Samarqand davlat universiteti Muhandislik-fizika instituti qoshidagi Kvant markazida Jahon bankining PRIM (MUNIS) granti doirasida “Barqaror energiya tizimlari uchun kvant markazini modernizatsiya qilish” mavzusida seminar o‘tkazildi.

    Anjumanda AQSh va O‘zbekistonning yetakchi olimlari ishtirokida zamonaviy ilmiy yo‘nalishlarga oid qator ma’ruzalar tashkil etildi.  Xususan, 2D materiallar, kvant nuqtalari (Quantum Dots - QD) asosida yaratilayotgan ilg‘or qurilmalar, spin-kouting texnologiyalari, shuningdek, ilmiy grantlarni tayyorlash, strategik rejalashtirish va tadqiqot natijalarini tijoratlashtirish bo‘yicha muhim amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.

    Seminarda AQShning Texas universiteti professorlari Anvar Zohidov, Xuan Enrike Gonsales va Anna Kocharova, Jizzax politexnika universiteti professori Sergey Safarovlar qatnashdi. Ularning ma’ruzalari zamonaviy kvant fizikasi, ilg‘or materialshunoslik va energiya tizimlari sohalaridagi so‘nggi yutuqlarni qamrab oldi. Ayniqsa, ishtirokchilarga o‘z ilmiy g‘oyalarini loyihalashtirish va ularni grant mablag‘lari yordamida amalga oshirish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar va tavsiyalar berdi.

    Tadbir davomida Kvant markazini zamonaviy texnologiyalar asosida rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot ishlarini yanada chuqurlashtirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

    Seminar yakunida ishtirokchilar ilmiy muloqot va hamkorlikni davom ettirish, qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish yuzasidan kelishib oldilar. Seminar davom etmoqda…