"Globallashuv davrida tarjima: madaniyatlararo muloqotning ko‘prigi" mavzusida seminar o‘tkazildi

Samarqand davlat universitetida Rossiya xalqlar do‘stligi universiteti tilshunoslik kafedrasi mudiri, filologiya fanlari nomzodi, dotsent Yegorova Lyudmila Alekseevna tashabbusi bilan seminar va mahorat darslari tashkil etildi.
SamDU filologiya fakulteti xorijiy tillar kafedrasi professor-o‘qituvchilari va universitet talabalari ishtirokida bo‘lib o‘tgan mazkur tadbirlar doirasida "Globallashuv davrida tarjima madaniyatlararo almashinuv shakli sifatida", "Tarjima turlari va ularning o‘ziga xos xususiyatlari", "Audiovizual tarjima. Teatr tarjimasi: o‘ziga xos yondashuvlar", "Xushmuomalalik madaniyatlararo muloqot sharoitida kommunikativ strategiya sifatida" kabi mavzular muhokama qilindi.
Har bir mavzu doirasida tarjimaning nafaqat tilshunoslikdagi o‘rni, balki uning madaniyatlararo aloqalarni mustahkamlashdagi beqiyos ahamiyati, tarjimon shaxsining madaniy vositachi sifatidagi roli, hamda zamonaviy tarjima jarayonida yuzaga keladigan muammolar va ularning yechimlari muhokama qilindi.
Shuningdek, SamDU huzuridagi Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish mintaqaviy markazi tomonidan tashkil etilgan “Xorijiy til – ingliz tili” yo‘nalishi tinglovchilari uchun “Badiiy matnning lingvistik tahlili” moduli doirasida yana bir muhim seminar mashg‘uloti o‘tkazildi. Mazkur seminar “Translation as a Form of Intercultural Exchange in the Age of Globalization. The Role of the Translator in Promoting Cultural Understanding” mavzusiga bag‘ishlandi.
Seminar davomida ishtirokchilar tarjima jarayonining nazariy va amaliy jihatlari bilan yaqindan tanishib, o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini yanada mustahkamlash imkoniga ega bo‘ldilar.