Korrupsiyaga qarshi kurashish bo’yicha o’quv kurslari tashkil etildi…

Bugungi kunda korrupsiyaga qarshi kurashish jamiyat taraqqiyotining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylanib bormoqda. Shu maqsadda, Samarqand davlat universiteti professor-o‘qituvchilari tomonidan viloyatdagi turli tashkilot xodimlari uchun "Korrupsiyaga qarshi kurashish va komplaens nazorat tizimini boshqarish" mavzusida maxsus o‘quv kurslari tashkil etildi. Ushbu kurslar onlayn va oflayn tarzda olib borilib, keng auditoriyani qamrab olmoqda.
Mazkur o‘quv dasturining asosiy maqsadi – tinglovchilarga korrupsiya tushunchasi, uning turlari va namoyon bo‘lish shakllari haqida chuqur bilim berish, shuningdek, korrupsiyaning jamiyat va iqtisodiyotga yetkazadigan zararini tushuntirishdir. Kurs ishtirokchilari korrupsiya sabab va sharoitlarini tahlil qilish, uning oldini olish mexanizmlarini o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
O‘quv kurslari doirasida Korrupsiyaning nazariy va amaliy jihatlari, uning huquqiy tavsifi, korrupsiyaga qarshi kurashishning asosiy tamoyillari va strategik yondashuvlar, korrupsiyaga qarshi kurashda davlat organlari va jamoat tashkilotlarining roli, normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish jarayonida korrupsiya xavfini baholash kabi masalalar yoritilmoqda.
Tinglovchilar o‘quv jarayonida korrupsiyaga oid atamalar va manbalardan foydalanishni o‘rganadilar, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashda zamonaviy yondashuvlar va ilg‘or xalqaro tajribalar bilan tanishadilar. Olingan bilimlar amaliy ko‘nikmalarga aylantirilishi uchun real vaziyatlar tahlil qilinib, interaktiv mashg‘ulotlar tashkil etiladi. Ushbu o‘quv kurslari davlat tashkilotlari, biznes sohasi hamda fuqarolik jamiyati vakillari uchun ayni muddao bo‘lib, korrupsiyaga qarshi kurashish borasida samarali bilim va malakalarini oshirishga xizmat qiladi. Korrupsiya illatiga qarshi kurashish har bir fuqaroning fuqarolik burchi ekanini hisobga olsak, bunday tashabbuslar jamiyatimizning yanada taraqqiy etishiga muhim hissa qo‘shishi shubhasiz.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.