Samarqand davlat universitetida ko‘zi ojiz abituriyentlar uchun kasbiy (ijodiy) imtihonlar bo‘lib o‘tdi...

Samarqand davlat universitetiga o‘qishga topshirgan ko‘zi ojiz abituriyentlar uchun amaliy matematika, filologiya, fizika, geografiya, ijtimoiy ish, iqtisodiyot, kompyuter ilmlari va dasturlash texnologiyalari, amaliy psixologiya, tarix, yurisprudensiya ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kasbiy (ijodiy) imtihonlar o‘tkazildi. Ushbu imtihonda abituriyentlar asosiy va chet tili fanlari bo‘yicha bilimlarini sinab ko‘rishdi.
Imtihon yozma va og‘zaki shaklda bo‘lib, 5 ta savol uchun bir soat vaqt ajratilgan. Javoblar mezon asosida besh ballik tizimda baholanadi.
Imtihonlarning shaffofligini ta’minlash maqsadida camera.samdu.uz platformasi orqali jonli efirga uzatildi. Bundan tashqari ota-onalarning jarayonlarni jonli kuzatib borish uchun alohida monitorli xona ajratilib, farzandlarining imtihonlarini nazorat qilish imkoniyati yaratildi.
- Bugun hammamiz uchun hayajonli kun. Farzandim imtihonlarga astoydil tayyorlangan, - deydi abituriyentning onasi Halima Boboyeva. – Bugun uning hayotida o‘zgarish yuz berishi mumkin. Imtihon juda yaxshi tashkil qilinib, shaffof o‘tmoqda. Biz to‘g‘ridan-to‘g‘ri jarayonlarni ovozli kamera orqali ko‘rib, eshitib turibmiz. Buning uchun universitet rahbariyati va tashkilotchilariga minnatdorchilik bildiraman. Eng quvonarlisi, imtihon natijalari shu paytning o‘zida e’lon qilinishida. Bu jarayonlarni yanada shaffof o‘tishini ta’minlaydi. Barcha abituriyentlarga omad!
- O‘tgan yili ham xuddi shunday imtihon jarayonlarida abituriyent sifatida ishtirok etgan edim va talabalik baxtiga muyassar bo‘ldim. O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika institutining 1-kursini tamomladim, - deydi Shehroz Daminov. – Bu yil ukam Samarqand davlat universitetining tarix yo‘nalishiga hujjat topshirdi. Menda hech qanday xavotir yo‘q. O‘tgan yildagidek imtihonlar adolatli va shaffof o‘tishiga ishonaman va buni barchamiz amalda ko‘rib turibmiz. Ukamning talaba bo‘lishiga ishonchim komil…
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.