MUNOSABAT

Telegram tarmog‘idagi “Kusherbayevga murojaat” kanalida Samarqand davlat universitetiga boshqa oliy taʼlim muassasalaridan o‘qishini ko‘chirgan talabalarning murojaatlari eʼlon qilindi…
Samarqand davlat universiteti maʼmuriyati ushbu murojaatlar bo‘yicha quyidagilarni maʼlum qiladi:
Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti sirtqi bo‘limining yurisprudensiya yo‘nalishiga 2021-2022 o‘quv yilida chet el oliy taʼlim muassasalaridan 460 nafar talaba o‘qishini ko‘chirib kelgan. Ularning 400 nafarga yaqini imtihonlardan (ayrimlari bir-ikkita, baʼzilari barcha farqli fanlardan) o‘ta olmasdan, akademik qarzdor bo‘lgan. Imtihon natijalari tahlili shuni ko‘rsatdiki, mazkur talabalar xorijiy OTM 1-bosqichida talab darajasida o‘qitilmagan, aksariyatining yurisprudensiya sohasining bazaviy fanlaridan ham xabari yo‘q. Natijada mazkur talabalarning ko‘pchiligi 2-bosqich fanlarini umuman o‘zlashtira olmagan. O‘quv rejasida mavjud ona tili hamda Rim tarixi fanlari xususidagi “buning bizga nima keragi bor” qabilidagi taʼnalari ularning o‘qishga bo‘lgan munosabatini ko‘rsatib turibdi.
2022-yil 28-sentyabr kuni sirtqi bo‘limning yurisprudensiya yo‘nalishi talabalarining murojaatlari yuzasidan SamDUda universitet rahbariyati, Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosari X. Ochilov, Matbuot kotibi M.Mirzayev va boshqa mutasaddilar hamda talabalar ishtirokida brifing o‘tkazilgan edi.
Brifing chog‘ida universitet rahbariyati farqli fanlar uchun tashkil etiladigan dars mashg‘ulotlari uchun to‘lovni bekor qilishga qaror qilganligi tushuntirildi. Lekin, 2-bosqich, yaʼni 2021-2022-o‘quv yilidagi sessiyalar davomida imtihonlardan “ikki” baho olib, o‘ta olmagan talabalar qayta dars mashg‘ulotlarini tashkil etish uchun o‘zlashtirilmagan fanlarning kreditlari miqdoriga mos ravishda bazaviy to‘lov-kontrakt miqdoridan kelib chiqqan holda to‘lovni amalga oshirishlari zarurligi ham uqtirildi.
Bu Samarqand davlat universiteti o‘ylab topgan chora-tadbir emas. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31-dekabrdagi 824-son qarori bilan tasdiqlangan «Oliy taʼlim muassasalarida o‘quv jarayoniga kredit-modul tizimini joriy etish tartibi to‘g‘risida»gi Nizomning 8-bob, 41-bandiga ko‘ra, akademik qarzdor talabalar taʼtil vaqtida yoki keyingi semestrlar mobaynida tegishli fanlardan o‘zlashtirilmagan kreditlar miqdoriga mos ravishda bazaviy to‘lov-kontrakt miqdoridan kelib chiqqan holda to‘lovni amalga oshirgandan so‘ng o‘zlashtirilmagan fanlarni o‘z hisobidan qayta o‘qish huquqi berilgan. Talabalarning ayrimlari buni baho qo‘yilmagan imtihonlar uchun emas, go‘yoki olingan imtihonlar uchun pul to‘lash qabilida tushunib, ijtimoiy tarmoqlarda ham masalani shunday talqin qilishga urinmoqda.
O‘qishini ko‘chirib kelgan sirtqi bo‘lim yurisprudensiya yo‘nalishining imtihonlardan o‘ta olmagan aksariyat talabalari qayta imtihon topshirishga tayyorgarlik ko‘rayotgan bir paytda, “u yoq bu yoqqa murojaat qilsam, gap-so‘zdan cho‘chib to‘lovni bekor qilishadi” deya xomtama bo‘lib yurgan 2-3 nafar talabalar qolganlarni ham yo‘ldan urish bilan shug‘ullanib, universitet rahbariyatiga turli yuqori instatsiyalarga shikoyat qilish bilan ochiqdan-ochiq tahdid solmoqda. Ustiga-ustak, mazkur talabalarning baʼzilari ijtimoiy tarmoqda yig‘ilib olib, boshqa talabalarni ham o‘z safiga tortishga, ayrim deputat va blogerlarga murojaat qilish orqali universitet obro‘sini tushirishga urinmoqda.
Samarqand davlat universiteti o‘qishini ko‘chirgan talabalardan o‘rnatilgan tartib-tamoyillarga amal qilishni, berilgan imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanib, ijtimoiy tarmoqlarda universitet shaʼniga to‘g‘ri kelmaydigan chiqishlardan tiyilishga chaqiradi.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati