«Boburnoma»da Samarqand tasviri

Zahiriddin Muhammad Bobur “Boburnoma”da Samarqandning joylashish o‘rni haqida ma’lumot berar ekan uni “beshinchi iqlimdan”, “ramziy nujumiy”, “daraja va daqiqa” va boshqa bir qator istilohlar bilan belgilaydi. “Boburnoma”dagi Samarqand tasviriga e’tibor bersak: “Rub’i maskunda Samarqandcha latif shahr kamroqdur. Beshinchi iqlimdindur. Tuli ramzi nujumiy daraja va daqiqadur, arzi daraja va daqiqadur. Shahri Samarqanddur, viloyatini Movarounnahr derlar. Hech yog‘iy qahr va g‘alaba bila munga dast topmag‘on uchun baldayi mahfuza derlar”. Samarqand ta’rifiga alohida e’tibor bergan muallif odob saqlagan holda Yer yuzida ushbu shahardek boshqa shahar yo‘q demaydi, balki “kamroqdur” deya tasvirlaydi. Shahar aholisi haqida “Eli tamom sunniy va pokmazhab va mutasharri’ va mutadayyin eldur”, tarzida fikr yuritgan Bobur shahar ahlining islomiy aqidada sodiqligini, bu esa, jamiyatda tartib-qoida ustuvorligini ta’minlovchi asosiy mezon ekanini alohida ta’kidlaydi.
«Boburnoma»da Samarqand haqidagi tasvirlarda bu yerdan yetishib chiqqan va hayoti shu shahar bilan bog‘liq bo‘lgan ko‘plab alloma va olimlar, shayxlar, tasavvuf ulamolari va muhaddislar haqida ham ma’lumot berilgan. Jumladan, Imom Buxoriy, Shayx Moturidiy, Abulqosim Hakim Samarqandiy, Abu Lays Samarqandiy, Abu Abdulloh Ro‘dakiy Samarqandiylar to‘g‘risidagi ma’lumotlar ahamiyatlidir. Bobur temuriylar davlatining poytaxti bo‘lgan Samarqandga bir umr talpinib yashadi, bu yerda yashab o‘tgan aziz avliyolarni ma’naviy piri ustoz sifatida bilib e’tiqodda bo‘ldi. Bobur Imom Buxoriy haqida «Yana sohibi «Sahihi Buxoriy» Xoja Ismoil Xartanak ham Movarounnahrdindur» deya e’tirof etadi.
Bobur kalom ilmining peshvolaridan bo‘lgan moturidiya ta’limotining asoschisi Shayx Moturidiyni ham alohida ulug‘lab («Imomul-hudo», «Imomul-mutakallimon») tilga oladi, «Mubayyin»da esa o‘zining aqidaga oid qarashlarini shu ta’limot asosida ifodalaydi. Uning ta’limoti, yo‘nalishlari va ilmiy asarlari xususida iliq fikrlarini bayon etadi: «Shayx Abu Mansurkim, aimmayi kalomdindur, Samarqandning Moturid otliq mahallasidindur. Aimmayi kalom ikki firqadur, birni «moturidiya» derlar, birni «ash’ariya». Moturidiya Shayx Abu Mansurg‘a mansubdur». Bobur Samarqandning shu kabi ilm-ahli haqida fikr yuritib islom dini paydo bo‘lgandan beri dunyoda hech bir shahar ushbu din rivojiga Samarqandchalik xizmat qilmagan, bu qadar ko‘p olimu ulamolarni yetishtirib bermaganini o‘zgacha faxr bilan tilga oladi: “Hazrati Risolat sallallohu alayhi va sallam zamonidin beri ul miqdor aimmayi nelomkim, Movarounnahrdin paydo bo‘lubtur, hech viloyattin ma’lum emaskim, muncha paydo bo‘lmish bo‘lg‘ay”.
Yuqoridagi faktlardan anglash mumkinki, 1420 yilda Mirzo Ulug‘bek tomonidan asos solingan madrasi oliyalar uchun mustahkam asoslar mavjud edi. Ushbu hududdan yetishib chiqqan yuqorida nomlari keltirilgan olimu fuzalolar va ular tomonidan yaratilgan qimmatli ilmiy meros Ulug‘bek madrasalarining yuzaga kelishida ham poydevor vazifasini bajardi, deyish mumkin.
Samarqand tasvirida Bobur shaharning ko‘plab bog‘lari, me’morchilik obidalari haqida ma’lumot beradi. Temuriylar saltanatining poytaxti bo‘lgan ushbu shaharda Amir Temur davrida yanada ko‘plab me’moriy obidalarning barpo etilgan, bog‘u rog‘lar yaratilgan va bu bunyodkorlik ishlari shahzodalar Shohruh, Ulug‘bek, Muhammad Sultonlar tomonidan munosib davom ettirilib bir qancha madrasalar, inshootlar, minoralar qad roslaganini alohida ta’kidlab o‘tadi. Xususan, Bog‘i Dilkusho, Bog‘i Bo‘ldu, Naqshi Jahon, Bog‘i Chanor, Bog‘i Shamol, Bog‘i Behisht kabi bog‘lar mazkur shaharga o‘zgacha ko‘rk, go‘zallik bag‘ishlab turganini zavq bilan tasvirlaydi. Uning o‘zi ham shu kabi obidalar, bog‘lar yaratishni maqsad qiladi, ammo bu orzusini Kobul va Hindistonda amalga oshirishga majbur bo‘ladi.
Bobur Samarqand tasvirida Ulug‘bek madrasalari va rasadxonasini batafsil keltiradi: “Temurbekning va Ulug‘bek Mirzoning imorati va bog‘oti Samarqand mahallotida ko‘pdur... Ulug‘bek Mirzoning imoratlaridin Samarqand qal’asining ichida madrasa va xonaqohdur. Xonaqohning gunbazi bisyor ulug‘ gunbazdur. Olamda oncha ulug‘ gunbaz yo‘q deb nishon berurlar”, tarzidagi ma’lumotlardan madrasa va xonaqohning ulug‘vorligini, uning gunbazi ham ancha muhtasham ekanini tasavvur qilish mumkin. Bobur Samarqandni qo‘lga kiritganidan so‘ng bu yerda Ulug‘bek Mirzo tomonidan bunyod etilgan inshootlarni, me’moriy obidalarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rishga musharraf bo‘ladi. Xususan, Ulug‘bek ilmiy salohiyatining nodir namunasi bo‘lgan rasadxonani ham diqqat bilan ko‘zdan kechiradi: “Pushtayi Ko‘hak domanasida rasaddurkim, zij bitmakning olatidur. Uch oshyonliqtur. Ulug‘bek Mirzo bu rasad bila “Ziji Ko‘ragoniy”ni bitibtur...”. Bu ma’lumotlardan muallifning Ulug‘bek shaxsiyatiga, uning ilmiy faoliyatiga alohida ehtirom bilan qaraganini ko‘rish mumkin. Boburning ushbu tarixiy faktlari yana shunisi bilan ham muhimki, sobiq sho‘rolar davrida Ulug‘bek rasadxonasi uning vafotidan keyin Xoja Ahror Vali topshirig‘i bilan buzib tashlangan degan soxta ideologiyaga munosib javob ham bo‘ladi. Sababi, Ulug‘bek vafotidan bir qancha vaqt o‘tib bu rasadxonani o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan, uni o‘sha davrda hali ham muhtasham inshoot ekanini tasvirlagan Boburning bu tarixiy ma’lumotlari juda qimmatli hisoblanadi.
Mirzo Ulug‘bek haqida fikr yuritar ekan, Bobur uning falakkiyot ilmida beqiyos iste’dod sohibi bo‘lganini, o‘z davrining ko‘plab astranomlaridan kuchli salohiyati bilan ajralib turganini aniq dalillar bilan asoslaydi. Tabiatan har narsaga qiziquvchan Boburning falakkiyot ilmidan ham yaxshigina xabardor bo‘lganini uning bu sohada yaratilgan asarlar haqida keltirgan ma’lumotlaridan ham anglash mumkin. Jumladan, “Ulug‘bek mirzo bu rasad bila “Ziji Ko‘ragoniy”ni bitibturkim, olamda holo bu zij musta’maldur. O‘zga zij bila kam amal qilurlar. Mundin burun “Ziji Elxoniy” masta’mal erdikim, Xoja Nosir Tusiy Halokuxon zamonida Marog‘ada rasad bog‘latibtur, Halokuxondurkim, Elxon ham derlar. Gʻolibo olamda yetti-sekkiz rasad besh bog‘lamaydurlar...” tarzida ma’lumot bergan Bobur falakiyot ilmida “Ziji Ma’muniy”, “Ziji Batlimus” hamda Hindistonda tuzilgan zijlar haqida fikr yuritadi va ulardan eng mukammali Ulug‘bek tomonidan bitilgan zij ekanini alohida ta’kidlab o‘tadi. Shu o‘rinda bir ma’lumotni ham keltirib o‘tish lozim, boburiylar sulolasidan Muhammadshohning topshirig‘i bilan hind astronomi Savay Jay Singh Ulug‘bek asari ta’sirida “Ziji Muhammadshohiy” kitobini yozadi.
Mirzo Ulug‘bekning ushbu asari muqaddima, trigonometrik, jo‘g‘rofiy, sayyoralar harakati, yulduzlar koordinatlari, ekliptikaning og‘ishi va shunga o‘xshash yuzdan ortiq jadvaldan iborat. Asar Ulug‘bekning shogirdi Ali Qushchi tomonidan Istanbulga olib ketilgan nusxasi orqali Yevropa davlatlariga tarqaladi, ko‘plab nashrlar, tarjimalarning yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi.
Umuman aytganda, Mirzo Ulug‘bek hukmronligi davrida ilm-fan, madaniyat, san’at Movarounnahrda o‘zining eng yuqori cho‘qqisiga yetdi, Samarqandning ilm-fan markazi sifatidagi dovrug‘i keng tarqaldi. U asos solgan madrasayi oliyalarda, nafaqat Movaraunnahrlik balki Xuroson, Eron, Afg‘oniston kabi ulkalardan ham ko‘plab tolibi ilmlar tahsil oladi, o‘z davrining eng mashhur mudarrislari dars berishdi. Ushbu madrasalarda ta’lim olgan ilmi toliblarning bir qanchasi, jumladan Ali Qushchi, Abdurahmon Jomiylar mudarris sifatida faoliyat yuritishgan, dunyo ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shishgan.
Isroil Sulaymonov,
Samarqand davlat universiteti
mumtoz adabiyot tarixi kafedrasi mudiri,
filologiya fanlari doktori