Shokolad foydali yoki zararli jihatlari to‘g‘risida bir necha yillardan buyon olimlar bahslashib kelishmoqda. Ba’zi bir olimlar shokoladning quyidagi foydali xususiyatlarini isbotlashgan:

  1. Shokolad o‘zida dofamin, serotonin va feniletilamin gormonlarini saqlashi sabab ham kayfiyatni ko‘tarish xususiyatiga ega;
  2. Shokolad mushaklarni kislorod bilan to‘yintiradi, natijada mashg‘ulotlardan keyin organizm darrov o‘zini tiklaydi;
  3. Agar muntazam ravishda qora shokolad (70% va undan yuqori kakao saqlovchi) qon tomirlari mustahkamlanib, yurak xastaliklarining oldi olinadi;
  4. Shuningdek, qora shokolad yomon xolesterindan xalos etib, insult xavfini kamaytiradi, aritmiya va yurak yetishmovchiligida ham foydali hisoblanadi;
  5. Shokolad diabetni bartaraf etishda ko‘maklashadi. Uning tarkibidagi antioksidantlar oshqozon osti bezi faoliyatini yaxshilaydi;
  6. Shokolad miya faoliyatini yaxshilaydi, Alsgeymer kasalligi rivojlanishini oldini oladi, xotirani mustahkamlab, diqqatni jamlashga yordam beradi;
  7. Shokolad ichak shamollashlarida ham yordam beradi,  jigarga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi;
  8. Shokolad immunitetni ko‘taradi, homilador ayollarga ham juda foydali hisoblanadi.

       Shokoladning zararli tomonlari

       Foydali tomoni bo‘lgan mahsulotning zarari ham bor degandek, shokoladning ham o‘ziga yarasha zararli xususiyatlari mavjud. Birinchi o‘rinda uning miqdori: shokoladni me’yoridan ortiq iste’mol qilish yaramaydi, aks holda bu qandli diabetga, yurak-tomir kasalliklariga, bosh og‘rig‘iga olib kelishi mumkin. Uni muntazam, ammo ko‘p bo‘lmagan miqdorda iste’mol qilish kerak.

       Uni qo‘llashga qarshi ko‘rsatmalar ham bisyor:

  1. Allergiyasi bor insonlarga undan ehtiyotkorlik bilan iste’mol qilish tavsiya qilinadi;
  2. Haddan ortiq og‘ir vazn egalariga ham shokoladdan iste’mol qilish tavsiya qilinmaydi;
  3. Tishlar sezuvchanligi oshganda shokoladdan voz keshich maqsadga muvofiq bo‘ladi;
  4. Buyraklar xastaligida ham shokolad miqdorini kamaytirish lozim;
  5. Migren kasalligi qo‘zg‘agan paytda ham shokoladdan iste’mol qilish yaramaydi

       Qaysi shokolad foydaliroq

       O‘zida 70% va undan ko‘proq kakao saqlovchi qora va achchiq shokoladlar eng foydali shokoladlar hisoblanadi.

       Sutli shokolad – eng ko‘p tarqalgan. Bunday shokolad o‘zida kam miqdorda kakaoni saqlashi sabab ham, antioksidantlar miqdori ham juda kam hisoblanadi.

       Bunday shokolad o‘zida ko‘p miqdorda shakarni saqlashi sabab ham, tish emali va qomatga zarar keltirishi mumkin.

       Oq shokoladni shokolad deb atash juda mushkul. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring: u shakar, sut, soya letsitini, aromatizatorlar va kakao yog‘idan tashkil topgan. Ba’zi bir ishlab chiqaruvchilar kakao yog‘i o‘rniga arzonroq yog‘lar, masalan, kokos yoki palma yog‘idan solishadi. Ularda ham shakar miqdori juda ko‘pdir.

       Bir kunda qanchagacha shokoladdan iste’mol qilish mumkin

       Bir kunda 40 grammgacha shokolad iste’mol qilish tavsiya qilinadi. Aynan shu miqdor organizmni kerakli vitamin va minerallar bilan to‘yintiradi.

       Shokoladni to‘g‘ri tanlash va saqlash

       Sifatli shokod xarid qilmoqchi bo‘lsangiz, unda quyidagilarga ahamiyat bering:

  1. Narxiga. Sifatli kakao kukuni va yog‘i solingan shokoladlar hech qachon arzon narxda sotilmaydi;
  2. Saqlash muddati. Iloji boricha saqlash muddati 6 oydan kam bo‘lgan shokoladlardan xarid qiling, chunki ularda konservantlar miqdori kamroq bo‘ladi.
  3. Shokolad xarid qilganda uning tashqi ko‘rinishi va ta’miga e’tibor bering:
  4. Shokolad usti yaltiroq bo‘lishi kerak. Ustidagi oq dog‘lar – shokolad noto‘g‘ri saqlanganda ichidan shokolad yuzasiga suzib chiqqan yog‘lardir, masalan shokolad erisa, uni darhol sovutgichga olib qo‘yilganda;
  5. Ustining xira rangga kirishi esa unga har xil soyali qo‘shimchalar qo‘shilganligidan dalolat beradi;
  6. Sifatli shokoladni chaynash shart emas, uning o‘zi og‘izda erib ketadi;
  7. Har xil qo‘shimchalar solingan shokoladlar tishga yopishib qoladi.
  8. Shokoladni folgaga o‘rab, 22 C darajadan oshmaydigan salqin va quruq joyda saqlash kerak bo‘ladi.

Manbaa: zira.uz