Ushbu dargohda malaka oshirgan SamDU o‘qituvchilarining taassurotlari bilan tanishing

    Buyuk Britaniyaning Uorvik universiteti doimiy ravishda Buyuk Britaniya oliy ta’lim muassasalari kuchli 10 ligidan tushmaydigan, dunyo universitetlarining top-1000 taligida 64-o‘rinni egallaydi. Ushbu universitetda o‘qishni, ilmiy tadqiqot olib borishni ko‘pchilik orzu qiladi.

    Ma’lumot uchun, Uorvik universiteti tarkibida 30 ga yaqin fakultet, 50 dan ortiq ilmiy markaz faoliyat yuritadi. Asosan, ijtimoiy, ilmiy-texnik fanlar, tibbiyot va san’at yo‘nalishida mutaxassislar tayyorlanadi. Uorvikda 150 dan ortiq turli millatga mansub 22,5 mingdan ortiq talaba tahsil oladi. Ularning 20 foizi chet elliklardir. Shuningdek, mazkur universitet bitiruvchilari eng ko‘p maosh oladigan jahon universitetlari reytingida 6-o‘rinni egallagan.

    Samarqand davlat universiteti ingliz tili kafedrasi katta o‘qituvchilari Shahnoza Xushmurodova va Komila Mahkamovalar Buyuk Britaniyaning Uorvik universitetida bir oylik stajirovkada bo‘lgani haqida avval ham xabar bergan edik. Biz ushbu universitetda malaka oshirib qaytgan o‘qituvchilarning tashrif taassurotlari  bilan qiziqdik.

    -Buyuk Britaniyaning Uorvik universiteti “Applied linguistics” kafedrasi tomonidan e’lon qilingan o‘qituvchilarning malakasini oshirish dasturida ishtirok etib qaytdik, - deydi Shahnoza Xushmurodova, - Mazkur kursga jami 12 nafar O‘zbekistonlik nomzod tanlab olingan edi. PDELT (Professional development for English language teachers) kursi ingliz tili o‘qituvchilarining malakasini oshirish, bevosita Uorvik universiteti professor-o‘qituvchilari bilan tajriba almashishga yo‘naltirilgan. Asosiy maqsad o‘qituvchilarning bilimi va malakasini xalqaro tajribalar va usullar yordamida oshirish. Ushbu kursda bu yil birinchi marta o‘zbekistonlik vakillar ishtirok etdi. Bizga, hatto, Oksford universiteti professori Mark Bartram ham dars o‘tdi.

    Malaka oshirish kursi davomida o‘rgatilgan “Co-working” (Hamkorlikda ishlash) metodi bizga juda ma’qul bo‘ldi. Mazkur usulga ko‘ra, bitta dars ikki o‘qituvchi tomonidan o‘tiladi. Masalan matematika darsini olsak, uni ham matematika o‘qituvchisi, ham ingliz tili o‘qituvchisi birgalikda o‘tadi. Bizning sharoitda matematika o‘qituvchisi ingliz tilini bilmaydi, talabalar esa matematikani ingliz tilida o‘rganishi kerak. Bu holatda co-working usuli nihoyatda qo‘l keladi. Usul talabalarda bir vaqtning o‘zida ham matematika, ham til bo‘yicha bilim olish imkonini beradi. Dars yakunida talabalarga har bir o‘qituvchi alohida-alohida baho qo‘yadi. So‘ng qo‘yilgan ikki baho umumlashtirilib, yakuniy baho chiqariladi. Bu metodni bizning ta’lim tizimimizga ham joriy etsak, o‘ylaymizki, yaxshi samara beradi.

    - Dastur davomida til o‘rganuvchilarga qanday motivatsiyalar berish, tilga qiziqishlarini oshirish, ingliz tilini o‘qitish jarayonida yangi adabiyotlar, foydali saytlar bilan ishlash bo‘yicha olgan ma’lumotlarimiz nihoyatda foydali bo‘ldi, - deydi Komila Mahkamova, - Shu bilan birga o‘quvchilarda ijodiy-tanqidiy fikrlash qobiliyatini shakllantirish va ilmiy yozish ko‘nikmasini takomillashtirish bo‘yicha bir qator yangi metodlar bilan tanishdik. Uorvik universitetining ta’lim va ma’muriy tizimida o‘rnak olsa bo‘ladigan bir qator jihatlarga ko‘zimiz tushdi. Masalan, o‘qituvchilarning mehnatiga haq to‘lash tizimida ham bir o‘zgachalik bor ekan. Ya’ni o‘qituvchi talabalarga darsga kirishdan oldin talabalarning bilim ko‘rsatkichini tekshirish uchun boshlang‘ich nazoratlar olinadi va natijalar foizlarda hisoblanadi. Ushbu ko‘rsatkich darslar o‘tib bo‘lingandan keyingi natijalar bilan taqqoslanib, o‘qituvchining ta’lim berish sifati baholanadi. Masalan, bir o‘qituvchi boshlang‘ich darajasi 30 foizlik talabalarga dars o‘tdi va ularning til bilish darajasini 50 foizga chiqardi, boshqa biri esa boshlang‘ich 0 darajadan boshlab dars o‘tib, uni 30 foizga chiqardi. Bu jarayonda yakuniy natijaga qarab baho berish to‘g‘ri emas. Foiz hisobida birinchi natija yuqori, ammo unda o‘quvchilar bilimi 20 foizga oshdi. Ikkinchi holatda yakuniy natija past, ammo o‘qituvchi erishgan natija 30 foiz. Bu jarayonda, shubhasiz, ikkinchi o‘qituvchi yaxshi haq olishi kerak. Chunki u boshqalarga qaraganda ko‘proq mehnat qildi, yaxshi natijaga erishdi. Til o‘qitishda professor-o‘qituvchilarga bu tarzda haq to‘lash tartibi faqat talabaning emas, o‘qituvchining ham oldiga bir qator talablar qo‘yishi bilan ham samaralidir. 

    Dastur yakunida kurs ishtirokchilari hamda Uorvik universiteti professor-o‘qituvchilariga Samarqand davlat universiteti haqida namoyish qilib berdik. Loyiha organizatori Jonatan French oktyabr oyida SamDU ga kelmoqchiligini aytdi. Namoyish orqali xorijlik ilm-fan vakillarida Samarqand davlat universitetiga qiziqish uyg‘ota olganimizdan mamnunmiz.

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi

Iroda Bekmurodova yozib oldi.