Turkiyaning Konya shahrida o‘tkazilgan V Islom birdamlik o‘yinlarida Samarqand davlat universitetining 7 nafar talabasi va 2 bitiruvchisi yurtimiz sharafini himoya qildi.

    Murosasiz kechgan bahslarda sportchi talabalarimiz munosib ishtirok etib, yuqori natijalarga erishdi.

    Dzyudo sport turi bo‘yicha Samarqand davlat universiteti talabasi va bitiruvchisi aka-uka Sardor va Kemran Nurillayevlar oltin hamda kumush medalga sazovor bo‘lib, yuqori reytingni qayd etdi.

    Erkin kurash bo‘yicha  Shohida Ahmedova kumush medalga ega bo‘ldi.

    Ushbu musobaqada og‘ir atletika bo‘yicha eng yuqori natijani O‘zbekiston terma jamoasi aʼzolari qayd etdi. Amaldagi Yosh va O‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempioni Sharofiddin Amriddinov eng yosh ishtirokchi bo‘lishiga qaramay, bronza medaliga sazovor bo‘lib, kun qahramoniga aylandi.

    Yengil atletika bo‘yicha muvaffaqiyatli ishtirok etgan Roksana Xudoyorova uzunlikka sakrashda 6.32 metr natija bilan bronza medaliga ega chiqdi.

    Jahon va Osiyo chempionatlarida munosib ishtirok etib, kelayotgan Botirjon Ismatov velotrek sporti bo‘yicha jamoaviy bahslarda bronza medalini qo‘lga kiritib, eng yaxshi velosportchi, deya eʼtirof etildi.

    SamDU talabasi Amirxon Sodiqov va FarDU talabasi Ziyodaxon Abdusattorova dueti kamondan o‘q otishning mikst yo‘nalishidagi harakati bronza medalini qo‘lga kiritishiga sababchi bo‘ldi.

    Dzyudo olamida 2022 yil bo‘yicha yuqori reytingni qayd etib turgan “Tokio-2020” olimpiada o‘yinlari sovrindori, SamDU bitiruvchisi Davlat Bobonovga ham bronza medali nasib qildi.

    Ozodbek Ungalovga kamondan o‘q otish sporti bo‘yicha bronza medal uchun “Tokio-2020” olimpiada chempioni turkiyalik Mete Gazzozga qarshi kurashda biroz omad yetishmadi va 4-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

    Samarqand davlat universiteti sportchilari 1 oltin, 2 kumush, 5 bronza medallarga ega chiqib, yurtimiz faxriga aylandi…

    Sardor Nurillayev, Samarqand davlat universiteti talabasi, dzyudo sporti bo‘yicha Osiyo va V Islom birdamlik o‘yinlari chempioni:

    - Samarqand davlat universiteti men va oilam uchun qadrli. Akam Kemran Nurillayev ham ushbu dargohni tamomlagan. Bu galgi musobaqada ham yuzimiz yorug‘ bo‘lib, yurtimiz bayrog‘ini yuksaklarga ko‘tarish nasib qildi. Meni qo‘llab-quvvatlagani uchun Samarqand davlat universiteti jamosiga minnatdorligimni bildiraman. Barcha sportchilarga omad!

    Kemran Nurillayev, Samarqand davlat universiteti bitiruvchisi, dzyudo sporti bo‘yicha “Tokio-2020” olimpiada o‘yinlari ishtirokchisi, V Islom birdamlik o‘yinlari kumush medali sohibi:

    - Samarqand davlat universitetida o‘qiganimdan faxrlanaman. Yuzlab sportchilarni yetishtirgan bu ulug‘ dargohda amaliy va nazariy bilimlarni egallab yuqori natijalarga erishib kelmoqdaman. Bu yerda yoshlarga va sportga bo‘lgan eʼtibor doim meni xursand qilib kelgan. Meni o‘qitgan barcha ustoz va murabbiylarimga tashakkurlarimni bildiraman.

    Shohida Ahmedova, Samarqand davlat universiteti talabasi, erkin kurash bo‘yicha Osiyo o‘yinlari sovrindori va V Islom birdamlik o‘yinlari kumush medali sohibi:

    - Bu yil men bir qator yutuqlarga erishdim, xalqaro musobaqalarda yuqori natijalarni qayd etdim. Qolaversa, Osiyo va V Islom birdamlik o‘yinlarida kumush medalga sazovor bo‘ldim. Ushbu medalni men oltinga teng, deb bilaman. Bu mehnatlarim ortida Samarqand davlat universitetining o‘rni beqiyos. Meni qo‘llab-quvvatlagani uchun Samarqand davlat universitetidan minnatdorman.

