, avvalo, o‘zim qiziqqan kitoblarni asl variantda o‘qib chiqaman. Voqealar jarayoni qiziq, ham inson dunyoqarashini boyitib, ozuqa bera oladigan asarlarni izlayman. Shu kunga qadar “Dunyodagi eng baxtli odam”, “To‘y sovg‘asi”, “Hayotning besh tortig‘i” nomli tarjimalar to‘plamim nashr etilgan. Har bir asarning o‘ziga xos tili, jozibasi bo‘ladi. Tarjima jarayonida mana shu jozibani saqlab qolish muhim. Aks holda tarjima asl variantdan uzoqlashadi. Shuni aytib o‘tishim joizki, tarjima yozuvchi uchun juda katta tajriba maktabi. Chunki, tajriba jarayonida tarjimon yozuvchidan so‘z qo‘llash qobiliyati, badiiy mahorat sirlarini o‘rganib boradi.
-O‘tgan yili “Men, dadam va Alsgeymer” kitobingiz nashr etildi. Kitobxonlarning ushbu kitobga munosabati qanday bo‘ldi? Tanqidlar ham bo‘ldimi?
-Kitob nashr etilgandan boshlab shu kungacha kitobxonlardan asosan ijobiy fikrlar eshitib kelyapman. Lekin bu asar mutlaqo tanqidlardan holi degani emas. Ancha yosh paytim yozilgan hikoyalarga nisbatan e’tirozlar ham uchrab turadi. Ularni o‘rinli qabul qilaman.
-Nega aynan Alsgeymer? Shaxsiy hayotingizda u bilan bog‘liqlik bormi?
-Alsgeymer butun dunyo bo‘ylab keng tarqalgan xastalik. Bu shunchaki xotira yo‘qolishi emas, oxiri o‘limga olib boradigan jiddiy kasallik. Bizda hali bu mavzu adabiyotga kirib kelmagan edi, ammo jahon adabiyotida, kinolarida ko‘plab uchraydi. Bu hikoyani o‘qigach, bir nechta insonlardan “Mening bobom yoki otam shu xastalikka chalingan, o‘qib yig‘ladim, vaqtida bilmaganmiz,” degan maktublar oldim. Ochig‘i, juda ta’sirlandim. Yozganlarimning oz bo‘lsa ham, o‘quvchilar qalbiga kirib borayotgani menga quvonch bag‘ishlaydi.
-“Jodugar yoxud ming yillik hayot” ijodingizning yana bir qirrasini ochib berdi. Asar yaratilishi haqida aytib bersangiz. Fantastik asar yozish ijodkordan nimalarni talab etadi?
-Fantastika janriga bolalikdan qiziqaman. Rey Bredberi ijodini yaxshi ko‘raman, doimiy ravishda kuzatib boraman. Fantastik asar yozish uchun ijodkorning xayolot olami keng bo‘lishi kerak. Buning uchun ko‘p o‘qish va izlanish yordam beradi. Hech esimdan chiqmaydi: qissa yozilayotgan vaqtda bir voqeani tushimda ko‘rganman va shu asosda asarni yozib tugatganman.
-Bugungi zamon o‘quvchilarining adabiyotga munosabati sizni qoniqtiradimi?
-Bugungi kunda asosan bir marta o‘qiladigan yengil tarjima asarlarga ruju qo‘yilyapti. O‘zbek va jahon klassik adabiyotining yuksak namunalari savdosi sust. Buning uchun bunday asarlar targ‘ibotini oshirish kerak, deb o‘ylayman.
-Bugungi Nodirabegim Ibrohimova hayotda va adabiyotda o‘z o‘rnini to‘la-to‘kis topa oldimi?
-Shunga intilmoqda...
-Hayotda nimadan qo‘rqasiz?
-Yoza olmay qolishdan.
-O‘tgan umringizni so‘zlarda tasvirlash kerak bo‘lsa, qanday janrdagi asar yaralgan bo‘lardi?
-Romantizmdan realizm sari yo‘l...
- An’anaviy savol: Har bir hududning o‘ziga xos adabiy va ilmiy muhiti bo‘ladi. Siz Samarqand adabiy muhiti haqida nimalar deya olasiz?
-Avvalo, ushbu loyihaga taklif etganingiz uchun rahmat. Samarqand adabiy muhiti bugungi adabiy jarayonda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan, o‘zbek adabiyotining bir qator ustunlari yetishib chiqqan adabiy muhitdir. Mening ilk hikoyalarim Samarqandda chiqadigan “Bekajon” gazetasida chop etilgan. Ijodga endigina kirib kelgan yosh qiz uchun bu juda katta muvaffaqiyat bo‘lgandi o‘shanda. Ushbu gazeta ham adabiyot maydoniga ko‘plab ijodkorlarni uchirma qilgan hisoblanadi – Umid Ali, Iroda Umarova, Xoliyor Safarov va shular qatorida kamina ham... Ilk marta Samarqandga “Bekajon” tufayli ijodiy sayohat uyushtirilganda borganman. Taassurotlarim bir olam edi. Ilk hikoyalarimga tahririyatning bergan e’tirofi motivasiya bo‘lib, katta maydonga qadam qo‘ydim. Shu sababli bugungi erishganlarimda Samarqandning o‘rni bo‘lakcha...
Suhbatdosh Iroda Bekmurodova
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.