Samarqand nomi tarixiy va yozma manbalarda qanday shakllarda uchraydi?
Mug‘ tog‘idan topilgan so‘g‘diy hujjatlarda shahar Samarkant, qadimgi Yunon va Rim mualliflari asarlarida Marakanda, Marganda va Margandi shakllarida qayd etiladi. Arablar esa uni Samaroy deb ataganlar. Italiyalik sayyoh va adib Marko Poloning kitobida shahar Samarqan, Sarmakan va Sanmarkan shakllarida tilga olinadi. Forschada Samarqand deyilgan. Xitoyning qadimgi va o‘rta asr yilnomalarida Samarqand shahar, viloyat va ularning hukmdorlari ham Kan yoki Samogan, Limogan, Sivingin va Saymaerkan shakllardagi atamalar bilan ta’riflanadi.
Abu Rayhon Beruniy, Mahmud Koshg‘ariy va Zahiriddin Muhammad Bobur asarlarida Samarqand “Semirqand” ya’ni “semiz shahar” ma’nosini bildiradi, degan fikr bayon etilgan.
Bulardan tashqari, turli davrlarda bitilgan tarixiy manba va kitoblarda shahar nomi Samariana, Saramanka, Sakanna, Sanmangan, Samakiyon, Sumron, Shamarkan, Samaroy, Simroyat kabi shakllarda ham qayd etiladi.
Fanda Samarqand toponimining yuzaga kelishi va semantikasi borasida turli xil fikr va mulohazalar keltirilgan. Ayrim xorijiy toponimistlar shahar nomi sanskritga samariya – “yig‘in” yoki “anjuman” so‘zidan olingan degan fikrni aytgan. “Tarixi Tabariy”, “Samariya” va “Gʻiyos ul-lug‘ot” asarlarining mualliflari yozishlaricha, “Samar”- podshoning nomi bo‘lib, “kand” esa turkiy tilda “shahar” degan ma’noni anglatgan. Demak, Samarqand - Samar shahri demakdir.
Ularning yana bir fikricha, Yaman podsho zodagonlaridan bo‘lmish Shamar So‘g‘d aholisi bilan jang qilib, shaharni buzib vayronaga aylantirgan. U qayta boshdan tiklanib, Shamarkand nomi bilan yuritilib ketgan. Yana bir manbada esa shahar hududida Samar ismli e’tiborli shaxs tomonidan qazilgan buloq bo‘lgan. Aholi ushbu buloq atrofida yig‘ilib, o‘rnashgani sababli buloqboshi mavzei Samarqand, ya’ni Samarkan nomi bilan atalgan ekan.
Samarqand toponimlari, garchi shaklan bir-biriga hamohang bo‘lsa-da, ularning morfologiyasi ham, tub ma’nosi ham ma’lum darajada o‘zgarib mukammallashib borgan.
Samarqand hududida Sangin - Chashmasiyob, Sangrason - Novadon, Obirahmat va Obimashat kabi sersuv buloqlar hamda ularning oqar jilg‘alaridan hosil bo‘lgan obihayot manbai mavjud bo‘lgan. Bu chashmalar ko‘pgina xastaliklar uchun shifobaxsh va tabarruk hisoblangan. “Samariya” kitobida bu borada “Samarqand elining eskidan qolgan bir odati bordirkim, ajam yilining so‘ngi dushanba oqshomi (Navro‘zning oxirgi dushanbasi)da ushbu ariq (Obirahmat) yoqasiga yig‘ilishib cho‘miladilar va tahorat qiladilar. Tabarruk yuzasidan ushbu suvdan oladilar” deb ma’lumot beriladi. Bayramona kechgan bunday e’tiqodiy oqshomdan so‘ng, “Gunoh to‘kildi”, “Qozon to‘ldi” va “Boy bo‘ldi” deb yuritiladigan an’anaviy yig‘inlar o‘tkazilgan.
Qadimgi Samarkand atamasi avval Samarkand, so‘ngra esa Samarqand shakllarida talaffuz etiladi.
Samarqand toponimi morfologik jihatdan ikki bo‘g‘inli bo‘lib, uning bosh bo‘g‘ini “samar” iborasi so‘g‘d, fors-tojik va o‘zbek tillarida keng istifoda etilgan. Bu so‘z “mashhur, tanilgan, samarali” va barakali kabi ma’nolarni anglatgan. Ikkinchi bo‘g‘ini “kand, qand va kent” leksemalari esa katta yoki ulkan qishloq, shahar, o‘lka tushunchalarini bildirgan. Bundan ikki xil shakllardagi iboralar birikmasidagi “Samarqand” mashhur va shuhratli shahar sifatida tasvirlangan. Shu boisdan, bunday nomdor Samarqand tarixda “sayqali ro‘yi zamin”, ya’ni “Yer yuzining jilosi” sifatida ta’riflanib kelingan.
Samarqand shahrining asriy shuhrati tufayli o‘rta asrlardayoq O‘rta Osiyo va unga tutashgan bir nechta mamlakat hududlarida qator shahar, qishloq, joy hamda oronim va gidronimlar Samarqand, Samarqandak kabi shakllarda yuritilgan.
Samarqand toponimining qator sinonimik atamalarini toponimistik, lingvistik va tarixiy tahlilidan ma’lum bo‘lishicha, mazkur shahar “Sarimaskan” - Katta buloq boshida, ko‘kalamzor-marg‘iy yerda katta qishloq shaklida qad ko‘targan. Hududiga monand u Maskat deb yuritilgan. Maskatning girdi ihota va mudofaa devorlari bilan o‘rab olinib, uning shimoliy qismida Siyobning chap sohili bo‘ylab mustahkam istehkomli hukmdor qarorgohi – “kuhandiz-ark” bino qilingach, u shahar qiyofasida ravnaq topgan. Uning shuhrati ortib, “Samarqand” ya’ni, mashhur shahar nomi bilan ta’riflanib, jahonga dong’i ketgan.
Sunatillo Muhiddinov
Samarqand davlat universiteti
Samarqand tamadduni tarixi kafedrasi mudiri, dotsent.