Samarqand davlat universitetida “Oziq-ovqat xavfsizligi: Global va milliy muammolar” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi…
Xalqaro anjuman BMT oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda o‘tkazildi. Konferensiyada AQSH, Rossiya, Italiya, Islandiya, Pokiston, Qozog‘iston, Tojikiston kabi davlatlardan 30 dan ortiq xorijlik olimlar ishtirok etdi. Shuningdek, respublikamizning 50 ga yaqin sohaga oid tashkilotlaridan 200 dan ortiq mutaxassislar oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha maʼruzalari bilan qatnashdi.
AQShning Kolorado universiteti professori Ojima Denis, Serbiyaning Belgrad universiteti professori Dragana Randelovich, Italiyaning Bolonya universiteti professori Daniyelo Alberoni, Pokistonning Quaidi-A’zam universiteti professori Muhammad Zafar, Rossiya FA Endokrinologiya ilmiy tekshirish instituti Vivariy laboratoriyasi mudiri Yegor Ivlev, Moskva davlat universiteti olimlari Yekaterina Kushner, Maksim Lovat, Novasibirsk davlat texnika universiteti olimlari Yekaterina Litvinova, Viktoriya Bes, Polina Dubovskaya, Sayeydi Arsalan, Ufa fan va texnologiyalar universiteti professori Maya Ishmuratova, Qirg’izistonning O’sh davlat universiteti professori Taasilkan Jumabayeva, Tojikiston Pedagogika universiteti professori Tohirjon Sattorov, akademik Bakriddin Zaripov, QarDU professori Shoniyoz Qurbonov, Xalqaro molekulyar allergalogiya markazi direktorining o’rinbosari professor Gulnora Jambekova va boshqalar oziq-ovqat xavfsizligi va uning dolzarb muammolari haqida fikr-mulohaza bildirdi.
Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati aʼzosi Rustam Xolmurodov anjumanni kirish so‘zi bilan ochdi:
- Keyingi yillarda oziq-ovqat xavfsizligi jahon hamjamiyati oldidagi eng dolzarb masalalardan biriga aylandi. Iqlimning keskin o‘zgarishi natijasida ro‘y berayotgan tabiiy ofatlar, suv taqchilligi, qurg‘oqchilik kabi omillar taʼsiri vaziyat murakkablashishiga olib kelmoqda. Natijada jahon bozorida oziq-ovqat mahsulotlari narxining keskin ko‘tarilish tendensiyasi kuzatilmoqda. Holat sohani yangi innovatsion texnologiyalar hamda ilmiy yutuqlarni qo‘llash orqali yana-da rivojlantirishni taqozo etmoqda. Ushbu muhim masalani atroflicha o‘rganish hamda bu borada jahonning yetakchi mamlakatlarida to‘plangan boy tajribani respublikamiz miqyosida ommalashtirish maqsadida Samarqand davlat universitetida, anʼanaviy tarzda “Oziq-ovqat xavfsizligi: Global va milliy muammolar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o’tkazilib kelinmoqda.
Bakriddin Zaripov, O’zbekiston Milliy universiteti professori, Jahon fiziologlar jamiyati (Stokgolm) akademigi:
- So‘nggi yillarda agrar sohada misli ko‘rinmagan islohotlar davri bo‘ldi. O‘z vaqtida qabul qilingan qarorlar mamlakatimizga qishloq xo‘jalik mahsulotlarini ishlab chiqarishni oshirish evaziga ulkan taraqqiyotga erishish, hamda O‘zbekistonning eksport potensialini oshirish va jahon bozorlarida uning mavqeini oshirish imkonini berdi. Hozirgi kunda oziq-ovqat xavfsizligini bir mamlakat doirasida ta’minlash mumkin emas. Ushbu maqsadga erishish uchun tizimlashtirilgan keng ko‘lamli tadbirlar o‘tkazish lozim. Bu islohotlarda Samarqand davlat universiteti yetakchi oliy taʼlim muassasalaridan biri sifatida ishtirok etmoqda.
Maya Ishmuratova, Ufa fan va texnologiyalar universiteti professori:
- Bugungi kunda dunyoda noyob va dorivorlik xususiyatiga ega turlarning genofondini saqlash, muhofaza qilishga katta e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, insonlar hayoti uchun muhim hisoblangan dorivor o‘simliklarning genetik resurslarini boyitish, tabiatdagi zahiralarini saqlab qolish muhim ahamiyat kasb etadi. Tabiatda yovvoyi holda o’suvchi ko’pgina mevali va rezavor o'simliklarning mevasida nafaqat vitaminlar va biologik faol moddalar, balki antioksidantlar manbai ham hisoblanadi. Tabiiy oziq-ovqat mahsulotlarining tarkibidagi antioksidantlar bizning kundalik hayotimizda muhim ahamiyatga ega biologik faol moddalar hisoblanadi. Chunki, ular organizmda erkin radikallar keltirib chiqaradigan zararlarni oldini olish xususiyatiga ega. Ushbu yuqori reaktiv molekulalar hujayralar va DNKga zarar yetkazadigan oksidlovchi stressni keltirib chiqarishi mumkin. Oziq-ovqat mahsulotlariga tabiiy antioksidantlarni qo'shish orqali ishlab chiqaruvchilar ularning saqlash muddatini uzaytirishi, sifatini saqlab qolishi va hatto ta'mi va rangini yaxshilashi mumkin.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.