Samarqand davlat universiteti filologiya fakultetida “O‘zbek tili stilistikasi va pragmatikasi masalalari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani bo’lib o’tmoqda...
Konferensiya taniqli tilshunos olim, filologiya fanlari doktori, professor Bozorboy O’rinboyev xotirasining 90 yilligiga bag’ishlanadi.
Anjumanning ochilishida Samarqand davlat universiteti o’zbek tili va adabiyoti kafedrasi mudiri, professor Ibodulla Mirzayev, Samarqand davlat chet tillar instituti professori Abdurayim Turobov, Jizzax davlat pedagogika universiteti professori Abduvali Musayev va Gulnora O‘rinboyevalar ma’ruzalari bilan ishtirok etishdi.
Anjuman doirasida olimning 8 jildlik “Tanlangan asarlar” nashrining taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni Samarqand davlat universiteti filologiya fakulteti dekani, professor Jo’liboy Eltazarov kirish so’zi bilan ochdi.
Konferensiya kun tartibidan “O‘zbek tili stilistikasi: muammolar, yechimlar, yangicha yondashuv va talqinlar”, “Bozorboy O‘rinboyev va uning o‘zbek tilshunosligi taraqqiyotidagi o‘rni”, “O‘zbek nutqi madaniyati va adabiy me’yor muammolari”, “ Zamonaviy tilshunoslik yo‘nalishlari va pragmatika masalalari” kabi mavzular o’rin olgan.
Suyun Karimov, Samarqand davlat universiteti professori, “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi”:
- Filologiya fanlari doktori, professor Bozorboy O‘rinboyev butun umrini respublikamizda ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash, o‘zbek tilshunosligini rivojlantirish ga bag‘ishlagan inson, oliy ta’lim tashkilot chisi va jamoat arbobi edi. Domla oddiy maktab o‘qituvchiligidan oliy o‘quv yurti rektorligigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi. Oliy ta’lim muassasalarida laborant, o‘qituvchi, dotsent, professor, uch marta kafedra mudiri, fakultet dekani, prorektor, ikkita institutda uch marta rektor bo‘ldi. 50 yildan ortiq vaqt davomida bu vazifalarni ado etishning mas’uliyati, naqadar og‘irliginita’lim-tarbiya jarayoni bilan shug‘ullanganlar, ayniqsa, rahbarlik lavozimida ishlaganlar yaxshi biladi. Bu vazifalarda ishlash uchun birgina bilim yoki fidoyilikning o‘zi kamlik qiladi, pedagog rahbarda bag‘rikenglik, kechirimlilik, hammaga baravar munosabatda bo‘lish, jamoaning salohiyati va uquviga tayanib ish ko‘rish, e’tiborlilik va g‘amxo‘rlik talab etiladi. Manashu xususiyatlarning barchasi ustozda mujassam edi. Nazarimizda, Samarqandda, ayniqsa SamDUda mavjud bo‘lgan ma’naviy-ma’rifiy va ilmiy-pedagogik muhit buning bosh omilidir. Shuningdek, ustoz pedagogika jamiyati raisi, bolalar jamg‘armasi raisi, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti, SamDU qoshidagi doktorlik va nomzodlik dissertatsiyalari himoyasiga ixtisoslashtirilgan kengashlar a’zosi edi…
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati,
Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.