Samarqand davlat universiteti botanika bog‘ini qayta loyihalash bo’yicha rejalar ishlab chiqilmoqda…

Samarqand davlat universiteti olimlari hamda rossiyalik professorlar Yuriy Naumsev va Yevgeniy Krupochkinlardan iborat ishchi guruh mazkur loyihani bajarish bo’yicha o’z taklif va tavsiyalarini ilgari surdi. Muloqotda SamDU botanika bog’ida o’simliklarni ko’paytirish, tadqiqot markazlarini tashkil etish, ilmiy laboratoriyalarni shakllantirish, bog’ning topografik xaritasini yaratish masalalari muhokama qilindi.
- Samarqand davlat universiteti botanika bog‘i o‘tgan asrning yetmishinchi yillarida tashkil topgan, maydoni 36 gektar. Bog‘da 6000 dan ziyod mevali va manzarali daraxtlar, butasimon, gul o‘simliklari mavjud, - deydi SamDU botanika kafedrasi mudiri, dotsent Xislat Haydarov. - Ulardan tabiiy va aniq fanlar yo‘nalishiga doir ilmiy ishlarda foydalanib kelinmoqda. Faoliyatimizni yanada yangilash va rivojlantirish maqsadida xorijiy Botanika bog’lari tajribalarini o‘rganib chiqyapmiz. Shu maqsadda chet ellik mutaxassislarni jalb qilganmiz. Hozirda bu olimlar bilan hamkorlikda SamDU Botanika bog’ini qayta tiklash loyihasini ishlab chiqyapmiz. Bu yer nafaqat bog’, balki ilmiy laboratoriyalarni ham tashkil qilish rejamizga kiritilgan.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.