    Sharofiddin Amriddinov, Samarqand davlat universiteti talabasi, og‘ir atletika bo‘yicha amaldagi Yosh va o‘smirlar o‘rtasidagi Jahon va Osiyo chempioni, V Islom birdamlik o‘yinlari sovrindori:

    - Bu musobaqa men uchun hayajonli va juda og‘ir kechdi. Oxirigacha kurashdim, haqiqatan ham raqiblarim ancha kuchli. Musobaqadoshlarim tajribali va menga nisbatan yosh jihatdan katta. Har gal shohsupachaga ko‘tarilganimda faqat menga berilgan ishonch va masʼuliyat haqida o‘yladim. Meni qo‘llab-quvvatlab turgan oilamga, yaqinlarimga, xususan Samarqand davlat universiteti jamoasiga o‘z minnatdorligimni bildiraman. Ushbu kamtarona g‘alabamni O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 31 yilligiga bag‘ishlayman.

    Botirjon Ismatov, Samarqand davlat universiteti talabasi, velosport bo‘yicha V Islom birdamlik o‘yinlari sovrindori:

    - Men uchun Konya-2021 V Islom birdamlik o‘yinlari oson kechmadi. Dastlab, Velo-trek yakkalik bahslarda muvaffaqiyatsizlikka uchab, 4- o‘rinni qo‘lga kiritdim. Lekin ortga chekinmadim, oilam, yaqinlarim, Samarqand davlat universiteti jamoasi meni qo‘llab-quvvatlab turdi.  Ushbu yo‘nalishning jamoaviy bahslarida  bronza medalini qo‘lga kiritdim.

    Roksana Xudoyorova,Samarqand davlat universiteti talabasi, yengil atletika bo‘yicha “Tokio-2020” olimpiada o‘yinlari ishtirokchisi, V Islom birdamlik o‘yinlari bronza medali sohibi:

    - Joriy yilda bir  qator xalqaro va nufuzli musobaqalarda ishtirok etib, yurtimiz sharafini himoya qilib kelmoqdaman. V Islom birdamlik o‘yinlari ham men uchun omadli keldi va bronza medaliga ega bo‘ldim. Ushbu musobaqalarda muvaffaqiyat qozonishimda Samarqand davlat universiteti har doim dalda bo‘lib kelmoqda. Sportchi talabalar uchun ajoyib muhit va sharoitlarni yaratib berganligi uchun SamDU rektori, professor, Oliy Majlis Senati aʼzosi Rustam Xolmurodovga minnatdorligimni bildiraman.

    Amirxon Sodiqov, Samarqand davlat universiteti talabasi, kamondan o‘q otish bo‘yicha V Islom birdamlik o‘yinlari bronza medali sohibi:

    - Ushbu musobaqa men uchun esda qolarli va qiziqarli voqealarga boy bo‘ldi. Dastlab, yakka bahslarda yaxshi natija ko‘rsatolmadim. Biroz tushkunlikka tushdim. Lekin Samarqand davlat universiteti jamoasining menga bildirgan ishonchi va qo‘llab -quvvatlashi keyingi bahslarda menga kuch bag‘ishladi.  Men bilan birga ishtirok etgan FarDU talabasi Ziyodaxon Abdusattorova bilan duetimizning mikst yo‘nalishida bronza medaliga sazovor bo‘ldim. Bu men uchun katta baxt.

    Davlat Bobonov, Samarqand davlat universiteti bitiruvchisi, dzyudo sporti bo‘yicha “Tokio-2020” olimpiada o‘yinlari sovrindori, V Islom birdamlik o‘yinlari bronza medali sohibi:

    - Samarqand davlat universiteti haqida o‘ylasam, eng yaxshi xotiralar yodga tushadi, ajoyib muhit doim hukmron. Barcha sohalarda yoshlarga keng imkoniyatlar berilgan. Ayniqsa, sportchilar uchun barcha sharoitlar mujassam. SamDU sportchilari jahon arenalarida doim namuna bo‘lib kelmoqda. Ushbu imkoniyat va sharoitlar uchun universitet rahbariyatiga minnatdorlik bildiraman va g‘alabalar muborak bo‘lsin!

    Ozodbek Ungalov, Samarqand davlat universiteti talabasi, kamondan o‘q otish sporti bo‘yicha V Islom birdamlik o‘yinlari ishtirokchisi:

    - Samarqand davlat universitetida o‘qish men uchun sharaf. V Islom birdamlik o‘yinlarida tajribasizligim sabab, menga biroz omad yetishmadi. Bronza medali uchun kechgan bahslarda kamondan o‘q otish bo‘yicha “Tokio-2020” olimpiada o‘yinlari chempioni turkiyalik Mete Gazzozga g‘alabani boy berdim. Men bu bilan chekinmayman, baribir maqsadimga erishaman. Albatta chempion bo‘laman.

 

Behruz SHAMSIDDINOV

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi.