“Ish-quroling soz bo‘lsa, mashaqqating oz bo‘lur...”yoxud bartaraf etilgan muammolardan biri haqida

Avtomobil ishlab chiqarish sanoati o‘zbek xalqining chin ma’nodagi faxridir. Uning poydevori mustaqillik yillarida qurilgan bo‘lib, iqtisodiyotimizda yetakchi o‘rin tutadi. Avtotransport vositalarini ishlab chiqaruvchi mamlakatlar o‘rtasida O‘zbekiston avtomobil sanoati 28-37-o‘rinlarda, Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida esa birinchi o‘rinda turadi.
Bugungi kunda mamlakatimizda avtomobilsozlik iqtisodiyotning jadal rivojlanayotgan sohalaridan biriga aylanib, o‘zbek avtosanoati zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan ko‘plab korxonalarni o‘z ichiga oladi. Hozirgi kunda avtomobil ishlab chiqarish tarmog‘ida 75 dan ziyod korxonalar bo‘lib, unda 225 ming nafardan ortiq ishchi va xodimlar faoliyat yuritadi.
Samarqand davlat universiteti boshlang‘ich va texnologik ta’lim kafedrasi katta o‘qituvchisi Shohista Mamasoliyeva “Avtomobilsozlik korxonalari xizmatchilari uchun yuqori gigiyenik va ekspluatatsion maxsus kiyim ishlab chiqish texnologiyasini takomillashtirish” mavzusida ilmiy tadqiqot olib boradi. Tadqiqotchi mazkur yo‘nalishda ishlab chiqqan loyihasi bilan yaqin kunlarda o‘tkazilgan “Hududning 100 nafar ixtirochi ayoli” haftaligi doirasida tashkil etilgan “Ixtirochi ayol - 2022” tanlovida ishtirok etib, “Eng yaxshi sanoat namunasi, seleksiya yutug‘i ratsionalizatorlik taklifi” nominasiyasida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
– Xizmatchilar uchun ishlab chiqariladigan maxsus kiyimlar insonni individual himoya qilishning zarur vositalaridan biri bo‘lib, uning maqsadi ishchilar tanasini fizik-mexanik va atrof-muhit omillarining salbiy ta’siridan va turli xil ifloslanishlardan himoya qilish, tananing me’yoriy termonazoratini, harakatlanish erkinligini, ekspluatasiya qilish qulayligini ta’minlashdan iborat, - deydi Shohista Mamasoliyeva, - Hozirgi vaqtda iste’mol bozorida taklif etilayotgan maxsus kiyimlar har doim ham ularga qo‘yiladigan talablar majmuini to‘liq qondirmaydi, har doim ham ishlab chiqarish muhitidagi muayyan sharoitlarning o‘ziga xos xususiyatlariga mos keladigan maxsus kiyimlarga bo‘lgan ehtiyojlarni ta’minlamaydi. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, maxsus kiyim himoya xususiyatlarining ekpluatatsiya qilish sharoitlariga muvofiqligini ta’minlash maxsus kiyimlarni ishlab chiqarishning eng dolzarb vazifalaridan biri bo‘lib, avtomobilsozlik tarmog‘i ham bundan mustasno emas.
Hozirgi kunda avtomobilsozlik korxonalari xizmatchilari uchun maxsus kiyimlar asosan import qilinadigan gazlamalardan tayyorlanadi. Ushbu import gazlamaning asosiy tarkibini polyester tashkil qiladi. Bu esa ekspluatatsion, gigiyenik va texnologik xususiyatlariga ko‘ra O‘zbekiston iqlim sharoitiga to‘liq javob bermaydi. Sababi, bizda iqlim quruq va issiq. Joriy ishchi kiyimlari tolalar tarkibida paxta juda kam miqdorni tashkil qiladi, deyarli havo o‘tkazmaydi. Bir kunda 8-10 soatlab ishlaydigan xizmatchilar uchun butun ish kuni davomida formada yurishning o‘zi alohida mashaqqatga aylangan. Biz iqlim xususiyatlarini hisobga olgan holda maxsus kiyimbop gazlamalar va maxsus kiyim komplektini O‘zbekistonda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishda tolaviy tarkibi o‘zgartirilgan yangi strukturali gazlama yaratdik. Ya’ni ishchilar kiyimi tayyorlanadigan gazlama tarkibiga polyester o‘rniga modal tolalarini qo‘shdik. Tayyor mahsulotning fizik-mexanik xususiyatlari tadqiq qilinganda yangi yaratilgan gazlamaning gigiyenik ko‘rsatkichlari, ya’ni havo o‘tkazuvchanligi va gigroskopikligi (inson tanasidan chiqqan terni shimib olish xususiyati) yuqoriligi aniqlandi. Bu yurtimizdagi nafaqat avtomobilsozlik balki boshqa ishlab chiqarish korxonalari ishchilari maxsus kiyimlari uchun ham mazkur gazlamani tavsiya etish mumkinligini ko‘rsatadi.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati