Yolg‘izlik nima ?

Yolg‘izlik - bu boshqa odamlar bilan yaqin ijobiy aloqalar yo‘qligi yoki mavjud aloqani yo‘qotish qo‘rquvi tufayli yuzaga keladigan odamning o‘ziga xos hissiy holati.
Ushbu talqinga ko‘ra, yolg‘izlik “izolyatsiya” tushunchasi bilan sinonim bo‘lib, salbiy ma’noni anglatadi. Ammo, shunga qaramay, ba’zi hollarda yolg‘izlik ijobiy funksiyani ham bajaradi. Masalan, yolg‘izlik ilhom manbai bo‘lib qoladigan holatlar ko‘p uchraydi, bu musiqachilar, rassomlar va yozuvchilar ijodida o‘z ifodasini topadi.
Yolg‘izlik, o‘zini past baholaydigan odamlarga xosdir. Ular o‘zlarining ijtimoiy aloqalarini kengaytirishni xohlashadi, lekin o‘z-o‘ziga bo‘lgan past baho ularga buni qilishga imkon bermaydi. Natijada, yolg‘izlik tuyg‘usi kuchayadi va o‘z-o‘zini hurmat qilish, aksincha yanada pasayadi, bu esa og‘ir depressiyaga olib kelishi mumkin. Ba’zi hollarda yolg‘izlik psixikadagi patologik o‘zgarishlar (shizofreniya, autizm va boshqalar) bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Yolg‘izlik har bir kishi tomonidan individual ravishda boshdan kechiriladi, unga turli hodisalar sabab bo‘lishi mumkin. Yolg‘izlik hissi sizning shaxsiy tajribangizdan kelib chiqadi, masalan, boshqa odamlar bilan vaqt o‘tkaza olmaslik ta’sir qilishi mumkin. Yolg‘izlik hissiga turli omillar ta’sir qilishi mumkin:
-hayotdagi o‘zgarishlar
-yaqinlarning etishmasligi
-yaqinlaringizning o‘limi
-qo‘rquv va noto‘g‘ri qarashlar
-kasallik
-xotira muammolari
-yashash joyi
-moliyaviy qiyinchiliklar
Yolg’iz kishilar hayotdagi o‘zgarishlarga juda individual tarzda munosabatda bo‘ladilar. Yangilik va o‘zgarish yolg‘izlikka olib kelishi mumkin. Odatiy sharoitlar bizni atrofimizdagi dunyo bilan bog‘lab turadi, ammo o‘zgarishlar begonalashish va izolyatsiya tuyg‘usini keltirib chiqarishi mumkin. Qarishning oqibatlaridan biri kamroq ijtimoiy aloqadir. Do‘stlarni yo‘qotish izolyatsiya va yolg‘izlik tuyg‘usiga olib kelishi mumkin.
Turli kasalliklar sizning harakatlanish va boshqalar bilan muloqot qilish qobiliyatingizni ham buzishi mumkin. Xotira buzilishlari nima bo‘layotganini eslab qolish qobiliyatimizga ta'sir qiladi va biz kimdir tashrif buyurganini yoki bizga qo‘ng‘iroq qilganini unutishimiz mumkin. Qarindoshlar va tanishlar orasidagi uzoq masofalar ham aloqalar sonini kamaytiradi. Boshqa odamlar bilan uchrashish istagimizga boshqa odamlar va munosabatlardan qo‘rqish ta’sir qilishi mumkin.
Faridun Oqilov
Samarqand davlat universiteti
psixologiya va ijtimoiy munosabatlar fakulteti
Umumiy psixologiya kafedrasi o‘qituvchisi