Samarqand davlat universiteti o‘zbek tili o‘qitish metodikasi kafedrasi dotsenti Jumagul Suvonovaning “Samarqandnoma” dostoni nashrdan chiqdi...

Ijod ahli hayot, tabiat, inson ko‘ngli va tuyg‘ularini jonli so‘z qudrati ila betakror misralarda aks ettiradilar. Tabiiyki, har bir yaratilgan asar so‘z qudratidan bunyod bo‘lgan bir bino kabidir. Shu kunga qadar ko‘hna va azim Samarqandimiz tarixiga bag‘ishlab ko‘plab asarlar yaratilgan. Ularning har biri adabiyot va tarix ilmida o‘z o‘rniga ega. Zotan, mudroq qalblarni uyg‘otishda, so‘ngan tuyg‘ularni yolqinlashtirishda, hayot haqiqatlarining inson ongida aks topishini ta’minlashda adabiyotdan kuchli ta’sir quroli yo‘q.
“Samarqandnoma”da azim Samarqand shahrining diniy va dunyoviy ilmu ma’rifati, aziz-avliyolari, madrasa va mudarrislari, qadimiy obidalari haqida hikoyalar zamonaviy o‘zgarishlar bilan uyg‘unlashtirilgan. Unda Shohi Zinda, Ruhobod, Sohibqiron Amir Temur maqbaralari, Sohibqiron bog‘lari, Registon maydoni, Ulug‘bek Oliy madrasasi va uning bugungi davomchisi Samarqand davlat universiteti haqida bo‘limlar o‘rin olgan. Doston xotimasidan joy olgan “Yangi Samarqand” fasli tasvirlari o‘quvchi ko‘z o‘ngida bugungi Samarqand shahri ko‘rinishini yaqqol gavdalantiradi.
- “Samarqandnoma”ni yozish istagi shunchaki havas bo‘lmadi, - deydi muallif. - Doston ayni damda o‘tmishni bilish, ajdodlar hayoti, ular merosi va yutuqlarini o‘rganish va o‘rgatish, necha o‘n ming yillik suronli tarixga nazar solish, xulosa chiqarish, shuurimizdagi befarqlikka barham berish va avlodlar tarbiyasidagi bo‘shlikni to‘ldirishga bo‘lgan kichik bir harakatdir. Bobolarimiz boshidan kechirgan shafqatsiz urushlar, ilmga tashnalik, og‘ir va azobli turmush tarzi hammamiz uchun doim ahamiyatli bo‘lgan. Biroq shunday og‘ir, kurashli davrlarda ular ko‘rsatgan matonat, o‘zligiga sadoqat, ma’rifatga intilish, ezgu tushunchalar tamoyilini ulug‘lash tuyg‘usi, Vatani va xalqiga muhabbat bugungi yoshlar uchun o‘rnak bo‘lishga arzigulik xususiyatlardir. Maqsadimiz yosh avlodga va keng kitobxonlar ommasiga yurtimizning shonli tarixi, qadimiy va navqiron obidalari, buyuk ajdodlarimiz ma’naviy xazinasi hamda ular hayotidagi olamshumul voqealar mazmunidan bir kichik guldasta tuzish. Yer yuzining sayqali bo‘lgan Samarqand tavsifi, kindik qonimiz to‘kilgan ona shahrimiz, uning yangi qiyofasi tasviri esa unga cheksiz muhabbatimizning ifodasidir. Asarda bayon etilgan barcha ma’lumotlar manbalar asosida yoritildi. Boshqa kamchilik yoki xatolar bo‘lsa, istisno qilasiz degan umiddamiz.
O‘n sakkiz bo‘limdan iborat ushbu doston orqali ko‘hna Samarqandimiz o‘tmishi kitobxon ko‘z o‘ngida yana bir karra yaqindan namoyon bo‘lsa ajab emas. Qadim va navqiron Samarqand, uning o‘tmishi, shonli sarhadlari haqida yaratilgan bunday asar mustaqilligimizning 31 yilligi uchun munosib tuhfa bo‘lishiga ishonamiz.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.
Shavkat Akramov olgan suratlar.